Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolangni maktabga nonushtasiz yuborma, dugonajon!

Bolangni maktabga nonushtasiz yuborma, dugonajon!

Va nihoyat, ta’til kunlari tugab, sen oylab kutgan maktab ham boshlandi. Agar farzandlaring yozgi ta’tildagidek kech uyg‘onib, nonushtasiz ham kunni boshlashga o‘rganib qolgan bo‘lsa, endi bu odatni o‘zgartirish vaqti keldi, dugonajon. Chunki maktabga borgan bolaning kuni shunchaki qorni to‘q holda emas, to‘g‘ri ovqatlangan holda boshlanishi muhim. «Vaqtim yo‘q edi», «maktabda yeb olar», «bitta pechene yeb ketdi-ku» degan gaplarni ertalabki odatga aylantirib qo‘yma.

Chunki farzanding darslarni yaxshi o‘zlashtirishi, sen xohlagandek a’lo baholarga o‘qishi uchun uning har kuni to‘g‘ri va to‘yimli nonushta qilishi juda muhim. Agar farzandlaring xususiy maktabga borsa, yana bir karra omading kulgan ekan. Ammo o‘zimiz qatori davlat maktablarida o‘qiyotgan bo‘lsa, ularning o‘z vaqtida ovqatlanishidan tortib, uy vazifalarini yaxshi bajarishigacha sen — onaning gardaningda.

Nonushta deganda hali ham shoshilibgina kolbasa yoki sosiska qovurib berishni tushunsang, bu odatingni o‘zgartirish vaqti keldi, dugonajon. Chunki o‘sib kelayotgan organizmga har kuni faqat qorinni to‘ydirish emas, balki oqsil, murakkab uglevodlar, vitaminlar, minerallar va foydali yog‘larga boy, xilma-xil mahsulotlar kerak.

Shuning uchun bugun men senga «ertalab nima tayyorlayman?» degan savoldan qutulishga yordam beraman. Unutma, yaxshi nonushtada oqsil, donli mahsulotlar, meva va sabzavot bo‘lishi kerak.

  • Masalan, tuxumni olaylik. Tuxum — nonushta uchun eng qulay mahsulotlardan biri. Qaynatilgan tuxumdan iborat oddiy nonushtaning o‘zi ham ancha to‘yimli.
  • Ertaga suli yormasini sut yoki suvda pishir. Ustiga maydalangan banan yoki olma va biroz yong‘oq qo‘sh. Agar bolang shirinlikni yaxshi ko‘rsa, shakar o‘rniga tabiiy asal solib berganing ma’qul.
  • Qatiq yoki shakarsiz yogurtga banan, olma, nok kabi mevalarni maydalab qo‘sh. Ustiga biroz suli yormasi yoki yong‘oq sepishing mumkin. Bu ham tez, ham yengil, ham maktabga shoshilayotgan paytda juda qo‘l keladi.
  • Tvorogga maydalangan banan yoki boshqa meva qo‘sh. Yoniga bir bo‘lak non va bodring yoki pomidor ber. Agar farzanding tvorogni yaxshi ko‘rmasa, uni meva bilan aralashtirib ber.

Endi eng muhim gap, dugonajon. Farzandingga «miyasi yaxshi ishlasin» deb bitta mahsulotni majburan yedirish shart emas. Xotira va diqqat uchun umumiy ovqatlanish tartibi muhim. Bola yetarli uxlashi, kun davomida suv ichishi, turli xil mahsulotlar iste’mol qilishi va muntazam ovqatlanishi ham ahamiyatli.

Nonushtani ham har kuni bir xil qilib qo‘yma. Bugun tuxum, ertaga suli bo‘tqasi, keyingi kuni tvorog yoki qatiqli meva tayyorla. Shunda bolang ham zerikmaydi, sen ham har tong «bugun nima tayyorlayman?» deb bosh qotirmaysan.

Yana bir muhim maslahat, maktabga ketishidan oldin bolangni shoshirib ovqatlantirma. Iloji bo‘lsa, uyg‘onish bilan emas, maktabga chiqishdan oldin yetarli vaqt qoladigan qilib kun tartibini yo‘lga qo‘y.

Dugonajon, bolangni faqat a’lo baho uchun emas, sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishi uchun ovqatlantir. A’lo baho — yaxshi, albatta. Ammo sog‘lom farzand undan ham katta boylik. Unutma, bolaning sog‘lom odatlari sening oshxonangdan boshlanadi, dugonajon.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring