Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

66 kunda 66 shaharni zabt etishni ko‘zlagan mototsiklchilar Toshkentda!

66 kunda 66 shaharni zabt etishni ko‘zlagan mototsiklchilar Toshkentda!

Yevropadan boshlangan sayohat Osiyoda yakunlanadi.

Bugun, 24 iyul kuni Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida malayziyalik jahongashta mototsiklchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 6 kishidan iborat guruh Malayziya mustaqilligining 66 yilligi munosabati bilan dunyo bo‘ylab 66 kunlik sayohatga chiqqan.

Orif Kulol boshligidagi mototsiklchilarning mashaqqatli safari joriy  yil 20 iyun kuni London shahridan boshlangan. Yo‘lchilik aynan Buyuk Britaniya poytaxtidan boshlangani bejiz emas. Zero, 1957 yili Malayziyaning ilk bosh vaziri va davlat mustaqilligi asoschilaridan biri Abdul Rahmon Putra Al-Haj Londondan Malayziyaga Mustaqillik deklaratsiyasini keltirgan edi.

«Biz 66 kun davomida 66 shahar va 18 mamlakat hududi orqali umumiy  hisobda 22 ming kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tishni rejalashtirganmiz. 31 avgust – Malayziya mustaqilligi kuni Putrajayada bo‘lib o‘tadigan bayram paradiga yetib borishimiz kerak. Mototsiklda Buyuk Britaniyadan Malayziyaga qadar olis safar chiqishdan ko‘zlangan maqsad – bugungi yosh avlodga mustaqillikka erishish va uni asrash qanchalar mushkul vazifa ekanini ko‘rsatish, eslatishdan iboratdir», – deydi guruh rahbari Orif Kulol «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Jahongashta mototsiklchilar Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilhom Tuah Ilyos bilan. Foto: Xabar.uz

Sayyohlar O‘zbekistonga Turkmaniston orqali kirib, Samarqand va Toshkentdagi tarixiy maskanlarni ziyorat qilishdi.

Ikki oy davomida muttasil «ot ustida» bo‘lish oson emas, albatta. Shunga ko‘ra ekspeditsiya uchun yuzlab nomzodlar orasidan jismoniy va ruhiy jihatdan baquvvat mototsiklchilar tanlab olingan. Ishtirokchilar ekspeditsiyaga qadar maxsus tayyorgarlikdan ham o‘tgan.

«Ekspeditsiya suverenitetni saqlashda birdamlik ruhini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilmoqda. Qolaversa, u Malayziyadagi sayyohlik yo‘nalishlarini ham dunyoga targ‘ib qiladi. Mototsiklchilar guruhi Buyuk ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston shaharlarini ham ziyorat qilmoqdalar. Demak, mazkur ekspeditsiya O‘zbekistonning sayyohlik maskanlarini tanitishga ham xizmat qiladi. Pirovard maqsadimiz esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashdan iboratdir», – deydi Malayziyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Ilhom Tuah Ilyos.

Mototsiklchilar Malayziya qirolining oq fotihasi va ramziy bayroq bilan yo‘lga chiqqan.

Orif Kulol boshligidagi ekspeditsiya maqsadlari Malayziya hukumatining farovon, plyuralistik jamiyat barpo etish bo‘yicha sa’y-harakatlariga ham hamohangdir. Qolaversa, bu orqali malayziyaliklarning o‘ziga xosligi va har qanday to‘siqlarni yengib o‘tishga bo‘lgan mustahkam ishonchini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring