Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindiston bosh vaziri Putinga yana «tanbeh» berdi

Hindiston bosh vaziri Putinga yana «tanbeh» berdi

Foto: TASS

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukraina urushini to‘xtatish lozimligini ta’kidladi. Ikki davlat rahbari 31 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida ShHT sammiti arafasida uchrashgan.

«Urushning har bir kuni insoniyatni ortga uloqtirmoqda. Biz oxiri yo‘q urushni tugatish bosqichiga o‘tishimiz kerak. Hindiston shunday mujda yo‘llaydi. Biz tuganmas urushni emas, balki urushning tugashini istaymiz», – degan Hindiston bosh vaziri Rossiya prezidentiga.

Narendra Modi Ukrainadagi ziddiyatni tinch yo‘l bilan bartaraf etishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ham qayd etgan.

E’tiborga molik jihati, Modi va Putin Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng qamrovli bosqinchilik urushining 1650-kuni uchrashgan.

«Katta rahmat, hurmatli bosh vazir. Biz aynan shu yo‘lda harakatlanmoqdamiz», – degan Putin Hindiston bosh vazirining urushni to‘xtatish xususidagi da’vatiga javoban.

Putin «aynan shu yo‘lda» deganda nimani nazarda tutgani aniq emas.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan dastlabki oylarda Hindiston betaraf maqomda turishga uringan. Ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikka ega mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini qoralashdan tiyilgan.

Ammo keyingi vaqtlarda Hindistonning Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi o‘zgardi. Dehli Moskvani qurolli ziddiyatni muloqot yo‘li bilan hal etishga chaqira boshladi.

Avval xabar berganimizdek, bosh vazir Narendra Modi 2024 yil iyul oyida Kremldagi muzokarada ham Putinga «urush yechim emas»ligini uqtirgandi.

«Bombalar, raketalar, miltiqlar tinchlikni ta’minlay olmaydi. Shuning uchun biz muloqotga e’tibor qaratamiz va muloqot zarur», – degan edi Modi. 

Narendra Modi Moskvadagi muloqotda rus armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan Hindiston fuqarolari masalasini ham ko‘targandi. O‘shanda Putin Modining talabiga yon bergan va  Rossiya armiyasi tarkibida jang qilayotgan Hindiston fuqarolarini vataniga qaytarishga rozilik bildirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring