Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

20 yil o‘tib... Buxoroda 13 yoshli ona

20 yil o‘tib... Buxoroda 13 yoshli ona

Bunday xabar har qanday kishini sarosimaga solmay qo‘ymaydi. Og‘riqlisi, oradan 20 yil vaqt o‘tibdi. Lekin, sahifalardagi sarlavhalar o‘zgarmadi. Faqat raqamlar «yoshardi»: 15 emas, 13… Bu shunchaki statistika emas, bu - bolalikning barvaqt yakunlanishi...

2005-yilda «Turkiston» (hozirgi «Yoshlar ovozi») gazetasi muxbiri vazifasida ishlardim. Gazeta sonlaridan birida «15 yoshli ona» sarlavhasi ostida yoritilgan maqola shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ushbu maqola qattiq qarama-qarshiliklar bilan qarshilandi. Maqola e’lon qilinishi hamona bosh muharrir ayrim buxorolik mansabdorlarning turli bosimli qo‘ng‘iroqlari qurshovida qoldi. Biroq, manbaaning to‘g‘riligi, prokuratura tergovchisi taqdim etgan asosli ma’lumot bunday qo‘ng‘iroqlarning haqiqatan ham bosim ekanini oshkor qilib qo‘ydi. Shunda o‘z davridagi viloyat rahbari tomonidan «xotin-qizlar qo‘mitasi» oyoqqa turg‘azilib, o‘smir qizlarning har biri uchun javobgar va mas’ul bo‘lishi qat’iy talab ostiga qo‘yilgan edi.

Bugun negadir, «Turkiston»ning o‘tgan yillar sahifalarini shunchaki varaqladim. «15 yoshli ona» sarlavhali maqolaga ko‘zim tushib, beixtiyor shu voqealar ko‘z oldimdan o‘tib turgandi. Maqolaga ko‘ra, shofirkonlik 15 yoshli qiz qonuniy nikohdan o‘tmay turib, 23 yoshli yigitga turmushga chiqqan. Hali na jismonan, na ma’nan onalikka tayyor bo‘lmagan qiz 16 yoshida farzand ko‘rgandan keyingina «FXDYo» uni qonuniy nikohdan o‘tkazgan. Holatga esa mahalla-ko‘y, xotin-qizlar kengashlari tomoshabin bo‘lib turavergan.

20 yil avvalgi voqealarni bir-bir xayoldan o‘tkazib turganimda, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. «G‘ijduvon tumanidan 13 yoshli qiz ona bo‘libdi. Hali tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bola qizning o‘gay otasidan emish...»

Manbaaga yanayam oydinlik kiritish uchun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili bilan bog‘landik. Vakil bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilar ekan, holat o‘tgan yil sodir etilganini, voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka oid dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini, hech bir jinoyat jazosiz qoldirilmasligini bildirdi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning bildirishichaso‘ziga ko‘ra, Buxoro viloyatida voyaga yetmagan qizga jinsiy zo‘ravonlik sodir etilishi holati bo‘yicha 2025 yilning noyabr oyida Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Uning aytishicha, DNK testi (genetik test) o‘tkazilib, otalikni isbotlash va sud-tibbiy ekspertizasi qo‘llaniladi. Va DNK testi natijalariga ko‘ra, aybdor qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi.

Ayni paytda, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs esa protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli tartibda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Asli g‘ijduvonlik bo‘lgan, 2013 yilda tug‘ilgan M.R. joriy yilning 23 fevralida Respublika ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialiga qabul qilingan. Tug‘ruq natijasida M.R. vazni 2900 gramm bo‘lgan o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Bizni esa, aynan, shu - 13 yoshli «ona» va uning dunyoga kelgan bolasining salomatligi tashvishlantirardi. Shu yuzasidan Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyevga murojaat qildik.

«Bolaning ham, onaning ham salomatligi nazoratda. Shifokorlar qarayapti. Ahvoli yaxshi. Barcha sharoitlar yaratib berilgan. Jinoyat bilan bog‘liq masalalar tergov organlari tomonidan amalga oshiriladi. Biz, tibbiyot xodimlarining vazifasimiz esa har qanday vaziyatda ham inson salomatligini saqlash bo‘yicha mas’uliyat bilan yondoshish. Uning kelib chiqishi yoki boshqa jihatlariga e’tibor bermaymiz. Biz yosh ona-bola hayotini saqlab qoldik, biz uchun shunisi muhim. Chunki, bu yoshda ular hayotini saqlab qolish juda qaltis va nozik»,-dedi Elyor Oltiyev.

***

13 yoshli ona... O‘zi hali qo‘g‘irchoq yoshidan chiqmagan. Hali orzu-havaslari, maktab daftari, sinfdoshlari bilan bolalik sho‘xligi bo‘lishi kerak edi. Ammo, u ona bo‘ldi. Qanday sharoitda, qanday og‘riqlarda va qanday ruhiy iztiroblarda... javobdan ko‘ra, savollar og‘irroq.

To‘g‘ri, shifokorlar ona va bola hayotini qiyin vaziyatlarda, soniyalarda saqlab qolishgan. Bu juda katta jasorat.

Ammo, jamiyatning beparvoligi yana bir 13 yoshli bolaning bolaligini saqlab qola olmadi. Tergov o‘z ishini qiladi. Qonun ishlaydi. Jinoyatchi jazosini oladi. Ammo, mahalla-ko‘y, oilasi, atrofdagilar, qo‘ni-qo‘shnilar, maktab... Bir bolaning taqdirini saqlab qolish uchun nega e’tiborsizlik qilishgan?

O‘ziga o‘zi suyana olmaydigan yoshda qo‘lida go‘dagi bor go‘dakni yana qanday sinovlar kutmoqda? Bu yerda gap faqat bitta 13 yoshli qiz haqida emas, bolalik haqida. Bolalarining bolaligini asray olmagan jamiyat ularning kelajagini qanday asraydi? Shuning uchun bu voqea faqat bir hudud yoki bir oilaning dardi emas. Bu barchamizning dardimiz. Bolalikni asrashga qodir bo‘lgan jamiyatgina o‘z kelajagini mustahkam qila oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring