Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: pentakampeonlar

Bitta kubok uchun 32 jamoa: pentakampeonlar

Foto: «Eurosport»

Avval xabar berganimizdek futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlangunga qadar uning ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilmoqchimiz. Ilk maqola musobaqa mezbonlari Rossiya haqida bo‘lgan edi. Navbat saralash o‘yinlari orqali jahon chempionatining ilk yo‘llanmasi sohibi bo‘lgan Braziliya terma jamoasiga!

Laqabi: «pentakampeonlar», «tanlanganlar», «sariq-yashillar».

Konfederatsiya: KONMEBOL.

Bosh murabbiy: Tite.

Sardor: Miranda.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Kafu (142).

To‘purar: Pele (77).

Uy stadioni: «Marakana».

FIFA reytingida: 2-o‘rin (2018-yil 12-aprel).

Eng yuqori o‘rin: 1-o‘rin (151 marta).

Eng past o‘rin: 22-o‘rin (2013-yil iyun).

Ilk o‘yin: Argentina Braziliya 3:0 (Buenos-Ayres, Argentina; 1914-yil 20-avgust).

Eng yirik g‘alaba: Braziliya – Nikaragua 14:0 (Mexiko, Meksika; 1975-yil 17-oktyabr).

Eng yirik mag‘lubiyat: Urugvay – Braziliya 6:0 (Vinya-del-Mar, Chili; 1920-yil 18-sentyabr), Braziliya – Germaniya 1:7 (Belu-Orizonti, Braziliya; 2014-yil 8-iyul).

Jahon chempionati g‘olibi: 5 marta.

Amerika kubogi g‘olibi: 8 marta.

Konfederatsiyalar kubogi g‘olibi: 4 marta.

Yutuqlar

Braziliya futbol konfederatsiyasi 1916-yildan KONMEBOL, 1923-yildan FIFA a’zosi. Ushbu terma jamoa jahon chempionatida g‘olib chiqish bo‘yicha dunyoda tengsiz hisoblanadi. 1958, 1962, 1970, 1994 va 2002-yillarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan pentakampeonlar (besh karra chempionlar) barcha jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona jamoadir. Braziliyaliklar shuningdek, 3 ta qit’a (Amerika, Yevropa va Osiyo) va 3 ta materikda (Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevrosiyo) g‘alaba qozongan ilk jamoa sifatida tarixga kirgan. Jamoa 4 bora konfederatsiyalar kubogida, 8 marta Amerika kubogida g‘olib chiqqan. Bu borada ular faqat Urugvay va Argentinadan keyin turishadi.

Foto: football-pitch.ru

Oltin avlod

Braziliya terma jamoasining asosiy yutuqlari o‘tgan asrning 50-yillaridan keyin qo‘lga kiritilgan. Pele, Garrincha, Zagalo kabi futbol yulduzlari bilan uchta jahon chempionatini yutib olgan braziliyaliklar Jyul Rime kubogini o‘zlarida saqlash huquqini qo‘lga kiritishgan. 17 yoshida Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida terma jamoadagi debyutini nishonlagan Pele 3 karra jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchi sifatida tarixga kirgan.

Qayta tug‘ilish

1990-yillarning oxiri — 2000-yillarning boshini Braziliya terma jamoasining qayta tug‘ilish davri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu yillarda Ronaldo, Ronaldino, Kafu, Roberto Karlos, Rivaldo kabi jahon yulduzlari yetishib chiqdi va yana ikki bor (1994 va 2002) jahon kubogini boshi uzra baland ko‘tardi.

Muvaffaqiyatsizlik

Foto: «Interfaks»

So‘nggi jahon chempionati Braziliyada o‘tishi aniq bo‘lgach, ko‘pchilik mezbonlarni asosiy favorit sifatida e’tirof etishdi. Lekin Belu-Orizontida bo‘lib o‘tgan yarim final bahsida Braziliya terma jamoasi birinchi taymning 30 daqiqasida Germaniyadan 5 to‘p o‘tkazib yubordi. Yakuniy hisob esa 1:7! Dahshatli yakundan so‘ng mamlakat shok holatiga tushib qoldi, terma jamoa ishtirokchilari anchagacha o‘ziga kela olishmadi. Bu Braziliyaning shu vaqtgacha bo‘lgan eng yirik mag‘lubiyati edi. O‘sha kuni pentakampeonlarning 39 yillik o‘z maydonidagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yilgan edi.

Asosiy yulduz

Braziliya futbol yulduzlari mamlakati. Terma jamoadagi istalgan futbolchini asosiy qahramon sifatida qo‘rsatsa bo‘ladi. Ammo bugungi kundagi zo‘rlar ichida zo‘ri baribir Neymar ekanligini bilamiz. Jahon chempionatidan keyingi o‘yinlarda asosiy qahramon sifatida aynan «PSJ» hujumchisini ko‘rsatish mumkin. Yangi murabbiy Dunga unga sardorlikni berdi va 10 ta o‘rtoqlik uchrashuvi g‘alaba bilan yakunlandi. To‘plar nisbati ham havas qilgudek – 21:2!

2015-yilgi Amerika kubogida chorak finalga yetib kelgan braziliyaliklar Paragvayga qarshi Neymarsiz o‘ynashlari lozim edi. Murosasiz kechgan bahsda paragvayliklar penaltilar seriyasiga ko‘ra g‘olib bo‘lishdi.

Neymar Braziliya terma jamoasi to‘purarlari ro‘yxatida Pele, Ronaldo va Romariodan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Tayyorgarlik

Pentakampeonlar jahon chempionati saralash bahslarini kutilganidan ham a’lo darajada o‘tkazishdi. Asosiy raqib Argentinaning biroz oqsashi ularni yanada ilhomlantirgan chog‘i, birin-ketin barcha jamoalarni mag‘lub eta boshlashdi. Yakuniy natijaga ko‘ra ikkinchi o‘rindagi Urugvaydan 10 (!) ochko ilgarilab ketishdi. Hatto o‘zlari uchun ahamiyatli bo‘lmagan o‘yinda Chilini jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mahrum etishdi.

Saralashdan so‘ng jahon chempionatiga tayyorgarlikni ko‘ngildagidek o‘tkazgan jamoa o‘z o‘yinlari bilan musobaqaning asosiy favoriti ekanligini yana bir bor eslatib qo‘ydi. Moskvada bo‘lib o‘tgan bahsda ruslarni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan sariq-yashillar so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini amaldagi jahon chempioni Germaniyaga qarshi o‘tkazishdi. Kichik hisobdagi g‘alaba bugungi kunda qaysi jamoa kuchliroq ekanini ko‘rsatib berdi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol mualliflari

Shahar

1

2017-yil 11-oktyabr

Chili

3:0

Paulino,

Jezus 2 ta

Belu-Orizonti

2

2017-yil 10-noyabr

Yaponiya

3:0

Neymar, Marselo, Jezus

Lill

3

2017-yil 14-noyabr

Angliya

0:0

London

4

2018-yil 23-mart

Rossiya

3:0

Miranda, Koutino, Paulino

Moskva

5

2018-yil 27-mart

Baraziliya

1:0

Jezus

Myunxen

Yo‘qotishlar

Asosiy yo‘qotish shubhasiz Neymar bilan bog‘liq. Fevral oyida Fransiya chempionati doirasidagi «Marsel»ga qarshi o‘yin uning uchun omadsiz yakunlandi. Avvaliga uch haftaga safdan chiqqani e’lon qilingan hujumchining chap oyog‘idagi jarohat jiddiy bo‘lib chiqdi va u operatsiya qilindi. Hozir tiklanish jarayonida bo‘lgan Neymarning oyoqqa turib ketishini nafaqat braziliyaliklar, balki butun dunyodagi muxlislari kutishmoqda.

Foto: «Sport-Ekspress»

Raqiblar

Qur’a natijalariga ko‘ra braziliyaliklar guruh bahslarida Yevropaning ikki jamoasi Shveysariya va Serbiya, shuningdek KONKAKAF yetakchisi Kosta-Rika terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Ko‘rinishidan unchalik kuchli bo‘lmagan raqiblar ichida so‘nggi jahon chempionati ishtirokchilari Shveysariya hamda Kosta-Rikaning Braziliyadagi chempionatda nimalar qilgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring