Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmdagi mehribonlik uyi qizlarining zo‘rlanishiga oid «ish»ga yangi epizodlar qo‘shilishi mumkin

Xorazmdagi mehribonlik uyi qizlarining zo‘rlanishiga oid «ish»ga yangi epizodlar qo‘shilishi mumkin

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentyabrdagi hukmi bilan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgani uchun 1 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi berilgan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aybek Masharipov hamda Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq rahbari Anvar Kuryazovga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan (2022 yil 27 dekabrda appelyasiya tartibida ham ko‘rilgan va hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan) viloyat prokuraturasi joriy yil 3 aprel kuni protest keltirgan edi.

Unda prokuratura suddan Masharipov va Kuryazovga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilishni va ishni apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protestini qanoatlantirib, ushbu jinoyat ishini yangidan apellyasiya instansiya sudida ko‘rish uchun Toshkent shahar sudiga yuborgan. 

Oliy sud axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, sud majlisida prokuror sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 416-417-moddalari tartibida sudlanuvchilarga yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi hujjatlarini ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborish to‘g‘risida ajrim chiqarishni so‘ragan.

Apellyasiya instansiya sudlov hay’ati prokuror iltimosnomasini qanoatlantirib, sudlanuvchilarga oid jinoyat ishi bo‘yicha ajrim qabul qilib, Xorazm viloyat prokurorining o‘rinbosariga yuborildi va jinoyat ishini ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring