Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Afsonalar vodiysida 7 tonnalik doshqozonda sumalak tayyorlandi

Afsonalar vodiysida 7 tonnalik doshqozonda sumalak tayyorlandi

Foto: «Uza.uz»

Namanganning Afsonalar vodiysida 7 tonnalik doshqozonda qaynagan Navro‘z taomi sumalak erta tongda tayyor bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bog‘da bayram shukuhi hukmron. Butun vodiy shu yerda jam bo‘lgan. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridan, qo‘shni respublikalardan mehmonlar tashrif buyurgan. 

Teatr jamoalari, folklor ansambllar, turli badiiy jamoalar, dorbozlarning chiqishlari ayyomga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda. Chor-atrofda bolalar varrak uchirgan, boshqa tomonda xalq o‘yinlari, turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Quvalik dizayner-ateler Xolida To‘rayeva 10 nafar shogirdi bilan milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasida qatnashmoqda.

– Bayram tantanasida tashkil etilgan ko‘rgazmada shogirdlarim bilan tayyorlagan milliy liboslarimizni namoyish etyapmiz, – deydi Xolida To‘rayeva. – Barchaning kayfiyati chog‘, sayl ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. 

Namangan shahrining Bunyodkor mahallasidagi bunyodkorlik ishlarida ko‘mak berayotgan G‘urumsaroydagi harbiy qismning 75 nafar askar va zobitlari ham shu yerda. Ular bayramni munosib nishonlashlari uchun barcha sharoit yaratib berildi. 

Bayram doirasida 10 nafar kam ta’minlangan oila farzandlarining xatna to‘yi o‘tkazildi. Bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan velosiped, sovg‘a-salomlar tuhfa etildi.

Tantananing asosiy taomi – 20 nafar kayvoni onaxon tomonidan tayyorlangan 6 tonna 200 kilogrammlik sumalak bog‘ga tashrif buyurgan mehmonlarga, Mehribonlik va Saxovat uylariga  tarqatildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring