Muhiddin Qoriyoqubov tavalludining 130 yilligi nishonlandi (foto)
«Turkiston» san’at saroyida O‘zbek davlat filarmoniyasi asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Muhiddin Qoriyoqubov tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yubiley kechasi bo‘lib o‘tdi.
Unda madaniyat va san’at mas’ullari va faxriylari, Muhiddin Qoriyoqubovning avlodlari, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat Filarmoniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur yubiley kechasi o‘z davrida musiqa san’atining ko‘plab yo‘nalishlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ustoz san’atkor xotirasiga yuksak hurmat ifodasi bo‘ldi.
Muhiddin Qoriyoqubov nafaqat filarmoniya tashabbuskori, balki yurtimizning opera, musiqiy-dramatik va akademik san’ati shakllanishiga ham munosib hissa qo‘shgan beqiyos tarixiy shaxs hisoblanadi.
Shu sabab dasturda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri hamda Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri artistlari o‘z vaqtida «Sharqning birinchi baritoni» deya yuksak e’tirof etilgan Muhiddin Qoriyoqubov tomonidan ijro etilgan ilk o‘zbek operalaridan parchalar kuylashdi.
Shuningdek, mazkur yubiley kechasida Davlat akademik xalq cholg‘ulari orkestri hamrohligida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Munojat Yo‘lchiyeva, Mansur Toshmatov, Zamira Suyunova, Jenisbek Piyazov hamda xonandalar Rustam Alimardonov, Sevara To‘lanova, Dilfuza Qobilovalar chiqish qilishib, Muhiddin Qoriyoqubov repertuaridagi qo‘shiqlardan ijro etishdi.
Dastur davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Xor jamoasi hamda Davlat Xor kapellasi tomonidan ijro etilgan asarlar hamda «Shodlik» raqs ansambli va «Bahor» davlat raqs ansambllarining jozibador chiqishlari tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Ushbu tantanali dastur bilan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 90-konsertlar mavsumi ham rasman ochildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter