Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qamoqxonada topilgan pullar sinoati

Qamoqxonada topilgan pullar sinoati

Ralf Uoldo Emerson shunday degan edi: «G‘ayrat, zavq-shavqqa ega bo‘lmasdan turib, hech qanday ulug‘vor ishni amalga oshirib bo‘lmaydi».

Mormonlarning Solt Leyk Sitidagi ulkan ibodatxonasiga taklif etilgan voiz qirq besh daqiqa davomida ma’ruza qilishi haqida e’lon berildi. Keyin u ikki soatdan ko‘p vaqt so‘zladi. Ma’ruzasini tugatganida, o‘n minglab erkak va ayol o‘rnidan turib, o‘n besh daqiqa davomida uni olqishladi.

Bunday munosabatni vujudga keltirish uchun notiq nimalarni bilishi kerak? Voizning nutqi mazmuni ham, shuningdek, ko‘rinishi ham havas qiladigan darajada emas edi. Odamlar uning zavq-shavqiga mahliyo bo‘lib qolgandilar. Ko‘p o‘tmay ma’ruzasini unutib ham yubordilar.

Luis Viktor Aytinj Arizona shtatidagi qamoqda umr bo‘yi tutqinlikni boshidan kechirdi. Uning na do‘sti, na advokati, na puli bor edi. Ammo Aytijda zavq-shavq bor edi. U ana shu fazilatidan samarali foydalandi, bu esa ozodlikni hadya etdi.

Aytinj «Remington» firmasiga murojaat qilib, yozuv mashinkasini kreditga sotishni iltimos qildi. Kompaniya yaxshi ishga qo‘l urdi: unga yozuv mashinkasini sovg‘a qildi.

Shundan so‘ng Aytinj turli firmalarga xat yozib, mahsulotlarning qisqacha bayonini yuborishni so‘radi. Bu ma’lumotlarni esa mashinkada ko‘chirib, o‘zlariga qaytarib yubora boshladi. Uning «kotibalik» sifatidagi ishi shu darajada samarali bo‘ldiki, ko‘p o‘tmay ancha-muncha pul to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga advokat yollash uchun ixtiyoriy ravishda xayriya mablag‘lari ham yig‘di.

Aytinjning ishi a’lo darajadagi sifati bilan ajralib turgani bois Nyu-Yorkdagi yirik reklama agentining diqqatini o‘ziga tortdi. Uning advokati yordamida esa oqlanib chiqishga harakat qildi. Qamoqxona darvozasida Aytinjni agentlik boshlig‘i shunday so‘zlar bilan qutladi: «Aytinj, sizning g‘ayrat-shijoatingiz bu qamoqxonaning temir qafaslaridan ko‘ra mustahkamroq chiqdi».

Agentlikda esa uni allaqachondan beri ish kutib turar edi.

Dunyodagi eng yuqumli narsa, bu ─ zavq-shavqdir, degan eng ko‘hna haqiqatni takrorlashni hech qachon kanda qilmang. Bu aslo zarar keltirmaydi. U o‘ziga xos radioto‘lqinlarga o‘xshaydi, ya’ni siz quvvatingizni boshqalarga berasiz. U mantiqdan ham, aql va va’zxonlikdan ham kuchliroq ta’sir qiladi, Agar siz g‘oyalaringizni tarqatishni istasangiz yoki boshqalarni o‘z nuqtai nazaringizga moyil etmoqchi bo‘lsangiz, bu nihoyatda kerak.

Muvaffaqiyatli savdo agenti zavq-shavqni egallashi lozim bo‘lgan eng ma’qul fazilat deb hisoblaydi. Sharti shuki, siz samimiy va o‘ziga ishongan bo‘lishingiz kerak. Agar birov bilan ko‘rishmoqchi bo‘lsangiz, u samimiy va mamnun ekaningizni his etsin.

Bu o‘rinda bitta ehtiyotkorlik qilish zarurati tug‘iladi. Hech narsa soxta mulozamat, zavq-shavqday ochiq-oydin ayon bo‘lmaydi. U haddan ziyod kuch-quvvatga ega bo‘lsa-da, xulq-atvorni yerga qorishtiradi, uni har qanday kishi payqashi mumkin va bunday odamga hech kim ishonmaydi.

Zavq-shavqingiz sizga ulkan yutuqlar olib kelishi mumkin. Bunga Jeninge Rendolf yaqqol misol bo‘la oladi. U Shimoliy Virjiniyadagi Salem kollejini bitirgach, siyosat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ulkan saylovoldi kampaniyasini olib borib, tajribali raqiblari ustidan g‘alaba qozondi va kongressga saylandi. O‘zining saylovchilari orasida ham katta muvaffaqiyat qozondi. Prezident Franklin D.Ruzvelt uni urush davrida amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish bo‘yicha Oq Uydagi maxsus komissiya boshlig‘i etib tayinladi.

Siyosatchilarning shaxsan mashhurliklari darajasini aniqlash bo‘yicha vashingtonlik bir guruh professorlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Ruzvelt va Rendolf bir ovozdan hukumat tarkibidagi eng maftunkor shaxslar deb e’tirof etilgan. Qizig‘i, xuddi shu modda bo‘yicha Rendolf, hatto prezidentdan o‘zib ham ketdi. U o‘zining chek-chegarasiz zavq-shavqini istifoda etgan holda boshqalarga ta’sir etish qobiliyatiga ham ega edi. Rendolf Kongressda o‘n to‘rt yil ishladi, shundan so‘ng shaxsiy sanoat firmasiga o‘tib ishladi, bunda ko‘p sonli takliflarni hisobga oldi, albatta.

O‘sha paytda u kasodga uchragan «Capital Airline’s» kompaniyasi prezidentining yordamchisi bo‘ldi. Ikki yil mobaynida o‘zining mislsiz kuch-g‘ayratidan foydalanib, kompaniyani mamlakatdagi eng katta daromad keltiruvchi aviayo‘nalishga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Capital Airline’s» kompaniyasi prezidenti Rendolfning maftun etuvchi fazilati haqida gapirib, shunday dedi: «U o‘zining maoshiga nisbatan haddan ziyod ko‘p ish qildi. Hatto firmaning boshqa xodimlarini ilhomlantirib, aynan zavq-shavqi tufayli yanada ko‘proq ishni bajardi».

Hech kim onadan zavq-shavq bilan tug‘ilmaydi. Bu fazilat yillar davomida o‘zlashtiriladi va siz ham unga ega bo‘lishingiz mumkin. Yodingizda bo‘lsin, odamlar bilan birinchi bor gaplashayotganingizda, aslida ularga nimadir sotishga harakat qilasiz. Bu kundalik munosabatlardan tashqari, hamma uchun odatiy ish, albatta. Siz g‘oyalaringiz, mahsulotingiz, xizmatlaringiz qiymatiga, eng avvalo, o‘zingizni ishontiring. Tovar yoki xizmatingizni taqdim etar ekansiz, ularga nisbatan tanqidiy baho bering, shu tariqa o‘zingizni ham tanqidiy baholagan bo‘lasiz. Siz nimaiki sotmang, avval kamchiliklarini o‘rganib, ularni darhol bartaraf eting. Mahsulotingiz sifati va g‘oyangiz ulug‘vorligiga ishonchingiz komil bo‘lsin.

Xuddi shunday ishonch tuyg‘usi bilan qurollanib, o‘zingizda tajribadan o‘tib sinalgan odat va kuchli tafakkurni ishlab chiqing. Ana shunda g‘ayrat-shijoat, zavq-shavq o‘zingizda ham yuzaga kelayotganini ilg‘aysiz. Samimiylik esa uning boshqalarga tarqalishiga yordam beradi.

(Napoleon Xill kitobidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring