Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

5-may — nogironlarning huquqlarini himoya qilish kuni

5-may — nogironlarning huquqlarini himoya qilish kuni

1992-yilning 5-mayida Yevropadagi 17 ta mamlakatda bir vaqtning o‘zida imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlarining huquqlari ta’minlanishini va kamsitilishlarga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilib chiqdilar. Shu tariqa har yili 5 mayda nogironlarning huquqlarini himoya qilish kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bu kunni 3-dekabrda nishonlanadigan Xalqaro nogironlar kuni bilan adashtirib qo‘ymaslik kerak. Sana munosabati bilan bir qator mamlakatlarda «Nogiron – jamiyatning teng huquqli a’zosi» deb nomlangan anjumanlar va xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan kishilar duch kelayotgan muammolarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratishdir. Tahlilchilar fikricha, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda nogironlarning huquqlariga amal qilinmaydi. Imkoniyati cheklangan kishilarning ishga joylashishi, ta’lim olishi bilan bog‘liq muammolar nafaqat qashshoq mamlakatlarda, balki iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilmoqda.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 1 milliarddan ortiq imkoniyati cheklangan fuqaro istiqomat qiladi. Bu dunyo aholisining 15 foizi demakdir. Ularning 100 millionini bolalar tashkil qiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, aholining keksayib borayotgani va surunkali kasalliklarning ortayotgani ham nogironlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

2006-yilning 13-dekabrida Nyu-Yorkda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani imzolash jarayoni boshlandi. XXI asrdagi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan birinchi shartnoma deb tan olingan mazkur hujjat 50 ta davlat tomonidan imzolangach, 2008-yilning 3-may kuni kuchga kirdi. Ayni damda Konvensiyani 158 ta davlat imzolagan va 147 tasi ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiyada imkoniyati cheklangan insonlar muruvvat ko‘rsatiladigan ob’yekt emas, balki huquq va erkinliklarga ega, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda jamiyat hamda davlatni rivojlantirishning teng huquqli ishtirokchilari hisoblangan shaxslar ekani e’tirof etilgan.

Ushbu hujjatning ratifikatsiya qilinishi imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.

Bugungi kunda atigi 45 mamlakatdagina imkoniyati cheklangan shaxslarning kamsitilishiga qarshi qonun qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya»sini imzolagan. Mamlakatimizda nogironlarning barcha huquq va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam huquqiy asoslari ham yaratilgan. 2008-yilda mamlakat parlamenti yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilganligi, 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011–2015-yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi va ular ijrosi sobitqadamlik bilan ta’minlanayotganligi – buning yaqqol dalolatidir.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring