Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng katta boylik — sog‘lik. Prezident borib ko‘rgan ilmiy markaz haqida

Eng katta boylik — sog‘lik. Prezident borib ko‘rgan ilmiy markaz haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

Inson uchun eng katta boylik — sog‘lik. U faqat sog‘ bo‘lgandagina baxt ta’mini to‘liq tatishi mumkin. Shuning uchun ham ko‘plab yurtdoshlarimiz dardiga shifo izlab uzoq-yaqin o‘lkalarga yo‘l olishadi. Bunday vaqtda ko‘zga hech narsa ko‘rinmay qoladi — uy-joy, mol-dunyo...

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardioxirurgiya, transplantologiya va neyro-qon tomir xirurgiyasi bo‘limlari uchun yangi bino qurishdan maqsad — mana shunday yurtdoshlarimiz dardiga malham bo‘lishdir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu inshoot qurilishi bilan tanishgani xabar qilingan edi. Xabar.uz muxbiri ilmiy markazning yangi bo‘limlari qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishini o‘rganib chiqdi.

Butun dunyo bo‘ylab yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etayotganlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Yangi qurilayotgan bo‘limlar eng yetakchi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi va yiliga 3000 nafar bemorga yuqori texnologik shifo choralarini ko‘rsatish imkonini beradi.

Besh qavatli binoda har biri 25 o‘rinli uchta bo‘lim — kardioxirurgiya, neyro-qon va transplantologiya bo‘limlari tashkil etiladi. Bundan tashqari 6 ta zamonaviy amaliyot xonalari, 14 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi va 12 ta intensiv davolash o‘rni tashkil etiladi. Natijada yurtimizda noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish imkoniyati oshadi.

Yuqori texnologik uskunalarga ega tashxislash bo‘limi esa bir qator kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi. Yangi bo‘limlar ishga tushgach quyidagi natijalar kutilmoqda:

- kardioxirurgiya bo‘limida yiliga 700 dan ortiq ko‘tariluvchi aorta va yurak klapanlarni protezlash, ko‘p tomirli aorto-koronar shuntlash operatsiyalari amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi (hozirgi sharoitda 400 ziyod amaliyot bajariladi);

- transplantologiya bo‘limida yiliga 300 dan ziyod buyrak va jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari bajaralishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi (hozirgi vaqtda yiliga 100 ta amaliyot bajariladi);

- neyro-qon tomir xirurgiyasi bo‘limida bosh miyaning qon tomir nuqsonlarini xirurgik davolash natijasida yiliga 200 dan ziyod chuqur nogironlikka mahkum bo‘lgan bemorlarga noyob amaliyotlar o‘tkaziladi (hozirgi vaqtgacha 50 ta amaliyot bajarilgan);

- intervension muolajalar bo‘limida har yili qo‘shimcha 1000 dan ziyod o‘tkir koronar sindrom, bosh miyaning qon aylanishining o‘tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash muolajalari o‘tkaziladi.

Yurtimizda o‘tkaziladigan har bitta qo‘shimcha amaliyot kimgadir bebaho bo‘lgan boyligi — sog‘ligini qaytarib beradi. Ammo birgina bino qurib, uni jihozlagan bilan bemorlar tuzalib qolmaydi. Buning uchun kuchli mutaxassislar kerak bo‘ladi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi rahbariyati allaqachon bu borada ish boshlab yuborgan. Unga ko‘ra:

- Kardioxirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha Avstriyaning Vena shahridagi AKH Wien klinikasida 6 nafar mutaxassis o‘qitilgan;

- Transplantologiya yo‘nalishi bo‘yicha Turkiyaning Anqara shahridagi Bashkent Universiteti hamda Malatya shahridagi Inonyu Universitetida 22 nafar mutaxassis o‘qitilgan;

- Neyro-qon tomir xirurgiyasi yo‘nalishi bo‘yicha Yaponiyaning Axasikava Universiteti klinikasi hamda Finlyandiyaning Xelsinki Universiteti klinkasida 6 nafar mutaxassis o‘qitilgan.

— Bemorlar uchun eng azoblisi — yo‘l. Uzoq hududlardagi kasallarga masofadan tashxis qo‘yish va davolashni tashkil etib, xalqimizni shu qiyinchilikdan xalos qilish kerak, — degan edi Shavkat Mirziyoyev. Yangi bino bemorlarni mana shunday azobdan halos etish uchun qurilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xodimlari barcha yurtdoshlarimizga sog‘lik-salomatlik tilaydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring