Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Poytaxtni Toshkentdan Jizzaxga ko‘chirish taklif etildi

Poytaxtni Toshkentdan Jizzaxga ko‘chirish taklif etildi

Foto:«Xabar.uz»

Yozuvchi Evril Turon (Mamadali Mahmudov) «O‘zA»da chop etilgan essesida poytaxtni Toshkent shahridan Jizzax viloyatiga ko‘chirish taklifini berdi.

«Men shunday taklif kiritaman: O‘zbekiston iqtisodiy qudrat cho‘qqisiga chiqqanda, Boshkentni mamlakatni nisbatan o‘rtalig‘i bo‘lmish – Jizzax o‘lkasiga ko‘chirish kerak. Xususan: G‘allaorol-Bulung‘ur tumanlari oralig‘idagi bepoyon (Yuqori nuqtagacha) bo‘shliqqa. Anig‘i: Pomir tizmalaridan G‘o‘bdin tog‘iga qadar yastanib yotgan vodiyga, go‘zal Zomin tog‘lari etaklariga, Bog‘donning (Forish, Forish tumaniga Bog‘don nomi berilsa, tarixiy haqiqat tiklanadi) Qizildengiz (Haydarko‘l) bilan tutashgan yassi tog‘lar oralig‘idagi afsonaviy cho‘llarga» deb yozadi ijodkor.

Mamadali Mahmudov «poytaxt» so‘zidan ko‘ra, eski turkiy so‘z – «boshkent» so‘zi ma’qulroq ekanini ham ta’kidlagan.

«Toshkent yurtimizning eng chetida qaror topgan. Shu noqulaylik bilan birga loysuvoq kulbalar pala-partish va zich qurilgan. Yangi binolar bunyod etish uchun ularni buzish, kulba egalarini yashash joy bilan ta’minlash lozim. Bunga qancha pul ketadi? Menimcha: milliardlar...

Agar boshkent G‘allaorol, Zomin va yoxud Bog‘don hududlarida qurilsa, milliard-milliard dollarlar tejaladi. Chunki buziladigan uylar yo‘q. O‘nlab Toshkent joylashadigan bo‘sh va bahavo go‘zal yerlar mavjud» deydi yozuvchi poytaxt shahar qurilishi uchun yer masalasida gapira turib.

Suv muammosini hal etishda Sangzor va Zarafshon daryolaridan irmoq tortish, yerosti suvlaridan foydalanish va Aydarko‘l suvini chuchuklashtirish taklifi berilgan.

Oldinroq, bloger G‘ayrat Yo‘ldosh ham poytaxtni Jizzaxga ko‘chirish taklifi bilan chiqqandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring