Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Amerikalik o‘zbek qiz»: iqtisodchi olim, yozuvchi va jurnalist Zulfiya Nazar haqida

«Amerikalik o‘zbek qiz»: iqtisodchi olim, yozuvchi va jurnalist Zulfiya Nazar haqida

Suratda: Sabohat Andijon (Amerikalik o‘zbeklar jamiyati faoli), Abdulloh Xo‘ja (Amerikadagi turkistonlik o‘zbeklar jamiyatining prezidenti), Zulfiya-Silviya Nazar (o‘rtada); Amerikada faoliyat yurgizayotgan vatandoshlarimiz.

Mashhur vatandoshimiz, iqtisodchi-jurnalist, yozuvchi, Kolumbiya universiteti profesori Zulfiya-Silviya Nazar haqida yozish men uchun ancha qiyin kechgan. Bir maqolada uning kashfiyotlari va qalamiga mansub ishlarini, hatto nomma-nom sanab chiqish ham mushkul. Uning AQSh va jahon iqtisodiga oid ko‘plab maqola, ilmiy tadqiqot va kitoblari dunyoning eng nufuzli olimlari tomonidan tan olinib, e’tirof etilgan.

Kutilmagan uchrashuv

2001-yili Indiana universitetida malaka oshirayotganimizda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Tafakkur o‘yinlari» filmini ko‘rish nasib etgan edi. Uning titrlaridagi ism-familiyalar orasida Silviya Nazarga ko‘zim tushdi. Hoynahoy, bu o‘zimizning dindoshimiz bo‘lsa kerak, degan xayolga borgan edim o‘shanda. Sal vaqt o‘tib, mazkur universitet professori, do‘stimiz Bill Fierman menga Silviya Nazarning o‘zbekligi va bu kino uning kitobi asosida suratga olingani to‘g‘risida so‘zlab berdi.

2005-yili Vashingtonda Jahon o‘zbeklari forumida ishtirok etganimda Ro‘zi Nazar degan nihoyatda kamtarin, o‘ylab, chertib gapiradigan, ko‘zlari chaqnab turgan yoshi ulug‘ vatandoshimiz bilan tanishdim. U kishi meni uyiga taklif qildi. Lekin bu inson Silviya Nazarning otasi ekanligini hali men bilmasdim.

Virjiniyadagi shinamgina uyda meni Ro‘zi aka va mehmondo‘st kennoyimiz Lindaxonim samimiyat bilan kutib olishdi. O‘shanda stol ustida turli tillarda nashr etilgan «Tafakkur o‘yinlari» kitobiga ko‘zim tushdi.

Kitobga bo‘lgan qiziqishimni sezgan Ro‘zi Nazar va Lindaxonim Zulfiya-Silviya Nazarning ota-onasi ekanligi va uning hayoti to‘g‘risida gapirib berishdi. Men Zulfiya-Silviya Nazar bilan yuzma-yuz uchrashganday bo‘ldim, otasi uning bir nechta rasmini uy to‘riga osib qo‘ygan ekan. Suratlarni birma-bir tomosha qildim. O‘shanda otaxon nevaralari Klara, Lili, Jeklarning rasmlarini ko‘rsatib, ularning har biri to‘g‘risida g‘urur bilan gapirib bergan va kelajakda onasiday mashhur inson bo‘lishlariga umid bildirgandi...

* * *

Silviya Nazar 1947-yil 17-avgust kuni Olmoniyaning Rozenxaym shahrida tug‘ilgan. 1951- yili Ro‘zi Nazar oilasi bilan AQShga ko‘chib keladi. Silviya Nazar AQShda boshlang‘ich o‘rta maktabga qatnab, 1959-yildan tahsilni Turkiyada davom ettiradi, chunki otasi bu mamlakatda diplomatik missiyada faoliyat yuritayotgan edi. Turkiyada Silviya Nazar turkchani mukammal o‘rganadi. Bolaligidan ingliz, nemis va turk tillarida bemalol gaplashadi. 1965-yili ular AQShga qaytib kelishadi.

1967-1968-yillarda S.Nazar Myunhen (Germaniya) universitetida adabiyot ixtisosi bo‘yicha bilim ola boshlaydi, keyinchalik Antiox kollejiga (AQSh) o‘tib o‘qiydi va bitirib, adabiyot sohasida bakalavr darajasini oladi. Ammo yosh Silviyada iqtisodga bo‘lgan qiziqish kuchayib borardi. 1974-yili u Nyu-York iqtisod universitetiga o‘qishga kiradi. 1976 yili uni bitirib, iqtisod magistri ilmiy unvonini olish uchun dissertatsiya yoqlaydi. Universitet rahbariyati iqtidorli Silviyani mazkur ilmgohdagi Ilmiy-tadqiqotlar markazida ishlashga taklif qilishadi.

Nobel mukofoti sovrindorining shogirdi

1977-yili iqtisod sohasida iqtidorli yosh olima Silviya Nazar jahonga mashhur iqtisodchi, Nobel mukofoti sovrindori Vasiliy Leontevning nazariga tushib qoladi va uni o‘zi rahbarlik qilayotgan Nyu-York universitetining Iqtisodiyot tahlili institutiga (Institute for Economic Analysis) taklif qiladi. Bu dargohda ishlashni ko‘pchilik iqtisodchi ilmiy xodimlar orzu qilardi. Tez orada Silviya Nazar iqtisod sohasida Vasiliy Leontev rahbarligida iqtisodiy tahlil masalasida qator qiziqarli tadqiqotlar olib boradi va professorning ishongan, sevimli shogirdlaridan biriga aylanadi. Silviya mazkur institutda to‘rt yil ishlaydi.

U 1981-yili ishini o‘zgartirib, «Jamoatchilik axborotlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot instituti»ning yoqilg‘i bo‘yicha direktori vazifasida ishlaydi. 1982-1983-yillarda esa «International Data Corporation» markazida katta iqtisodchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi. AQSh xazinasi saqlanadigan tashkilot «Federal Reserve System» deb ataladi.

Iqtisodiyot sohasidagi ilk kashfiyot

1983-yili Silviya Nazar AQSh biznes bozori uchun mintaqaviy iqtisod modelini tuzib, bu sohada muhim kashfiyotga qo‘l urdi. U AQSh va jahonning boshqa iqtisodchilari tomonidan yuqori baholanadi. Bu Silviyaning ilm-fan sohasidagi birinchi va muhim kashfiyoti edi. Aynan bu kashfiyot Silviya Nazarni dunyoga tanitdi, obro‘sini oshirdi va unga dunyoga mashhur nashriyot va ilmiy markazlarda ishlash uchun yo‘l ochadi. 1983-1990-yillarda Silviya Nazar AQShning yetakchi matbuot organlaridan «U.S. News & World Report» jurnalida kollumnist-iqtisodiy sharhlovchi, «Fortune magazine»da yozuvchilik qilib, tajribasini oshiradi va uslubini takomillashtirib, o‘z maktabiga asos soldi.

Silviya Nazar ustozi, buyuk iqtisodchi olim, Nobel mukofoti sovrindori Vasiliy Leontev bilan «AQSh va jahon iqtisodiyotida yoqilg‘i hisoblanmaydigan ma’danlarning kelajagi: ishga solish va ishlab chiqarishni loyihalashtirish, 1980 – 2030» mavzusida iqtisodiyot sohasida yirik tadqiqot yaratdi. U dunyoning etakchi olimlari tomonidan iqtisodiyot sohasida yangi yo‘nalish sifatida tan olindi. Silviya Nazar bundan tashqari V.Leontev va M.Bever bilan hamkorlikda xom ashyo va uni ishlab chiqarish hamda ikkilamchi metallni qayta ishlash tahlillarga oid turkum ilmiy tadqiqotlar yaratgan. Silviya Nazar doimiy ravishda o‘z malakasini oshirishga jiddiy e’tibor qaratdi. U Nyu-York, Prinston, Kembrij universiteti va institutlarda hamisha malakasini oshirdi.

«New York Times» nashriga taklif

1983-yili Silviya Nazar iqtisodiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borish bilan bir qatorda jurnalistika sohasida ham talay muvaffaqiyatlarga erishdi. Uning layoqati, iqtisodiy bilimi, jurnalistik qobiliyatini hisobga olib, dunyo miqyosida obro‘si va nufuzi baland «New York Times» gazetasi rahbariyati 1991-yilning yanvar oyida uni gazetada ishlashga taklif etadi. «New York Times» Qo‘shma Shtatlarnnng hukumatiga yaqin turuvchi, e’tiborli gazetalardan biri ekanligi barchaga ma’lum. Silviya Nazarga AQSh va jahon iqtisodiyoti rivojlanishini kuzatib borish topshirildi. Mart oyidan boshlab gazetada Silviya Nazarning ko‘plab maqolalari chiqa boshladi.

Silviya o‘n yilga yaqin «New York Times» gazetasining iqtisod bo‘yicha maxsus muxbiri vazifasida ishlab, qator tahlil va sharhlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi. Shuningdek, 1991 – 1999-yillarda «The New Yorker», «Newsweek», «The New York Times Sunday Book Review», «FastCompany», «London Telegraph» kabi mashhur gazeta, jurnal, nashriyot va matbuot agentliklari bilan hamkorlikda ishlab, maqolalar chop ettirdi. 2001- yildan boshlab Silviya Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti Oliy jurnalistika maktabining Biznes jurnalistikasi fakulteti professori bo‘lib ishlayotir. Umuman, gazeta materiallaridan tashqari, Zulfiya-Silviya Nazar bugungi kungacha iqtisodiyot sohasida 300 dan ortiq ilmiy maqola yozgan.

Iqtisodiyot sohasida yana bir muhim ish

O‘tgan asrninng 80-yillari oxirida Falastin ko‘rfazida kelib chiqqan keskin tanglik natijasida Amerika banklarida vujudga kelgan bo‘hron davrida Silviya Nazar tomonidan chop etilgan tahliliy materiallar siyosatchilar va mutaxassislarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Mazkur muammoni har taraflama chuqur tahlil qilgan Silviya Nazar uni bartaraf etish bo‘yicha bir qator amaliy takliflarni bayon etadi. Mazkur maqola va Silviyaning xulosalari AQSh hukumati va mutaxassislar tomonidan inobatga olinadi. Uning katta ilmiy asarlaridan yana biri Janubiy Koreyaning iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan. Silviya Nazar «Iqtisodiy siyosat. Koreya yo‘li» nomli ilmiy ishida Koreyaning iqtisodiy yo‘nalishlarini tahlil qilib o‘z xulosalarini bayon qildi.

Yozuvchilik mahorati

1994-yili Silviya Nazar Nobel mukofoti sovrindorlari to‘g‘risida, xususan, o‘sha yili iqtisodiyot sohasi bo‘yicha mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan buyuk matematik, iqtisodchi, zakovatli olim Jon Forbs Nesh to‘g‘risida «New York Times» gazetasida bir sahifa maqola chop etdi. Ikkinchi kuniyoq Silviya Nazarga oltita nashriyotdan ushbu maqolani kengaytirib kitob holiga keltirish bo‘yicha taklif tushdi. Shundan so‘ng Zulfiya-Silviya Nazar «New York Times» gazetasi rahbariyatidan ikki yarim yillik ijodiy ta’til so‘rab, buyuk olim to‘g‘risida kitob yozishga kirishdi.

Shu tariqa uning A Beautiful Mind: A Beautiful Mind. The Life of Mathematical Genius and Nobel Laureate John Nash («Go‘zal tafakkur») nomli birinchi yirik biografik kitobi nashr etildi. Kitob Jon Forbs Nesh va uning rafiqasi hayotiga bag‘ishlangan. Silviya Nazarning ushbu kitobini 30 dan oshiq nashriyot ingliz, olmon, rus, xitoy, fors, turk, hind tillarida milliondan ortiq nusxada chop etdi. Mazkur kitobi uchun Silviya Nazar Amerika Adabiy tanqidchilari milliy gildiyasining «Eng yaxshi biografik adabiy asar» nominatsiyasi mukofotiga sazovor bo‘ldi. Kitob, shuningdek Pulitser (The Pulitzer Prize) nominatsiyasi bo‘yicha ham oliy mukofot oldi. «Go‘zal tafakkur»ga Hollivudning ham e’tibori tushdi.

«Tafakkur o‘yinlari» muvaffaqiyati: to‘rtta «Oskar»!

2001 yili Hollivudning mashhur kino rejissyori R.Hovard mazkur kitob asosida yozilgan ssenariyga asosan «Taffakur o‘yinlari» filmini chiqardi. Unda asosiy rollarni mashhur Rassel Krou (Jon Forbs Nesh), Ed Xarris (Parker), Jenifer Koneli (Alisiya Nesh), Kristofer Plammer (Doktor Rozen) va boshqa aktyorlar ijro etishdi. Film kino olamidagi eng nufuzli «Oskar» mukofotining: «Eng yaxshi film», «Maqbul ssenariy», «Rejissura», «Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa» kabi to‘rtta nominatsiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritdi. Film dunyoning 100 dan ortiq tiliga tarjima qilinib, jahon ekranlariga chiqdi.

«Taffakur o‘yinlari» filmidan lavha. 

Silviya Nazarning izlanishlarini qaynar buloqqa qiyoslasa bo‘ladi. 2006-yili u iqtisodiy masalalar bo‘yicha yangi ilmiy kitob ustida ishlashni tugatdi. Bu kitob «XX asrning buyuk iqtisodchilari va ularning iqtisod faniga qo‘shgan hissasi» deb nomlangan va u turkum maqolalardan iborat. Shu masala yuzasidan u Rossiya, Xitoy, Yevropaning qator mamlakatlariga safar qilib, u yerlarda iqtisodiy mavzuda ma’ruzalar o‘qidi.

Silviya Nazarning oilasida ahillik, mehr-oqibat hukmron. Shu bois, u o‘zini baxtli ona deb hisoblaydi. Umr yo‘ldoshi Darryl ham iqtisodchi. Ularning ikki qizi va bir o‘g‘li bor. To‘ng‘ich qiz Klara iqtisodchi-huquqshunos. Bugungi kunda u Nyu-Yorkda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlaydi. Bu oilaning yaqin do‘sti, «Turkiston-Amerika» uyushmasi prezidenti Abdulloh Xo‘janing aytishicha, Klara juda iqtidorli mutaxassis, kelajagi porloq, ilm-fan sohasida ajab emaski, onasidan ham oshib ketsa. Keyingi qizi Lili kollejni bitirib, yuqori sinf o‘quvchilariga matematika fanidan dars berish bilan birga universitetda magistr darajasini olish uchun o‘qishni davom ettirmoqda. O‘g‘li Jek esa bugungi kunda Nyu-York universiteti talabasi. Silviya Nazar oilasi bilan Nyu-Yorkning Tarritoun qismida istiqomat qilishadi.

Amerikalik o‘zbek qizi, vatandoshimiz Zulfiya-Silviya Nazarning dunyo miqyosidagi faoliyati albatta bizning iqtisodchilarimizga, qolaversa, o‘sib kelayotgan yoshlarimizga o‘rnak bo‘lishga arziydi.

Mavlon Shukurzoda «Amerikalik o‘zbeklar» (2010) kitobidan

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring