Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Qadr-qimmatini yo‘qotayotgan millat me’mori

Qadr-qimmatini yo‘qotayotgan millat me’mori

Foto: «Human Rights Watch»

2014 yilda Buyuk Britaniyaning «The Telegraph» nashri «Global Teacher Status Index» (Jahon o‘qituvchi maqomini aniqlaydigan indeks)ga asoslanib, o‘qituvchilik kasbining obro‘sizlanishi jahon miqyosida kuzatilayotganini ma’lum qilgan.

2017 yilning oktyabrida O‘zbekistonnning «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotning achchiq natijasini oshkor qildi: so‘nggi yillarda o‘qituvchilarning obro‘si tushib ketmoqda, endi o‘quvchilar ularga havas qilmay qo‘yishgan.

Sotsiologik o‘rganishlarga ko‘ra, ustozga yuksak hurmat hissi Osiyoning ayrim mamlakatlarida, jumladan, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapurda saqlab qolingan ekan. So‘nggi yillarda nega aynan ana shu mamlakatlar iqtisodi misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy etmoqda, degan savolning javobi ana shu o‘rganishlar bilan bog‘liq emasmikan?

G‘arb esa ustozga hurmat tuyg‘usini unutib bormoqda. Misol uchun, yevropalik ota-onalarning bor-yo‘g‘i 25 foizi o‘quvchilar o‘qituvchilarini hurmat qiladilar, degan fikrda. Xitoyda esa 75 foiz ota-onalar farzandlari ustozlariga nisbatan yuqori hurmatda ekanliklariga ishonchlari komil.

Natijada, farzandining o‘qituvchi bo‘lishini xohlaydigan ota-onalar soni ham kamayib bormoqda. Misol uchun, inglizlarning bor-yo‘g‘i 20 foizi, nemislarning 25 foizi farzandining kelajakda o‘qituvchi bo‘lish haqidagi orzusini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘qituvchilarga yaxshi oylik to‘lanadigan G‘arb nega bunday xulosaga kelmoqda, degan savol tug‘iladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda o‘qituvchi kutubxonachi yoki boshqa ijtimoiy soha xizmatchilari toifasiga kirib qolgan. Xitoyda esa o‘qituvchining nufuzi shifokorlarniki bilan bir xil, ya’ni yuqori. Shifokor hayotimizga, o‘qituvchi esa butun boshli taqdirimizga mas’ul shaxs. Shifokor va o‘qituvchiga nisbatan munosabatni esa taqqoslab bo‘lmaydi.

Tan olaylik, farzandimizning o‘qituvchi bo‘lish orzusi bizga ham erish tuyuladigan bo‘lib qoldi. Sababi — daromad emas, o‘qituvchilik azobi! Kim ham dildbandini o‘z qo‘llari bilan adabsiz va tajovuzkor bolalar to‘lib-toshayotgan, hamma egalik qiladigan, ta’lim berishdan ko‘ra hujjat va rasmiyatchilik hukmron bo‘lgan muhitga tashlagisi keladi? Ya’ni maktablar, bizning nazdimizda, inson qadrini yo‘qotgan manzilga aylanib qoldi.

Eng kuchsiz kadrlar — o‘qituvchi!

Bizda maktab yoki kollejni tamomlayotgan eng kuchsiz kadrlar azbaroyi boshqa tanlovlari yo‘qligi bois, pedagogika universitetlariga imtihon topshiradilar. Pedagogikaga ixtisoslashmagan universitetlarni tamomlab, ish topa olmaganlar ham kadrlar tanqisligi bois, hech bir qiyinchiliksiz pedagogga aylanishmoqda. Eng kuchli kadrlar prokuror, bankir bo‘lishga harakat qiladilar. Qarabsizki, jamiyat eng mohir o‘qituvchilardan mahrum. Pedagog bo‘lib chiqayotgan kuchsiz kadrlar esa ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘qituvchi nufuzini oshirishda — bosh to‘siqqa, bilimsiz o‘qituvchi — ustoz nomiga dog‘ tushirayotgan aybdorga aylanadi!

Kaltak yeyotgan — o‘qituvchi!

2013 yilda o‘zimdan uch yosh kichik, kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan, poytaxtning Uchtepa tumanidagi maktablardan birida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beruvchi tanish yigit ishxonamga yo‘qlab keldi.

«Qishloqqa qaytyapman. Bu yerda ishlash bizga emas ekan, aka», dedi tushkun holatda, bir yog‘i ko‘kimtir tus olgan yonog‘ini bekitishga urinib.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilaridan biri mazax va masxaralashni haddan tashqari o‘tkazib yuborgani uchun tanishim uning yuziga shapaloq tortib yuborgan, so‘ng bolaning otasi kelib o‘qituvchini hammaning oldida «yumaloq yostiq» qilgan ekan.

Dalada «yashayotgan» — o‘qituvchi!

Yaqin do‘stim Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi maktablardan birida direktor. Bahorda yo‘qlasam, paxta yagonalayotgan bo‘ladi. Yozda qo‘ng‘iroq qilsam, dalada g‘alla o‘rayotgan bo‘ladi. Kuzda esa paxta terayotgan bo‘ladi.

Bulardan tashqari, «tepa»ning ta’limga daxli bo‘lmagan topshiriqlari ham bor. Shu bois, do‘stim tez-tez poytaxtdan ish izlab ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Muhojirga aylanayotgan — o‘qituvchi!

Bir necha yillar avval temir yo‘l vokzalida, nimqorong‘u kupeda poyezdning qo‘zg‘alishini kutayotgan edim. Bir mahal vagonga 2-3 ta og‘ir sumkani orqalab, hansiragancha bir kishi kirib keldi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bu menga ta’lim bergan tarix o‘qituvchim edi.

«Poytaxtda qolib to‘g‘ri qilibsan, Shuhrat. Mana, men shuncha yil ishlab, oxir-oqibat ana shu ahvolga tushib qoldim. O‘g‘il uylab, qiz chiqarishim kerak edi. Orzu-havas va yo‘qchilik ilm tufayli uyg‘ongan g‘ururdan ham ustun ekan». Men ustozim oldida oyoq uzatib, yotishga istihola qilganim tufayli ular bilan tongga qadar suhbat qurib ketganman.

Pora olayotgan — o‘qituvchi!

2015 yilda xolam o‘g‘li maktabni bitirishi munosabati bilan o‘qituvchilariga tilla taqinchoq, sovutkich xarid qilish uchun pul yig‘ilayotganini aytib, zorlanib qoldi.

Hayratga tushdim. «Aslida o‘lim emas, tirik bo‘la turib ichingdagi go‘zal tuyg‘ularning yo‘q bo‘lishi — halokatdir», degan gap xayolimdan o‘tdi. Nahotki ustoz atalmish zotlar shu darajada tuban insonlarga aylandilar?

Baloga qolayogan — o‘qituvchi!

Toshkent shahridagi maktablardan birida ingliz tilidan dars beradigan tanishim dars chog‘ida foydalangani uchun o‘quvchisining qo‘lidan planshetini olib qo‘ygan ekan, o‘quvchi derazaga chiqib, planshet qaytarilmasa, o‘zini yerga tashlashini aytib, dag‘dag‘a qiladi. Natijada, o‘qituvchi pedagoglikka nomunosib deb topilib, o‘quvchilar guvohligida sharmandalarcha ishdan bo‘shatildi.

Millat me’mori — o‘qituvchi!

«Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi — Tangri rozidur», deb yozgan Alisher Navoiy hazratlari. Biz bu hikmatni unutib qo‘ydik. «Saboq bermoqlik inson taqdiriga daxldor oliyjanob kasb. Meni kun kelib prezident emas, o‘qituvchi deb yodga olsalar, ana shuning o‘zi men uchun ulkan sharafdir», degan edi Hindiston prezidentlaridan biri Doktor Abdul Qalam. Ayrim ustozlar sharafni o‘z nafslari yo‘lida qurbon qildilar.

Aytishlaricha, bola qalbidagi orzular o‘qituvchining ishonchi va e’tirofidan so‘ng uyg‘ona boshlar ekan. Ehtimol, siz ham birinchi ustozingizga ko‘p marotaba beixtiyor «ona» deb yuborgan bo‘lishingiz mumkin. Bizning murg‘ak qalbimiz ustozlarni ota-onadek qabul qilgan ekan.

Jajji yuraklar va toza idrokdan inson qiyofasini yasash o‘qituvchidan ulkan qalbni, mehr-muhabbatni talab qiladi. Modomiki saboq berish — boshqa kasblarning poydevori ekan, shubha yo‘qki, o‘qituvchi — millat me’mori ekan. U jamiyat rivojini hal qiluvchi omil bo‘lib qolaveradi. Modomiki shunday bo‘lsa, farovon va xotirjam yashashni istagan davlat ham, jamoatchilik ham bu kasb egalarini qadrlashga majbur.

Darvoqe, matbuotda o‘qituvchilarning qadr-qimmatini oshirishga yo‘naltirilgan qaror loyihasi ishlab chiqilayotgani to‘g‘risida xabarlar yuribdi. Bu hujjat ustozni qadrlashda o‘zbekona qadriyatlarni yodimizga solishiga ishonamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring