Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent me’morchiligi jahon e’tirofida!

Toshkent me’morchiligi jahon e’tirofida!

Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tayotgan YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi mamlakatimiz madaniy-tarixiy salohiyati uchun yana bir ulkan tarixiy voqea bilan muhrlandi. Poytaxtimizdagi modernizm arxitekturasi obyektlari tashkilotning nufuzli Xalqaro ro‘yxatiga rasman kiritildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi 25 yilda O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiya ilk bor shunday yuksak xalqaro maqomga sazovor bo‘ldi.

Mazkur qaror faqatgina binolarning me’moriy qiymatini baholash emas, balki 1966-yilgi vayronkor zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir epoxaning xalqaro miqyosdagi e’tirofidir. O‘sha davrda poytaxtimiz zamonaviy jahon arxitekturasi tendensiyalari, Markaziy Osiyo milliy an’analari hamda mintaqaning o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini mukammal mujassam etgan holda butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan edi.

Bugungi kunda ushbu ijodiy va muhandislik yondashuvi global miqyosda tan olinib, insoniyatning umumiy merosi sifatida qayd etildi. Toshkent shahrining o‘ziga xos qiyofasini belgilab beruvchi, zamonaviy va milliy arxitekturaning eng yorqin namunasi bo‘lgan quyidagi obyektlar xalqaro ro‘yxatga kiritildi:

  • «Jemchug» turar-joy binosi;
  • ​«O‘zbekiston tarixi» davlat muzeyi;
  • ​«Xalqlar do‘stligi» saroyi;
  • ​«O‘zbekiston davlat san’at» muzeyi;
  • ​«O‘zbekiston davlat sirki»;
  • ​«O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali»;
  • ​«Alisher Navoiy» nomidagi kinosaroy;
  • «Chorsu» bozori;
  • «Kosmonavtlar» metro bekati;
  • ​«Katta quyosh» pechi.

O‘zbekistonning xalqaro maydonidagi bu kabi navbatdagi g‘alabasi — boy me’moriy merosimizni asrab-avaylash, ularning o‘ziga xosligini saqlagan holda kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lidagi muhim va strategik qadamdir. Poytaxtimiz modernizm arxitekturasining jahon darajasida e’tirof etilishi barcha yurtdoshlarimiz uchun ulkan iftixor manbaidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring