Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat G‘aniyev Vodilda sayyor qabul o‘tkazdi

Shuhrat G‘aniyev Vodilda sayyor qabul o‘tkazdi

Foto: Xalq bilan muloqot

Farg‘ona tumani, Vodil qishlog‘ida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi. Sayyor qabulda sektor rahbarlari, O‘zbekiston Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri hamda tuman hokimlari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida Oltiariq, Qo‘shtepa, Yozyovon, Toshloq, Quva, Farg‘ona, So‘x tumanlari hamda Marg‘ilon, Quvasoy, Farg‘ona shaharlari fuqarolarining murojaatlari o‘rganildi.

300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan qabul davomida ishga joylashish, yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr simyog‘ochlar o‘rnatish va eskirgan transformatorlarni almashtirish, imtiyozli kredit olish, suyultirilgan gaz ballonlari ajratilishi, sog‘liqni saqlash va nogironlik aravachalari bilan ta’minlash, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga oid 200 ga yaqin murojaat qabul qilingan.

Foto: Xalq bilan muloqot

Jumladan, Farg‘ona tumani, Oqbilol qishlog‘ida yashovchi 83 yoshli Foziljon Hilolov ko‘zi ojiz umr yo‘ldoshi uchun nogironlik aravachasi so‘rab murojaat qildi. Shu yerning o‘zida unga aravacha va moddiy yordam berilgan.

Farg‘ona shahri, Qirguli mavzesi, Farg‘ona ko‘chasidagi kvartirada vaqtincha istiqomat qiluvchi Shokirjon Qosimov oilasi uy-joyga muhtojligi uchun yordam so‘rab hokim qabuliga kelgan. Quvasoy shahar hokimligi tomonidan mazkur murojaat o‘rganilib, Qosimovlar oilasiga 1 xonali uy ajratildi. Uy tez orada zarur anjomlar bilan jihozlab beriladigan bo‘ldi.

Farg‘ona tumani «Oqtosh» MFY raisi Sodiqjon Mirzayev mahalla yo‘lini kapital ta’mirlash hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralari o‘tgan qabristonni ziyorat qilishdagi qiyinchiliklar masalasini ko‘tardi.

Qabul doirasida tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil qilindi. Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, hunarmandchilik mahsulotlari va kitob ko‘rgazmalari o‘tkazildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring