Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda yirik xalqaro media bozori ochilmoqda (foto)

Toshkentda yirik xalqaro media bozori ochilmoqda (foto)

Foto: Kontent markazi

O‘zbekistonda ilk marotaba 2027-yilning 4-5-fevral kunlari «Tashkent Content Market» xalqaro kontent bozori o‘tkaziladi. Bugun, 9-oktyabr kuni ushbu nufuzli tadbirning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda MDH mamlakatlaridagi eng yirik kontent bozorlaridan biri bo‘lishi kutilayotgan tadbirning maqsadlari, dasturi, ishtirok etish shartlari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi tanishtirildi. Shuningdek, xalqaro kontent bozorlari tajribasi hamda mahalliy media mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga taqdim etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.

Tadbir tashkilotchisi: O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi.

Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanal, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti va sohaviy muassasa hamda 40 ga yaqin kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoalar va kinoteatrlar vakillari, shuningdek, mustaqil ijodkorlar ishtirok etdi.

TCM o‘zbek filmlari, seriallari, animatsiya va raqamli mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqish, xorijiy kontentni xarid qilish hamda hamkorlikda yangi loyihalar yaratish uchun professional maydon bo‘ladi. Unda telekanallar, kinostudiyalar, prodyuserlik markazlari, distribyutorlar, onlayn platformalar va mualliflik huquqi egalari o‘zaro muzokaralar olib borishi mumkin.

«Tashkent Content Market» dasturidan quyidagi yo‘nalishlar o‘rin olgan:

  • kontent bozori;
  • xalqaro ko‘rgazma;
  • forum va muhokamalar;
  • B2B uchrashuvlar;
  • filmlar va boshqa loyihalar namoyishlari;
  • mahorat darslari;
  • ijodiy uchrashuvlar;
  • kelishuvlarni imzolash marosimlari va boshqalar

Muhokamalarda kontentdan daromad olish, sun’iy intellekt, ishlab chiqarish, xalqaro tarqatish va litsenziyalash masalalariga e’tibor qaratiladi.

Tadbirga barcha qit’alardan ishtirokchilar taklif etilayotgani TCMni xorijiy kompaniyalar ham o‘zaro hamkorlik o‘rnatishi mumkin bo‘lgan xalqaro maydonga aylantiradi: bu yerda telekanallar yangi seriallarni xarid qilishi, kinoteatrlar filmlarni ilk bor namoyish etish huquqini qo‘lga kiritishi, onlayn platformalar telekanallarni uzatish litsenziyasini olishi, media kompaniyalari esa zamonaviy dasturiy va texnik ishlanmalar bilan tanishib, shartnomalar imzolashi mumkin.

Ishtirokchilar uchun tcm.uz raqamli platformasida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ko‘zda tutilgan. U orqali shaxsiy va kompaniya profilini yaratish, hamkorlarni qidirish, kontent kataloglarini ko‘rish hamda uchrashuvlarning vaqti va joyini oldindan kelishish mumkin bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring