Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uchun ish joyini o‘zgartirish tartibi yengillashtirildi

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uchun ish joyini o‘zgartirish tartibi yengillashtirildi

Foto: Unsplash

Janubiy Koreyada E-9 vizasi asosida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligidan oldindan ruxsat olishi shart emas. Fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomaning ayrim bandlariga tegishli o‘zgartish kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasidan alohida rozilik olish talabi bekor qilindi. Shuningdek, bunday roziliksiz ish joyini o‘zgartirganlik uchun jarima qo‘llashni nazarda tutuvchi band ham shartnomadan chiqarib tashlandi.

O‘zgartirishlar Koreyadagi ish beruvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar hamda fuqarolar murojaatlari tahlili asosida kiritilgan.

Shu bilan birga, bu o‘zgarish Koreya Respublikasining E-9 vizasi bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablarini bekor qilmaydi. Fuqarolar mehnat shartnomasini qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilib, yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarini boshlashi mumkin.

Ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin fuqaro bir oy ichida ish izlovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi va 90 kun ichida yangi ishga joylashishi lozim. Belgilangan muddatda ish topilmasa, Koreya Respublikasi hududini tark etish talab etiladi.

Mazkur muddatda ishga joylashmagan yoki mamlakatni tark etmagan fuqaro noqonuniy maqomga o‘tishi mumkin. Bunday holatda Koreya qonunchiligiga muvofiq jarima, deportatsiya va mamlakatga qayta kirishni taqiqlash kabi choralar qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, uch tomonlama shartnomada Koreyada noqonuniy maqomda qolganlik uchun jarima qo‘llashga oid band saqlanib qolgan. Agentlik fuqarolarni ish joyini o‘zgartirishda Koreya qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarga rioya qilishga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring