Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Suvsoz»ning «nomeri» o‘tmadi. Monopoliyaga qarshi qo‘mita korxonani qattiq ogohlantirdi

«Suvsoz»ning «nomeri» o‘tmadi. Monopoliyaga qarshi qo‘mita korxonani qattiq ogohlantirdi

25-aprel kuni «Suvsoz» DUK saytida 24-apreldan Toshkent shahri aholisi uchun sovuq suv narxlari oshirilishi haqida xabar berildi

Xabar narxlar oshirib bo‘linganidan bir kun o‘tib e’lon qilingani jamoatchilik e’tirozini keltirib chiqardi. Ko‘p o‘tmasdan «Suvsoz» saytidan bu xabar o‘chirildi.

Kunning ikkinchi yarmida korxona o‘chirib yuborilgan xabarning o‘rniga yangisini e’lon qildi.

Vaziyatga O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aralashdi va Telegram kanalida bayonot berdi:

«O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkentda 24-apreldan sovuq suv narxi oshdi. «Suvsoz» bu haqda 25-aprel kuni xabar berdi» mavzusida 2019-yil 26-aprelda tarqalgan xabarlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi 239-son qarori talablarida yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub’yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mazkur Qonun talabi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi. 

«Suvsoz» DUK tomonidan maxsus ustama narxlari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida e’lon berilmay, «Toshkent oqshomi» gazetasining 2019-yil 9-apreldagi 57-sonida Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2019-yil 2-apreldagi «Toshkent shahrida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash to‘g‘risida»gi 499-sonli qarori chop etilganligi korxona tomonidan e’lon berilgan deb hisoblanilgan. Bu bilan korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasi talablariga amal qilinmagan. 

Yuqoridagilarga muvofiq, «Suvsoz» DUK tomonidan Toshkent shahrida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash bo‘yicha www.suvsoz.uz veb-sayt orqali 2019-yilning 25-aprelida iste’molchilarga e’lon berilganligini inobatga olib, amalga kiritiladigan yangi narx (tarif, maxsus ustama)larni mazkur e’lon berilgan sanadan o‘n besh kundan keyin, ya’ni 2019-yining 10-mayidan amalga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida Qo‘mita tomondan «Suvsoz» DUKga tegishli ko‘rsatma berilganligi ma’lum qilinadi. 

Qo‘mita ko‘rsatmasi «Suvsoz» DUK tomonidan bajarilmagan taqdirda korxonaga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanilishi bildiriladi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring