Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Xorazmdagi loyihalar bilan tanishishni boshladi

Shavkat Mirziyoyev Xorazmdagi loyihalar bilan tanishishni boshladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1-may kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Xorazm qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni ko‘paytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Bu borada 2024-yil 1-avgustda e’lon qilingan ochiq tender ikki bosqichda o‘tkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etyapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSh dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, ICAO talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.

Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Xorazm aeroporti eng qulay yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring