Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston hududlarining progressiv reytingi e’lon qilindi

O‘zbekiston hududlarining progressiv reytingi e’lon qilindi

Progressiv islohotlar markazi O‘zbekiston hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholovchi «Hududlarning progressiv reytingi»ning navbatdagi natijalarini e’lon qildi. Reyting uchinchi yil ketma-ket taqdim etilmoqda.

Reytingda hududlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, infratuzilma, imkoniyatlar, jamoat xavfsizligi hamda tabiiy muhit bo‘yicha baholanadi. Masalan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida tibbiy xizmatlardan foydalanish va aholi salomatligiga oid 14 ta, ta’limda 7 ta, iqtisodiyotda esa biznes muhiti, mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga oid 9 ta indikator hisobga olinadi.

Infratuzilma reytingi uy-joy fondi, transport va aloqa bo‘yicha 8 ta ko‘rsatkichdan, imkoniyatlar yo‘nalishi esa yashash sharoitlari, iqtisodiy imkoniyatlar va gender tengligi bo‘yicha 11 ta indikatordan shakllantiriladi. Jamoat xavfsizligida 5 ta, tabiiy muhitda 4 ta ko‘rsatkich baholanadi.

Markazning 2026 yilgi yangilangan reytingiga ko‘ra, Toshkent shahri O‘zbekistondagi eng yaxshi hudud deb topildi.

Umumiy reytingda keyingi o‘rinlarni Navoiy viloyati, Xorazm viloyati, Buxoro viloyati va Sirdaryo viloyati egalladi. Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, Namangan, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi joy oldi.

Alohida yo‘nalishlar bo‘yicha ham yetakchilar farq qiladi. Masalan, sog‘liqni saqlashda Jizzax viloyati 1-o‘rinni, Toshkent shahri 2-o‘rinni, Qashqadaryo viloyati 3-o‘rinni egallagan.

Ta’limda Toshkent shahri birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Namangan viloyati uchinchi o‘rinda. Iqtisodiyotda ham Toshkent shahri yetakchi, Navoiy viloyati ikkinchi, Buxoro viloyati uchinchi bo‘ldi.

Infratuzilma bo‘yicha Toshkent shahri 1-o‘rinda, Toshkent viloyati — 2, Farg‘ona viloyati — 3-o‘rinda qayd etilgan.

Imkoniyatlar yo‘nalishida ham Toshkent shahri birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Keyingi o‘rinlarda Navoiy va Xorazm viloyatlari.

Jinoyat va tuzatishlar bo‘yicha Navoiy viloyati 1-o‘rinni, Sirdaryo viloyati 2-o‘rinni, Xorazm viloyati 3-o‘rinni egallagan.

Tabiiy muhit bo‘yicha esa Namangan viloyati yetakchi bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati — 2, Xorazm viloyati — 3-o‘rinda.

Shu tariqa, Toshkent shahri umumiy reytingda 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, barcha yo‘nalishlarda emas. Masalan, u sog‘liqni saqlashda 2-o‘rinda, jinoyat va tuzatishlar bo‘yicha esa 12-o‘rinda qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Markazning avvalgi, 2024 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan kompleks reytingida Toshkent shahri 1-o‘rin, Navoiy viloyati 2-o‘rin, Buxoro viloyati 3-o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlardan Xorazm, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari joy olgan. Quyi uchlikda esa Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari qayd etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring