Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident: Energetikada muammo mablag‘da emas, boshqaruvda

Prezident: Energetikada muammo mablag‘da emas, boshqaruvda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Yig‘ilishda sohada amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Qonunlar va qarorlar qabul qilinib, xususiy sektor hamda xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.

Prezident investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini tinglaganini qayd etdi. Har bir yirik loyihani amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar va davlat kafolatlari ta’minlangani ta’kidlandi.

Amalga oshirilgan choralar natijasida energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi. Hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Prezident ta’kidlaganidek, bu orqali mamlakatda elektr energiyasi generatsiyasi bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beruvchi quvvatlar shakllantirildi.

So‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini modernizatsiya qilish uchun 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi 25 yilda ajratilgan mablag‘larga nisbatan olti barobar ko‘p.

Yig‘ilishda davlat rahbari sohadagi asosiy muammo moliyaviy resurslar yetishmasligi emasligini alohida ta’kidladi.

«Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!», — dedi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring