Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vaqf» raisi «Malibu-2» oldimi?

«Vaqf» raisi «Malibu-2» oldimi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Mazkur fond O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida tashkil etilgani ham ma’lum.

O‘tgan vaqt davomida «Vaqf»ning asosiy faoliyati xayriya ishlaridan iborat ekani, ayniqsa, «aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash»ga alohida ahamiyat berilayotgani haqida keng jamoatchilik yetarlicha tasavvur hosil qilib ulgurdi. Fond amalga oshirayotgan ishlar ko‘lami xususida ham axborotlar kam emas: ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlardan tortib, imom-xatiblar jum’a mavizalarida bu haqda alohida ikki og‘iz bo‘lsin ma’lumot berishni kanda qilishmayotir. Bu — tushunarli, albatta. Zero, fond fuqarolarning xayriyalarini muhtojlarga yetkazish bilan shug‘ullanar ekan, amalga oshirayotgan ishlari haqida sohibi ehsonlarga umumiy tarzda ma’lumot berilishi mutlaqo tabiiy.

Shunga qaramay, fond mablag‘lari sarflanishiga oid har xil xabarlar ham yo‘q emas. Bir qancha vaqt muqaddam O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari D.Hoshimov hibsga olingani, u «Vaqf»  xayriya jamoat fondiga o‘tkazib berilgan ko‘chmas mulklar va ta’mir uchun ajratilgan katta mablag‘ bilan bog‘liq korrupsion sxemalarda ishtirok etgani gumonlanayotgani haqida xabar tarqalgan edi.

Mazkur xabar rasmiy tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, rasman inkor etilgani ham yo‘q.

Bugun esa «Vaqf»  xayriya jamoat fondi raisi o‘ziga «Malibu-2» xizmat mashinasi olganligi haqida xabar tarqaldi

Bu xabarning shov-shuv bo‘layotgani boisiki, yuqorida aytdik, fondga tushayotgan asosiy mablag‘lar fuqarolarning xayr-ehsonidan iborat. Ular faqatgina xayriya maqsadlarida ishlatilishi shart. Shunday ekan, ushbu xayriya tashkiloti rahbari fond puliga qimmatbaho xizmat mashinasi xarid qilishi sog‘lom tasavvurga ko‘pam sig‘maydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozircha bu xususida izoh bergani yo‘q. Idora bilan bog‘langanimizda «Malibu mojarosi» o‘rganilayotgani, yaqin kelajakda atroflicha ma’lumot berilajagi aytildi.

Kutamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring