Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Go‘daklar haqqini tuya qilayotgan «bog‘cha opa»lar yoxud Buxoro shahridagi bog‘chada nima gap?

Go‘daklar haqqini tuya qilayotgan «bog‘cha opa»lar  yoxud Buxoro shahridagi bog‘chada nima gap?

Ijtimoiy tarmoqlarda  «Bog‘chalarning birida bolalar haqqini o‘g‘irlayotgan «kalamushlar»ni ushlashibdi» sarlavhasi ostida videotasvir tarqalgan. Videotasvirda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining biridan bir nechta xodimalarning o‘z shaxsiy sumkalarida go‘sht, tuxum, yog‘, limon va makaron kabi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlab olib chiqib ketishayotganda, qo‘lga tushishgani aks etgan.

Olib borilgan jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, Buxoro viloyatidagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchilik hamda noqonuniy hatti-harakatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish maqsadida o‘rganuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu nuqtayi-nazardan, joriy yilning 24-yanvar kuni viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh Buxoro shahridagi 71-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga borishgan.  Ushbu ta’lim tashkilotida bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish holati o‘rganilgan.

O‘rganuv paytida oshpazlarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan shkaf hamda tashkilotning bo‘sh turgan xonasida yashirib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bir nechta oshpazlar o‘z shaxsiy sumkasida bolalar haqiga tegishli oziq-ovqat mahsulotlarini yashirincha olib chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishgan bo‘lgan. Sumkalardan go‘sht, tuxum, yog‘, limon va makaron kabi oziq-ovqat mahsulotlari chiqqan. Bundan tashqari, Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tushlik vaqtida tarbiyalanuvchilarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kilogramm pishirilgan go‘sht va 4 kilogramm baliq mahsuloti oshpazlar yuvinish xonasidagi vannada yashirib qo‘yilgani aniqlangan.  Shuningdek, taomnomada tushlik uchun ajratilgan 75 kilogramm o‘rniga, atigi 20 kilogramm baliq mahsuloti tayyorlanayotgani ma’lum bo‘lgan.

Holatni yuzaga keltirgan sabablar o‘rganilgan hamda o‘z vazifasini suiste’mol qilgan ta’lim tashkilotining xodimlari, jumladan, xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri H.M., bosh oshpaz Sh.M., oshpaz Z.X., hamshira R.A.va metodist N.O‘.lar bilan 14 kalendar kunlik ogohlantirish muddatini qisqartirgan holda joriy yilning 24-yanvar kunidan boshlab, tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan

Bildirilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi aynan holat sodir bo‘lgan kunda mehnat ta’tilida bo‘lgan.

«71-DMTT direktori 2022-yil 1-dekabrdan 2023-yil 1-dekabrgacha bo‘lgan ish davri uchun 42 kalendar kunidan iborat navbatdagi mehnat ta’tilini 2023-yilning 28 dekabrida olgan. Haqiqatan ham u mehnat ta’tilida edi.  Bu davrda uning vazifasi tashkilot metodisti N.O‘.ga yuklatilgan. Savol tug‘ilishi mumkin: go‘daklar haqiga xiyonat ikki nafar oshpaz tomonidan sodir etilgan, nega besh kishi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayapti? Chunki, metodist vaqtincha o‘z zimmasiga yuklatilgan direktor vazifasini nazorat qilmagan, xo‘jalik ishlari mudiri javobgarligidagi mahsulotlar chiqqan, hamshira esa taomnoma uchun mas’uliyatni bajarmagan»,-dedi boshqarma boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Hidoyat Jumayeva. 

Haqiqatan ham tashkilot direktori 2023-yilning 29-dekabr kuni Buxoro shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘ining 1300-2-42-XT/2023-sonli buyrug‘i bilan mehnat ta’tiliga chiqarilgan. Biroq, 71-DMTT direktori tomonidan 24-yanvar kunidagi Taomnoma ta’tilda bo‘lgan davriga qaramasdan, o‘zi tomonidan tasdiqlangan.

Jurnalistik surishtiruv davomida 71-DMTT direktori N.B. ushbu taomnomaga ismi familiyasini vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi mudira o‘zi bilmagan holda yozganini bildirdi. Shuningdek, direktorning «Xabar.uz» muxbiriga bildirishicha, Boshqarma axborot xizmati tomonidan yoritilgan xabarda noto‘g‘ri ma’lumotlar qayd etilgan.

«O‘rganish yuzasidan chiqarilgan xabarda: «Taomnomada tushlik uchun ajratilgan 75 kilogramm o‘rniga, atigi 20 kilogramm baliq mahsuloti tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi», deb qayd etilgan. Mantiqan o‘ylab ko‘ring, bizning ta’lim tashkilotimizda hozirda 387 nafar bola tarbiyalanadi. 24 yanvar kuni esa 330 nafar bola kelgan. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarni xavfsiz va sifatli ovqatlanishni tashkil etishga oid gigiyenik talablarning (SAMPIN) 2-ilovasiga muvofiq, 4-7 yoshli bolalarni umumiy turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanish normalari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, bir kunda bitta bolaga 0,23 gramm baliq mahsuloti me’yor etib belgilangan. Maktabgacha ta’lim tashkilotining o‘sha kungi taomnomasiga ko‘ra, 7,5 kilogramm baliq mahsuloti yetkazib berilgan va bu taomnomada ham qayd qilingan. Shu yerda aytishim o‘rinliki, baliq mahsuloti kotlet ko‘rinishida bo‘lgan. Biroq, axborot xizmati xabarida 10 baravardan ortiq baliq mahsulot qo‘shib, noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Buni qanday tushunish mumkin? Kerakli hujjatlarni taqdim etaman»-dedi N.B.

Boshqarma axborot xizmatining bildirishicha esa xabar xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir H.M. tomonidan yozilgan Tushuntirish xatiga ko‘ra, e’lon qilingan. Haqiqatan ham H.M. o‘rganish davomida yozgan o‘z tushuntirish xatida 24-yanvar kuni Taomnomada 75 kilogramm baliq mahsuloti yozilganini, pishirilmagan baliq mahsuloti o‘lchovdan o‘tkazilganda, 20 kilogramm chiqqanini, ya’ni taomnomada yozilganidan 55 kilogramm baliq mahsuloti kamligi aniqlanganini yozgan.

Ta’lim tashkiloti direktori N.B. esa oziq-ovqat mahsulotlarini  yashirin ravishda o‘g‘irlab, bolalar haqiga xiyonat qilgan shaxslarga nisbatan esa qonuniy choralar ko‘rilishiga qarshi emasligini bildirdi.

Ayni paytda mazkur holatga qonuniy baho berish bo‘yicha Buxoro shahar prokuraturasi  tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring