Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident temir yo‘l sohasi xodimlarini tabrikladi

Prezident temir yo‘l sohasi xodimlarini tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi

So‘nggi yillarda sohada olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ulkan natijalar bermoqda. Bu o‘zgarishlarni 2 ming 400 kilometrdan ko‘proq yangi temir yo‘l tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirilgani, 3 ming kilometrdan ortiq yo‘llar elektrlashtirilib, 1 ming 100 kilometrdan ziyodi reabilitatsiya qilingani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bu haqda so‘z yuritganda, yirik investitsiya loyihalari asosida Samarqand – Urgut, Baytqo‘rg‘on – Parkent, Urganch xalqaro aeroporti – Xiva temir yo‘l tarmoqlari barpo etilgani, Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilgani, bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda esa qurilish ishlari jadal davom ettirilayotganini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, Maroqand – Navoiy, Buxoro – Urganch – Xiva, Miskin – Nukus, Qumqo‘rg‘on – Quduqli kabi muhim yo‘nalishlarni elektrlashtirish, temir yo‘l stansiyalarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirish orqali milliy logistika tizimi samaradorligi oshirilmoqda.

Ayniqsa, mamlakatimizni jahon transport yo‘laklari bilan yanada ishonchli bog‘laydigan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li barpo qilinayotgani, qo‘shni Afg‘oniston bilan temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik izchil davom ettirilayotgani O‘zbekistonning mintaqaviy transport va tranzit markazi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

«Biz yaqin yillarda yuzlab zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini, yuqori texnologik poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l infratuzilmasini yanada kengaytirish va xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha yangi va ulkan rejalarni amalga oshiramiz.

Biz sizlar kabi minglab zahmatkash temiryo‘lchilar bilan, sizlarning kasbiy mahoratingiz, boy bilim va tajribangiz, vatanparvarlik fazilatlaringiz bilan bunday yuksak marralarga albatta erishamiz», deya ta’kidladi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring