Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abdusattor Uzoqov: «Chiqindidan pul qilsa bo‘ladi»

Abdusattor Uzoqov: «Chiqindidan pul qilsa bo‘ladi»

Foto: «Xabar.uz»

Navbatdagi suhbatdoshimiz yosh tadbirkor, o‘z faoliyatini innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanish hisobiga kengaytirishga intilayotgan Abdusattor Uzoqov.

— Abdusattor, tadbirkorlikka qo‘l uribsiz deb eshitdim. Keling, suhbatimizni shundan boshlasak.

— Ha, tadbirkorlik bo‘yicha bir nechta ishni boshlab qo‘ydim. Albatta, oliygohda olgan tahsilim yordamida.  Toshkent davlat agrar universitetini tamomlaganman. Mutaxassisligim — iqtisodiyot sohasida faoliyat olib boryapman, qolaversa, garchi bu sohada diplomim bo‘lmasa ham, shaxsiy qiziqishim bois o‘zim uchun sevimli axborot texnologiyalari yo‘nalishida izlanishlar olib boryapman. Keling, yaxshisi, o‘z loyihalarimga to‘xtalib, qilgan va qilayotgan ishlarim haqida gapirsam.

— Albatta…

— Ilk loyihalarimdan biri «Bio ticket» deb nomlanadi. Uning ustida 2014 yildan buyon ish olib boryapmiz. Bu loyiha yagona serverda ishlovchi dastur hisoblanib, elektron chiptalarning so‘ngi avlodidir. Dasturimiz universal. Demoqchimanki, loyiha hozirgi kunda yurtimizda mavjud onlayn chipta saytlariga raqobatchi emas, balki mutlaqo yangilangan universal tizim bo‘lib, yangi avlod texnologiyasi ishlab chiqilmoqda. Moliyaviy muammolar sabab loyiha hozircha to‘xtab qoldi…

Keyingi loyihamiz — «Eko business». Buni boshlaganimizga ham bir yildan oshdi. Loyihani Toshkent davlat texnika universitetining faol talabalari — Bobur Ne’matov, Behzod To‘xtamurodov; INHA universiteti talabasi — Saidakmal  Majidxo‘jayev, TATU talabalari — Ulug‘bek Ismatov, Hasanboy Mamataliyev, Umid Rustamovlar bilan birga ishlab chiqyapmiz. Mamnun qiladigani, ruhlantiradigani, tashabbusimizni Turin politexnika universiteti to‘liq qo‘llab-quvvatlagani bo‘ldi. U yerdagi mutaxassislar ham bizga yordam berishyapti. «Eko business» haqida qisqacha ma’lumot beradigan bo‘lsam, u «aqlli shahar» loyihasi doirasida qo‘llaniladi. Ya’ni shu yerda yashaydigan aholi tashlaydigan chiqindilari hisobiga moddiy rag‘batlantirib boriladi. Oddiy tushuntiradigan bo‘lsam, siz chiqindi tashlaysiz va «aqlli savat» siz tashlagan chiqindiga yarasha hisobingizga pul joylab boradi. Bu ekologik vaziyat dolzarb bo‘lib turgan bugungi kunda juda ham foydali yechim deb o‘ylayman. Odamlar yelim paketlar, polietilen idishlar, «baklashka»larni duch kelgan yerga uloqtirmasdan maxsus «aqlli» idishlarga tashlashadi. Xullas, loyihamiz takomillashib, yaqin kelajakda keng qamrovli foydalanilsa, ham atrof-muhit, ham odamlarning moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga hissa qo‘shsa kerak.

Har bir loyihani ishlab chiqishga o‘rtacha 2-3 yil ketadi. Chunki biz loyihalarni asosiy ishlarimizdan bo‘sh vaqtda bajaramiz.

Abdusattor Uzoqov. Foto: «Xabar.uz»

«Aqlli egar» loyihasini ham ishlab chiqqanmiz. Bu ot sporti bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning xavfsizlini ta’minlashga qaratilgan. Oddiy tushuntirsam, chavandozning yiqilish ehtimoli yuzaga kelganda egarning uzangi qismi yordamga keladi.

Ya’ni qanday?

— Sportchi yiqilsa uning oyog‘i uzangida qolib ketishi va ot uni sudrab ketishi mumkin. Bu sportchining salomatligi va hayoti uchun xavfli. «Aqlli egar» ayni shu xavfni bartaraf etadi: sportchi yiqilgan vaziyatda uning yiqilgani maxsus sensorlar orqali aniqlanadi va shu zahoti uzangi uzib yuboriladi.

— Shu kungacha erishgan yutuqlaringizga ham to‘xtalsangiz.

— Aslida juda ko‘p tanlovlarda ishtirok etganman. Uyda bir odamga yetadigan diplom va sertifikatlarni to‘plab qo‘yganman.  Ammo ularning birontasi ham o‘zim niyat qilgan natijalarni qo‘lga kiritdim deya olishimga yetarli emas deb o‘ylayman. Keling, shu savolni bir necha yilga qoldirib tursak. Qilayotgan ishlarimiz odamlarning tiliga tushsin, mana bu men uchun haqiqiy yutuq bo‘ladi.

— Hozirgi imkoniyatlardan unumli foydala olyapsizmi? Qolganlar-chi? Chindan ham o‘zi imkoniyat bormi? Yoki hammasi quruq gap deb o‘ylaysizmi?

— Nega endi? Imkoniyatlar bor, albatta. Misol uchun 2018 yilning «Faol tadbirkorlik, innovatssion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb belgilanishining o‘zi bir turtki. Izlanganga imkon bor, bundan foydalanmaslikni katta dengizda manzil tomon eltadigan shamolni sezib-bilib, kemaning yelkanini ochmaslikka qiyoslayman. Nima deyman: «Langarni ko‘taring, yelkanni oching!..»

Do‘stlaringizning aytishicha, siz juda muvaffaqiyatli inson ekansiz. Buning siri nimada?

— To‘g‘risi, bundan bexabarman (kuladi). O‘zimga aytishmagan. Lekin men o‘zimni hali ham o‘rganuvchi — shogird hisoblayman. Ustozlarim bergan bilim, ko‘rsatmalar, yo‘l-yo‘riqlar meni doim oldinga undagan. Keling, yaxshisi, muvaffaqiyatning kaliti bu —harakat deya qolaylik!

Innovasion texnologiya va faol tadbirkorlik? Siz qaysi qatlamdasiz?

— Agar foiz hisobida qarasak: 90 foizi — innovatsion texnologiya, 10 foizi — tadbirkorlik. Aytmoqchi, hozir ilmiy maqolalar va ilmiy ishlar bilan o‘ta bandman. Shularni tugatib olsam faol tadbirkorga aylansam kerak…

— Yurtimizdagi siz havas qiladigan tadbirkorlar kimlar?

Yangi loyihalarimda «biznes» so‘zi ko‘p ishlatilati. Ya’ni men shu yo‘lda o‘rganuvchiman. Shunday ekan o‘zining doimiy mijoziga va ishonchiga ega bo‘lgan har bir tadbirkorga havas qilaman.

Kitob yoki internet? Qaysi yaxshi? Qaysidan ko‘p foydalanasiz?

— Tan olaman, bir texnik qurilmaning ishlashi va uni qanday ishlatishni internetdan o‘rganaman. Kim noodatiy loyiha qilmoqchi bo‘lsa, kitob juda ham katta ahamiyatga ega. Misol uchun, «Ot 3D» grafikasini ishlab chiqishda jamoamizning dizayneri va yetakchilaridan biri Hasanjon Mamataliyev bilan birga bir necha bor haqiqiy ma’lumotlarga, ya’ni kitobga tayanishga majbur bo‘lganmiz.

Kelajak rejalaringiz?

— Judayam ko‘p ko‘p! To‘g‘risi, yurtimni rivojlantirib yuboraman deydigan balandparvoz gaplardan qochaman. Lekin bu yo‘lda bor kuch–g‘ayratimni sarflayman. Imkoniyatlar bor. To‘g‘ri, rivojlangan mamlakatlar safida emasmiz. Ammo rivojlanayotgan mamlakatlar safidamiz. Tez orada birinchilar safiga kirishimizga ishonaman. Loyihalarimiz qo‘llab-quvvatlanmoqda, e’tibor va e’tirof ham bor. Rosti-da! Biror innovatsion loyiha qilsang yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsang hamma sharoit bor. Faqat bizda qiladigan ishlarimizga ishonch, mehnatga bo‘lgan muhabbatimiz yuqori bo‘lsa bas! Hozir tanballik qilib, tomoshabin bo‘ladigan davr emas. Temirni qizig‘ida bosib qolish kerak!

— Ochiq va samimiy suhbatingiz uchun sizga tashakkur!

— Mehnatlarimizni e’tiborga olib, ruhlantirib turganingiz uchun sizlarga ham rahmat.

G‘ulomjon Nazarov suhbatlashdi

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring