Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston TIV Rossiyadagi migrantlarning huquqlari yuzasidan xavotir bildirdi

O‘zbekiston TIV Rossiyadagi migrantlarning huquqlari yuzasidan xavotir bildirdi

O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari B.Usmonov Rossiyaning mamlakatimizdagi elchisi O.Malginov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini kelishib oldilar.

Shuningdek, migratsiya sohasida ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan: O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada ishlash uchun tashkiliy jalb etish masalalarini tartibga solish yuzasidan ikki tomonlama ishchi guruh har oy muntazam yig‘ilishlar o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga, konsullik xizmatlari sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga, shuningdek mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal qilishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi. Bularga fuqarolarning jo‘nab ketishidan oldingi til va kasbiy tayyorgarlik, ruxsat berish tartib-taomillarining bir qismini O‘zbekistonda amalga oshirish va qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash kabi masalalar kiradi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Rossiya tomonining e’tiborini Rossiya Federatsiyasida O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishi va ularga nisbatan qo‘pol muomala holatlari haqidagi ko‘payib borayotgan xabarlarga qaratdi.

Bunday holatlar Rossiya hududida mehnat faoliyati olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini buzish hisoblanishi, bu huquq va erkinliklar esa yashab turgan mamlakat qonunchiligi asosida ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, ko‘tarilgan masalani sinchkovlik bilan o‘rganish va O‘zbekiston tomonining xavotirlarini Rossiya Federatsiyasining tegishli vakolatli organlariga yetkazish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarining ikki mamlakat hududidagi huquq va erkinliklarini o‘zaro ta’minlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring