Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tashkent City’dagi O‘zsanoatqurilishbank bosh ofisi qurilishi BREEAM sertifikatlashtirishdan o‘tkazilmoqda

Tashkent City’dagi O‘zsanoatqurilishbank bosh ofisi qurilishi BREEAM sertifikatlashtirishdan o‘tkazilmoqda

Tashkent City xalqaro biznes markazida O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisini barpo etish uchun BREEAM sertifikatlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 2 avgustdagi «Respublika hududlarida «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, tuman va shahar markazlarining me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, ularning xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, asosiy turistik yo‘nalishlarda zamonaviy ob’yektlar qurish, shuningdek, respublika aholisi va mehmonlari uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida Tashkent City xalqaro biznes markazi barpo etilmoqda.

O‘zsanoatqurilishbank mamlakatimizning zamonaviy tarixidagi ushbu noyob loyihada ishtirok etishdan chetda qolmadi.

Hozirgi vaqtda Bank tomonidan poytaxtimizda bunyod etilayotgan yirik biznes markaz hududida muassasa bosh ofisini qurish ishlari olib borilmoqda. Loyiha rejasiga ko‘ra, balandligi 161 metr va maydoni 81 076 metrga teng 33 qavatli bino barpo etilmoqda.

Bankning o‘z faoliyatiga «Green banking» tamoyillarini joriy etish maqsadida ana shu mazmundagi strategiya doirasida yangi binoni BREEAM (Building Research Establishment Environmental Assessment Method) sertifikatlashtirishdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, BREEAM sertifikatlashtirish – bu Buyuk Britaniyaning BRE Global tashkiloti tomonidan binolarning ekologik samaradorligini baholash uchun ishlab chiqilgan yashil binolarni baholashga oid ixtiyoriy reyting hisoblanadi.

Binolar barpo etishning mazkur baholash usuli qurilish jarayonlaridagi barcha jihatlar, jumladan rejalashtirish, loyihalashtirish, qurilishni amalga oshirish va foydalanishga topshirish bosqichlarini qamrab olishi bilan ahamiyatlidir.

BREEAM sertifikatlashning asosiy afzalligi elektr energiya, suv kabi tabiiy resurslar hamda ekologik materiallarni samarali taqsimlashdan iborat bo‘lib, u bino xodimlari uchun ekologik barqaror va xavfsiz atrof-muhit hamda ofis makonini shakllantiradi.

BREEAM baholash usuli bilan sertifikatlangan binolar ijarachilar uchun bozorda nisbatan jozibador ko‘rinadi. Bu esa, qurilishning barcha bosqichlari yashil standartlarga qat’iy muvofiqlikda amalga oshirilganligiga kafolat beradi.

Bank tomonidan mazkur loyihani moliyalashtirish uchun joriy yilning iyun oyida tarkibida Credit Suisse (Shveysariya), Citibank (Buyuk Britaniya), Xitoy Eksimbanki va Raiffeisenbank (Avstriya) kabi yetakchi xorijiy banklar bo‘lgan konsorsiumi bilan kredit bitimi imzolandi.

Bitim Credit Suisse ko‘magida amalga oshirilib, u tuzilmaviy bank, tashkilotchi va agent sifatida ishtirok etdi. Citibank, Raiffeisenbank va Xitoy Eksimbanki bitimning tashkilotchilari sifatida qatnashdi.

Xitoyning Sinosure eksport-kredit sug‘urta korporatsiyasi tomonidan sug‘urtalash Bankka jozibador shartlarda moliyalashtirishni jalb qilish imkonini berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring