Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bekoboddagi bolalar bog‘chasida 59 bola ovqatdan zaharlangan. Muassasa vaqtincha yopildi

Bekoboddagi bolalar bog‘chasida 59 bola ovqatdan zaharlangan. Muassasa vaqtincha yopildi

Bekobod hokimiyati

2018-yil 9-noyabr kuni Bekobod shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 8 nafar tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanishi tashxisi ehtimoli bilan yotqizilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Bekobod shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida, hozirgi kunga qadar 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining jami 56 nafar tarbiyalanuvchilari va 2 nafar tarbiyachilari tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan bo‘lib, ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shahar tibbiyot birlashmasining 10.11.2018 yildagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, murojaat qilgan shaxslarning sog‘ligi darajasi o‘rtacha og‘irlikni tashkil etib, «ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisi qo‘yilganligi ko‘rsatilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan sudga oid kimyoviy va bakteriologiya ekspertizalari tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar berishicha, hodisadan so‘ng MTM faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 9-noyabr kuni 17:15 dan 10-noyabr 16:00 ga qadar Bekobod tibbiyot birlashmasi infeksion kasalliklar bo‘limiga intoksikatsiya sindromi klinik alomatlari (diareyasiz) bo‘lgan «o‘tkir gastrit, gastroenterit» dastlabki tashxisi bilan 62 kishi yotqizilgan. Og‘ir holatlar qayd etilmagan. 7 nafar bolaning holati o‘rtacha, qolganlari esa o‘rtacha og‘ir holatdi.

Shifoxonaga yotqizilgan bolalar va kattalardan bakteriologik namunalar olinib, laboratoriyaga yuborildi. Epidemiologik o‘rganishlar hamda bakteriologik tekshiruvlar natijalari bo‘yicha yakuniy tashxis qo‘yiladi.

Ayni vaqtda 20 kishi shifoxonadan chiqarildi. 11-noyabr kuni ertalab ahvoli yaxshilangan yana bir qancha bolalarning chiqarilishi ma’lum qilindi.

Tekshiruvlar vaqtida MTMdagi maishiy muzlatkich markalanmagani va nosoz holatda ekani aniqlandi. Tibbiy hamshira tomonidan kunlik namuna olinmagan. MTMda sabzavot va ildiz mevali o‘simliklarni tozalash va ishlov berish uchun alohida xona bo‘lmagan.

Bekobod hokimi MTM uchun muzlatkich uskunasini xarid qilish bo‘yicha choralarni ko‘radi.

Epidemiyaga qarshi choralarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga metodik yordam berish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori, professor N.Otabekov hamda respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov boshchiligidagi infeksionistlar va epidemiologlar guruhini jo‘natdi.

8-MTM 280 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 11 ta guruh, jumladan 2 ta qisqa muddatli va 9 ta 10,5 soatlik guruh faoliyat ko‘rsatadi. Ro‘yxatga ko‘ra, bolalar bog‘chasiga 235 nafar bola qatnaydi, 9 noyabr kuni esa 205 nafar bola bo‘lgan.

Namunaviy muassasa 1980-yilda qurilgan, markazlashgan suv ta’minoti, tabiiy gazda ishlovchi o‘z qozonxonasi mavjud.

Bekobod DSEM qaroriga ko‘ra, MTM faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, muassasada dezinfeksion tadbirlar o‘tkazilib, to‘liq yuvib chiqiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring