Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chirchiqda «yonboshlab» qolgan uy yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi

Chirchiqda «yonboshlab» qolgan uy yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi

Bir muddat oldin Chirchiq shahridagi «Yangi O‘zbekiston» massivida qurib topshirilganiga ko‘p bo‘lmagan ko‘p qavatli uyning bir tomonga qiyshayib, «yonboshlab» qolgani aytilgan edi.

O‘z navbatida, qurilish vazirligi pudratchi «Yangi zamon bino» MChJ tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan uyning ushbu holatga kelib qolgani yuzasidan o‘rganish o‘takazilishini ma’lum qilgandi.

Vazirlikning Geologik izlanishlar xulosasiga tayanib ma’lum qilishicha, ushbu binoda «cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar to‘g‘risida»gi shaharsozlik norma va qoidalarining 9-bandi talablariga muvofiq  qurilish ishlari bajarilgan. Biroq 2022 yil bahor-kuz mavsumidagi yog‘ingarchiliklar tufayli ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari irrigatsiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirgan va bino atrofiga yig‘ilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga to‘yinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan ko‘chgan.

O‘z vaqtida mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha esa «Qishloqqurilishloyiha» instituti tomonidan quruvchi tashkilot rahbariyatiga yozma ko‘rsatma berilgan, biroq pudratchi tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan.

Yuqoridagi holat kelib chiqqandan so‘ng esa quruvchi tashkilot «Qishloqqurilishloyiha»ga murojaat qilgan va institut tomonidan tegishli  loyihaviy yechimlar ishlab chiqilgan.

Taqdim etilgan loyihaviy yechimlarga asosan pudratchi tomonidan zudlik bilan tegishli ishlar amalga oshirilishi zarurligi belgilandi.

Mahalliy hokimiyat vakillaridan esa hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigatsiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta ko‘rib chiqishi so‘ralgan.

«Mazkur binolar qurilishiga mas’ullar hamda soha ekspertlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha takliflar bildirildi. Ular orasida eng maqbullari saralanib, o‘n kun muddatda amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi», – deyiladi vazirlik munosabatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring