2030-yilga qadar barcha madaniy meros obyektlari raqamlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash, muzey ishini rivojlantirish va O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha kelgusi ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, yodgorliklarni restavratsiya qilish, muzeylarni modernizatsiyalash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirishga e’tibor izchil kuchaymoqda. Bu ishlar gumanitar siyosatning muhim yo‘nalishi, milliy o‘zlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirish omiliga aylanmoqda.
YuNESKO yo‘nalishida erishilgan natijalar alohida qayd etildi. Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida O‘zbekistonning “Toshkentning modernizm me’morchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va an’analari” milliy nominatsiyasi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston XX asr modernizmi me’moriy merosi bunday maqomga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo va MDHdagi birinchi davlat bo‘ldi. Nominatsiya tarkibiga Toshkent shahridagi 10 ta muhim obyekt kiritildi. Bu so‘nggi 25 yilda O‘zbekistonning YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga birinchi milliy kiritilishi bo‘ldi.
Faol siyosiy-diplomatik ishlar natijasida “Quyosh” geliomajmuasi Butunjahon merosi obyekti tarkibida saqlab qolindi.
Yangi xalqaro maqom Toshkentning me’moriy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, madaniy turizmni rivojlantirish, tadqiqotchilar, me’morlar va xalqaro ekspertlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shu munosabat bilan poytaxtning modernizm me’morchiligini asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun “Zomin tog‘lari” tabiat obyekti nominatsiyasini tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu hudud Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘ini qamrab olib, qimmatli archa o‘rmonlari hamda noyob hayvonlar va qushlar yashash makonlariga ega yagona tog‘ tabiiy majmuasini tashkil etadi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasining YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Kotibiyatning YuNESKOning ijodiy shaharlar tarmog‘i, ta’lim beruvchi shaharlar tarmog‘i, assotsiatsiyalashgan maktablar tarmog‘i, YuNESKO kafedralari, assotsiatsiyalar va klublar, shuningdek, global geoparklar tarmog‘ida mamlakatimiz ishtirokini muvofiqlashtirish funksiyalarini kengaytirish taklif etilmoqda.
Madaniy meros sohasidagi amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlandi, 55 ta obyektda ishlar yakunlandi, yana 152 ta obyektda ishlar davom etmoqda.
Ushbu ishlarni tizimlashtirish maqsadida 8 183 ta madaniy meros obyekti bo‘yicha kadastr hujjatlari shakllantirildi. Yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4 187 ta tadbirkorlik subyekti jalb etilib, sohaviy jamg‘armaga 27,9 milliard so‘m yo‘naltirildi. 2025-yilda 52 ta obyektga 152,9 milliard so‘m miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
O‘zbekistonda Heritage Impact Assessment (HIA) – merosga ta’sirni baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi noyob tarixiy shaharlar va Toshkentning modernizm me’morchiligini jadal qurilish hamda infratuzilma rivoji sharoitida himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi.
Madaniy merosning yagona raqamli platformasini, obyektlarning raqamli egizaklarini, Heritage Open Data tizimini, shuningdek, madaniy meros bo‘yicha situatsion markazni tashkil etish taklif etilmoqda. Bu markaz IoT-sensorlar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, videotahlil va sun’iy intellekt vositalaridan foydalangan holda monitoring olib borish imkonini beradi. 2030-yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Turistik yuklamani boshqarish uchun Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalar qamrovini kengaytirish, turistlar oqimini prognoz qilish va zaruratga qarab ayrim obyektlarga tashrif limitlarini belgilash ko‘zda tutilmoqda. Kadrlar tayyorlash sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yaratish, Buxoroda ixtisoslashtirilgan restavratsiya oliy maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish va restavratorlarni litsenziyalashni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uyg‘unlashtiruvchi yangi loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, an’anaviy usullar va zamonaviy loyihalash, ishlab chiqarish hamda restavratsiya texnologiyalarini birlashtiradigan ixtisoslashtirilgan mozaika markazini tashkil etish taklif etilmoqda. Markaz Toshkent mozaika maktabini saqlash, mutaxassislar tayyorlash va monumental san’atning yangi yo‘nalishini rivojlantirish maydoniga aylanadi.
Ichan-qal’a muzey-qo‘riqxonasi hududida “Olloqulixon karvonsaroyi” savdo markazini tashkil etish loyihasi alohida ko‘rib chiqildi. Savdo nuqtalarining tartibsiz joylashuvi tarixiy obyektlarning vizual yaxlitligini buzishi va turistlar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi qayd etildi. Yangi loyiha an’anaviy savdo ruhini saqlash, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek, yangi turistik nuqtani shakllantirishga qaratilgan.
Kelgusida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash sohasida davlat siyosatining yaxlitligini ta’minlash maqsadida Respublika “Hunarmand” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlik qiladi.
Samarqandda Aga Khan Trust for Culture bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Bibixonim majmuasini konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha madaniy meros obyektlarida me’moriy konservatsiya, ilmiy o‘rganish va restavratsiya ishlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Loyiha doirasida yodgorlikni hujjatlashtirish va tadqiq etish, arxeologik va muhandislik tekshiruvlari, materiallar tahlili, konstruktiv modellashtirish hamda loyiha yechimlarini ishlab chiqish ishlari olib boriladi. Mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Keyingi bosqichlarda asosiy gumbaz va unga tutash inshootlarni konservatsiya qilish, hududni obodonlashtirish va muzey ekspozitsiyasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Turli tarixiy davrlarda mamlakatimizdan olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik ashyolar, nodir qo‘lyozmalar va san’at asarlarini tizimli izlash, huquqiy himoya qilish va yurtimizga qaytarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish bo‘yicha komissiyani shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yakunda 2027-2035-yillarga mo‘ljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Unda madaniy merosni raqamlashtirish, moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash, madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish, tabiiy merosni muhofaza qilish va restavratsiyani rivojlantirish dasturlari nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni takomillashtirish va ularning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter