Shavkat Mirziyoyev yangi O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi bilan tanishdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida barpo etilayotgan yangi O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Muzeyning me’moriy konsepsiyasi jahonning eng mashhur arxitektorlaridan biri, nufuzli Pritsker mukofoti sohibi Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan.
Uning loyihasi bo‘yicha bunyod etilgan muzey va madaniy maskanlar Yaponiya, Yevropa hamda AQShda yuksak qadrlanadi. Tadao Andoning me’moriy uslubi chizgilarining soddaligi va aniqligi, makon va yorug‘lik uyg‘unligiga o‘ziga xos yondashuvi bilan dunyoga tanilgan.
Milliy muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy loyihalardan biriga aylanishi shubhasiz. Bu dargohda ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va ta’lim maydonlari o‘rin oladi.
«Mamlakatimizdagi ana shunday tarixiy ahamiyatga molik loyihalar ustida dunyo miqyosidagi me’morlar ishlashi biz uchun juda muhim. Ular barpo etgan obyektlar uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, tariximiz va madaniy merosimizning ajralmas qismiga aylanadi», — dedi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter