Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Imkoniyati cheklangan insonlarni boshqa imkoniyatlardan chetlashtirmang, iltimos!

Imkoniyati cheklangan insonlarni boshqa imkoniyatlardan chetlashtirmang, iltimos!

Yaqinda, ya’ni 19-may kuni telefonimga SMS keldi, unda bunday deb yozilgan: «Assalomu alaykum! Bugun soat 20:00 da «Yoshlar» kanalini ko‘ring, karlar muammolarini ko‘rsatadi». Begona raqamdan kelgani uchun: «Rahmat. Kim bu?», — deb javob yozdim. Keyin bilishimcha u surdo tarjimoni Gulnora Mahkamova ekan. Ertasi kuni «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida bir do‘stim o‘z sahifasiga ilova qilgan O‘zA saytidagi «Jamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan odamlar» sarlavhali maqolaga ko‘zim tushdi, ushbu maqolada kechagina «Yoshlar» kanalida ko‘rsatilgan muammolar haqida batafsil yozilgan, uni quyidagi link orqali erinmasdan o‘qishingizni tavsiya qilaman.

Yuqoridagi maqolada karlar jamiyatiga tegishli yotoqxona e’tibortalabligi, sharoit yo‘qligi va umuman kapital ta’mirga juda muhtojligi yoritilgan. Bundan tashqari, karlar jamiyati a’zolari e’tibordan chetda qolayotgani, bunga mas’ullar ko‘zbo‘yamachilik qilayotgani achinarli. Bu mavzuni ko‘targan ko‘rsatuv ijodkorlariga va maqolaga bosh-qosh bo‘lgan O‘zA muxbiri Sayyora Shoyevaga O‘zbekiston karlar jamiyati nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Odatda tanqidni xush ko‘rmayman. Oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqda berilayotgan tanqidiy postlar va ayrim blogerlarning haqiqat uchun kurashayotgani bir qancha muhim muammolarning hal qilinishida katta rol o‘ynab kelmoqda. Haqiqatni aytay, karlar jamiyati a’zosi sifatida jamiyatimizdagi muammolarga ko‘z yumib o‘tolmayman. Rostini aytadigan bo‘lsam, karlar jamiyatida dolzarb muammolar mustaqillik yillaridan buyon o‘z yechimini topayotgani yo‘q. Aslida bunday insonlarning ta’lim-tarbiyasidan tortib, ijtimoiy hayotigacha bo‘lgan yo‘lini yangilash davri kelgan. Bundan tashqari, ayrim «noinsof» odamlarning kamsitishlari ham uchrab turadi. Biz rivojlanishni istar ekanmiz, jamiyatimizning barcha jabhasiga alohida e’tibor berishimiz lozim.

Muammolar qachon hal qilinadi?

Ishim dizayn va vyorstkaga aloqador bo‘lgani uchun jurnalistlar bilan matbuot qozonida qaynadim. Faqat dizaynerlik bilan shug‘ullanmasdan, ulardan jurnalistika sirlarini o‘rganishga harakat qildim va o‘rganishda davom etmoqdaman. 2010-yildan matbuotimizda kamdan-kam chop etiladigan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar mavzusida maqolalar yozib turaman. Har yili qishning ilk kunlari, ya’ni 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan karlar jamiyatining faol a’zolari, jumladan, ta’lim, madaniyat, sportda muvaffaqiyatga erishgan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar haqida matbuotda maqolalar e’lon qilaman.

2014-yili maqolaga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston karlar terma jamoasi futbolchisi va sardori Hakim Ahmedov haqida ma’lumot olish uchun poytaxtimizning Chuqursoy mavzesida joylashgan karlar sport majmuasiga yo‘l oldim. Bolaligimda maktabdan ushbu sport majmuasidagi futbol mashg‘ulotlariga qatnar edim. Sport majmuasi ancha yillardan beri ta’mirlanmagani, sovuqligi, mashg‘ulotdan keyin yuvinish xonasiga umuman kirib bo‘lmasligini ko‘rib, hafsalam pir bo‘ldi. Nahotki shuncha yildan beri imkoniyati cheklanganlarga e’tiborsiz qaralayotgan bo‘lsa?.. Bolalik davrimda ushbu majmuada sportning kurash, voleybol, futbol, stol tennisi, shaxmat, shashka va boshqa turlariga jamiyatimiz a’zolari faol qatnashib, tez-tez musobaqalar o‘tkazib turilardi. Afsuski, ayni damda faqat futbol va shaxmat mashg‘ulotlari o‘tkazilayapti, xolos.

Hakim Ahmedov mashg‘ulot o‘tkaziladigan sport majmuasi qo‘rqinchli ahvolda ekanini aytarkan, «Shuncha harakat va yutug‘imizga qaramasdan, hech kim so‘ramaydi ham, e’tibor ham bermaydi», — dedi afsuslanib. Atrofimni yosh futbolchilar o‘rab, «Gazetaga mana shu mavzuda yozsangiz bo‘lmaydimi? Bu yerda mashg‘ulot o‘tkazib bo‘lmaydi. Ayrim paytlar katta musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘z hisobimizdan pul yig‘ib boshqa, sharoiti yaxshi bo‘lgan sport kompleksida shug‘ullanamiz», — deyishdi. Ularga achinib, «Bunday maqola yozsam qaysi nashrga beraman? Muammoli maqolani hech kim chiqarishni istamaydi», — deb tushuntiraman. O‘shanda tanqidni chetlab, faqat yaxshi taraflarini yozishga majbur bo‘ldim.

2016-yili ijtimoiy tarmoqda Prezidentning virtual qabulxonasi ochilganidan quvongandim, chunki bu korrupsiya va ko‘zbo‘yamachilikning oldini olishning asosiy qurollaridan biri edi. O‘sha paytlar AQShda o‘quv kurslarida edim, xursandligimdan ertasi kuni bu yangilikni ustozim Yakov Shifringa aytganimda, u kishi: «Bu yaxshi yangilik, moliyaviy tarafdan qiynalayapsan, mana iroqlik guruhdoshingga qara, Iroq iqtisodiyoti sizlarnikidan tang ahvolda bo‘lishiga qaramay, homiy bor. Endi o‘quv kurslari va o‘qishga kirish istaging jiddiyligi, kelajakdagi rejalaring to‘g‘risida xat bilan murojaat qilsang bo‘ladi, yordam berishar», — dedi. Chunki u kishi Ukrainaning Kiyev shahridan ko‘chib, 25 yildan ortiq vaqt Amerikada yashab kelmoqda. Sobiq ittifoq mamlakatlarida korrupsiya qanday ildiz otganini yaxshi biladi.

Men yaxshi umidlar bilan Prezident virtual qabulxonasiga xat yozdim. Ammo ustozim aytganiday o‘zimning rejalarim, yordamga muhtojligim haqida emas, bir necha yildan beri e’tiborsiz qolgan O‘zbekiston karlar jamiyatidagi inqiroz, ya’ni o‘sha futbolchilarning dardi, sport majmuasining ahvoli haqida yozdim. Bir o‘zimning muammomdan ko‘ra kelajakka umid bilan qarayotgan minglab yoshlarning muammosini hal qilish yaxshi emasmi?

Bir necha oydan keyin uyimga o‘sha paytdagi Madaniyat va sport ishlari vazirligidan xat kelganini uydagilar xabar qilishdi. Safarda bo‘lganim uchun xatni ochib, rasmini yuborisharkan, o‘qib hafsalam pir bo‘ldi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari M.Aliyev imzosi bilan shunday deyiladi: (xatning oxirgi qatorlari yozilmoqda, originali ilova qilinmoqda) «...vazirlikning budjet mablag‘lari smetasida karlar madaniyat va sport markazlarini ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish nazarda tutilmaganligi sababli ushbu masala yuzasidan hududiy hokimlikka murojaat qilinishi maqsadga muvofiqligini ma’lum qilamiz».

Axir men xatni virtual qabulxonaga yozganman, Madaniyat va sport ishlari vazirligiga emas. Virtual qabulxona kim va qaysi tashkilotga jo‘natishni yaxshi biladi. Yoki men ulardan o‘zim uchun yordam so‘ramadim-ku! Shu sabab menga uyoqqa murojaat qil, buyoqqa murojaat qil deb koptok kabi tepayotgandek tuyuldi. Virtual qabulxonaga yuborilayotgan xatlardagi ayrim muammolar ijobiy hal qilinayotgan bo‘lsa ham, qayta yozgan xatimni jo‘natmay qo‘ydim... Chunki umidni uzdim.

Hech kimga kerak bo‘lmagan chempionlar

Mashhur bokschi Muhammad Ali (Kassius Kley, 1942–2016) 1960-yili Rimda o‘tkazilgan olimpiadada Amerika bayrog‘i ostida harakat qilib, oltin medal bilan qaytadi. O‘sha paytlar AQShda qora tanlilar kamsitilib kelinardi, qahvaxonalardan biriga kirgan Muhammad Aliga xodimlar xizmat qilishdan bosh tortishadi. Jahli chiqqan Muhammad Ali olimpiadada qo‘lga kiritgan oltin medalini Ohayo daryosiga uloqtiradi. Uyga kelib onasiga: «Mening olgan oltinim hech narsani anglatmaydi. Farishtalar ham oq bo‘lgani uchun bizni jannatga ham kiritmasa kerak?!», — deb xafa bo‘ladi. O‘sha paytlar qora tanlilar shunday kurashishganki, ayni damda AQShda hamma teng huquqqa ega bo‘lib yashamoqda.

Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yili 26-noyabrdan 3-dekabrgacha Tayland poytaxti Bangkok shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan eshitishida nuqsoni bo‘lganlar o‘rtasida futzal bo‘yicha birinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, oliy probali «metall»ni qo‘lga kiritdi. Musobaqada O‘zbekiston bayrog‘i yuqori ko‘tarildi, davlatimiz madhiyasi yangradi. O‘zbekiston degan makon, ushbu yurtdan qancha buyuk insonlar chiqqanini, yosh va kuchli, iqtidorli yigit-qizlar borligini butun dunyoga yana eslatishdi. Ammo vatanga qaytgach, ular aeroportda xuddi yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionlaridek kutib olinmadi, ulardek «Malibu» avtomobillari berilmadi. To‘g‘ri, katta futbol bilan futzalda farq bor, lekin jahon chempioni va Osiyo chempioni degan nomda ham farq bor-ku. Avvaliga ularga federatsiyadan 2 million (loyiqmidi?) so‘mlik mukofot puli berildi, keyin ayrim nashrlar, saytlar, ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar, televideniye jurnalistlarining faolligi bilan tanqid ostida qolgan federatsiya ularni yana chaqirib, 16 million 376 ming so‘mlik mukofot puli ajratdi.

18 yoshgacha bo‘lganini inobatga olsak, hali oldinda uzoq yillar va katta musobaqalar kutib turibdi. Ularni rag‘batlantirib, sharoit yaratib, e’tibor berish juda muhim. Afsuski karlar sport majmuasiga haligacha hech kim e’tibor qaratmayapti va buni istamayapti. Yurtimizda qanchadan-qancha sport majmualari qurildi, ayrimlari kapital ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Imkoniyati cheklanganlarning shu bittagina sport majmuasining zamonaviy ko‘rinish olishiga nima to‘sqinlik qilayapti? Axir ular shunday sharoitda jahon chempionati oltin medalini olib kelib ham bunday ahvolda bo‘lgan majmuada shug‘ullanishi adolatdanmi? Qaysi asrda yashayapmiz?

Eng achinarlisi jahon chempionlarining ko‘pchiligi ishsiz, ayrimlari qishning sovuq, yozning jazirama kunlari bo‘lishiga qaramay avtoturargohlarda ishlab tirikchilik qilishadi. Ularning ushbu unvonga munosib ko‘rilganini inobatga olsak, ish bilan ta’minlash, kreditga uy berish kabi imtiyozlar joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bundan tashqari televizor va ijtimoiy tarmoqda ular haqida ta’sirli roliklar olinib joylashtirilsa, saxovatpesha insonlar nazariga tushib, homiylar ham topilardi.

Siz bunga nima deysiz, aziz inson?

Mamurjon Ahliddinov,

O‘zbekiston karlar jamiyati a’zosi,

O‘zbekistonda birinchi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bloger

Ushbu maqola Blogerlar chempionati uchun yuborilgan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring