Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘nggi pushaymon yoki tikanli simto‘r ortidagi hayot

So‘nggi pushaymon yoki tikanli simto‘r ortidagi hayot

«Qaniydi, bu kunlarning barchasi qo‘rqinchli tush bo‘lsa-yu, uyg‘onganimda navqiron davrimga qaytib,  hammasini o‘zgartira olsam. Nodonligim tufayli jamiyatning bekamu ko‘st odamlari qatoriga qo‘shilmaganimdan afsus chekaman. Aslida, menda ham baxtli insonlar safida turish uchun yetarlicha imkon bor edi! Ammo, asl hidoyat o‘rniga, «Hizb ut-Tahrir» degan qing‘ir so‘qmoq domiga tushdim. Haq yo‘ldaman, deb butun borlig‘imdan ayrilganimni kech tushunib yetdim. Aldanganimni, butun hayotim barbod bo‘lganini  angladim,-deydi andijonlik Botir Umidov (ismi sharif o‘zgartilgan),- Qamoqdaligimda ota-onamdan ayrildim. Sog‘ligimni yo‘qotdim. So‘ngsiz pushaymonlar tunu-kun halovat bermaydi, xatolarim ich-etimni kalamushdek kemiradi. Qilgan xatolarim uchun xalqimdan kechirim so‘rayman, mening dardimda kuyib, bu dunyoni tark etgan ota-onam ruhi oldida tavba-tazarru qilaman».

2004-yilda 2-yildan ortiq va yana takroran harakati uchun 2007 yildan  buyon O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining Konsititutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) bilan ayblanib, 17 yildan buyon jazo muddatini o‘tab kelayotgan Botir singari shaxslar o‘z umrining navqiron yillarini tikanli simto‘r ortida o‘tkazganidan afsus va nadomatda, pushaymonda.  

Buxorodagi N-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarning ko‘pchiligi panjara ortidagi hayotni qayta takrorlamaslikka o‘z-o‘zlarini da’vat etishgan.

Ma’lumki, jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatini davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek, boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Aytish joizki, jinoyat sodir etgan shaxsni javobgarlikdan ozod qilish va unga jazo tayinlash yuzasidan qonunda ma’lum imtiyoz va yengillik berishdan ana shunday maqsad ko‘zlangan. Ammo, yaxshi otga bir qamchi, deyishadi. Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi, mahbuslar orasida berilayotgan bu imkoniyat va yengilliklarning mohiyatini anglab yetmayotganlar va takroran jinoyat sodir etayotganlar ham, afsuski, ko‘p.

Hayotda har kimning o‘z istak va orzulari bo‘ladi. Kimdir yuqori mansablarni orzu qilsa, boshqalar yaxshi joylarda dam olishni o‘ylaydi. Qorni och taomni orzu qilsa, bemor sog‘likni  orzu qiladi. Orzuga yetgach esa yangi maqsadlarni qo‘yib, ularni amalga oshirish harakatiga tushadi. Biroq, taqdir yo‘llarida adashib, haqli ravishda jazosini tortayotgan mahbuslar-chi?! Ular o‘z muddatlarini ado qilish uchun tim qora sochlarini temir panjara ortida oqartirguncha orzularini ko‘mib yashashga mahkum.

«O‘lgan odamda orzu bo‘ladimi?-deydi mahkama tomonidan turli ayblovlar bilan qamalgan, yot guruhlarning tarafdori va a’zosi bo‘lgan romitanlik Furqat Hakimov (ismi sharifi o‘zgartirilgan),-Farzandlarimni Vatan xoinining o‘g‘il-qiziga «aylantirdim». Afsuski, qalb ko‘zlarim ko‘r bo‘lganini juda kech tushunib yetdim Xatoga takror-takror yo‘l qo‘ydim. Onamning bir tola sochiga, og‘aynilarimning men tufayli yuzini to‘ldirgan ajinlariga arzimayman.

11 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan Sobir Najimov esa (ismi sharifi o‘zgartirilgan) «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimi a’zosi sifatida xalifalik qurishni rejalashtirish jinoyatini sodir qilishga aralashib qolgan.

«Aslida, «Islom» so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri «tinchlik» ekanini bilardim. U hech qachon buzg‘unchilikka, qotillikka undamagan va undamaydi ham. Terror olami esa inson miyasiga o‘z unsurini singdirib, buzg‘unchilik kayfiyatini uyg‘otishni, odamlarni namoyishlarga otilishini o‘zining maslakiga aylantirib olar ekan. Anglagan holda o‘zimni cho‘g‘ga otdim. O‘shanda kim nima desa, ishonib, kim qayerni ko‘rsatsa, o‘sha yoqqa qarab ketaveradigan yoshda edim. Hech kim meni yo‘ldan qaytarmagan, notavon qadamlarimni ko‘rib turib ham botqoqdan chiqarishga urinmagan. Garchi, men zulukdek yopishib olgan bo‘lsam ham... Kecha navqiron 21 yoshida turma devoriga boshi urilib, bugun 32 yoshda sochlari oqargan qariyaman...»,—deydi Sobir.

Jazoni  ijro  etish  muassasasi  hovlisidan chiqar ekanmiz,  beixtiyor  yuragimizda  titranish  sezamiz. Yo‘laklari uzun, tikanli simto‘rlar oralab, umrini orzulariga qo‘shib, tuproqqa qorib borayotgan illat botqog‘idagi mahbuslarni ko‘rib, sergak tortamiz.

Sobir o‘z suhbati orqali odamning ro‘parasida,  yon-atrofida  yashayotgan  insonlardan  ogoh  bo‘lmaslikk, ularga va ularning taqdiriga ham dahldorlik mas’uliyati borligini unutish - jar oldidagi o‘sha kimsani batamom uloqtirib tashlashga xizmat qilishdan boshqasiga yaramasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Haqiqat ham shu: balki,  bizning  bir  og‘iz  maslahatimiz,  madadimiz,  himoyamiz  bilan  kimlarningdir  hayoti  izga  tushib  ketar,  jinoyat  qilishgacha,  so‘ng  pushaymon  bo‘lishgacha  yetib  bormas… 

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring