Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi va fermerni yarashtirib qo‘ydi

O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi va fermerni yarashtirib qo‘ydi

Suratda: fermer Orif Durmatov (chapda) va Olot tumani hokimi Sherali Salomov (o‘ngda).

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»da «Olot tumani hokimi fermerni do‘pposladi. “Men uni o‘z shaxsiy manfaatim yo‘lida urmadim”, deydi hokim» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Bugun, 15-yanvar kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev maqolada keltirilgan holat yuzasidan Olot tumani faollari bilan uchrashdi.

«Xabar.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomovning tumandagi «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovga nisbatan qilgan xatti-harakatini qattiq qoraladi. Rahbar shaxsning bunday qilig‘i olib borilayotgan «xalqni rozi qilish» siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday holat viloyatdagi har qanday rahbarlar tomonidan takrorlansa, ularga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

«Olotlik fermer Orif Durmatov bilan shaxsan gaplashdim. Mehnatkash, halol, mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi. Bundan buyon bu fermer shaxsan mening e’tiborimda bo‘ladi. Yurt korida «labbay» deb, sidiqidildan mehnat qilib, el koriga yarab turgan bunday fermerlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Buxoroda adolatsizlik siyosati bo‘lmaydi», — dedi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev.

Olot tumani hokimi o‘zi do‘pposlagan fermerdan ko‘pchilik oldida kechirim so‘radi. Fermer uzrni qabul qildi.
Foto: «Xabar.uz»

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev tuman faollarining taklif va tavsiyalariga ko‘ra, bo‘lgan voqeadan Sherali Salomov afsusda ekanligi va fermerdan uzr so‘raganligini inobatga olib, ikkala tomonni yarashtirib qo‘ydi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring