Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bunaqasi kam uchraydi: bir xil jinoyatga har xil jazolar...

Bunaqasi kam uchraydi: bir xil jinoyatga har xil jazolar...

Foto: «Forbes Ukraina»

Sud amaliyotidagi ba’zi ishlar odamning hafsalasini pir qiladi. Masalan, sud bir jinoiy guruh a’zolarini javobgarlikka tortar ekan, o‘sha guruh rahbariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlaydi. Biroq guruhning boshqa a’zolarini esa 18 yil, 16 yilga «kesib» yuboradi?! Yo‘q, bu hind kinolaridagi chuchmal syujet emas, balki O‘zbekiston sud tizimda bo‘lgan real voqelikdir. Bu manzarani ko‘rgan, eshitgan odamning ko‘nglidan nimalar o‘tadi?! Buyam mayliku-ya, javobgarlikka tortilgan jinoiy guruhning ayrim a’zolarining shikoyatidan so‘ng tayinlagan 18 yillik jazo muddatlari olti-yetti yilga qisqartiriladi. Biroq shikoyat yozmaganlarning jazo muddati 16 yilligicha qolib ketaveradi?! Bunisiga nima deysiz?

Bu haqda «Advokatnews.uz» sayti «Adolat ustivorligi sari» advokatlik hay’ati advokati Kadir Yulchiyevga tayanib yozmoqda. Maqola shunday davom etadi:

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati (11.11.2018-y.)  JIB Toshkent viloyat sudining 2012-yil 3-avgustdagi hukmiga ko‘ra 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan (mazkur jazo JIB Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasida 12 yilga kamaytirilgan) ikki nafar mahkum  E. va A.larning advokatlari tomonidan nazorat tartibida berilgan shikoyatiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘rib chiqib, ajrim chiqaradi.

Ajrimdan ma’lum bo‘lishicha (bu yog‘ini jindek sabr va chidam bilan o‘qiysiz, sud hujjatidagi bayonlardan kelib chiqib keltirilmoqda — tahr.) mahkum E. bir korxonaning norasmiy rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib, ushbu korxonaning boshqaruvchisi hamda boshqa korxonaning rahbari lavozimida ishlagan A., shu korxona bosh hisobchisi va boshqa shaxslar bilan jinoiy faoliyat olib borish haqida oldindan til biriktirib, uyushgan guruh tuzib va unga rahbarlik qilib, 2009-yil 10-oktyabrdan boshqa bir korxona rahbari lavozimida ishlagan K. (shu shaxsni eslab qolishingizni tavsiya qilamiz) hamda boshqalar rahbarlik qilib kelayotgan uyushgan guruhlar bilan jinoiy uyushmaga birlashib, jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, 2011-yil yakuniga qadar faoliyati davomida ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini talon-toroj qilish, qonunga xilof ravishda juda ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklarini o‘tkazish, soliqqa doir qonunchlikni buzish, takroran mansab soxtakorligi, juda ko‘p miqdorda pora olish va berish, yuridik shaxslarning qat’iy hisobdagi hujjatlari, shtamplari, muhrlari, blankalarini egallash va ularni nobud qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan.

Eng e’tiborga molik jihatlardan biri esa, advokatlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, mazkur mahkumlarga doir jinoyat ishi bo‘yicha jinoiy uyushmaning tashkilotchisi va rahbari hisoblangan shaxsga JIB Zanigota tuman sudi 2018 yil 8 yanvardagi hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo — 4 yilu 4 oydan oshiqroq muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shu bois Oliy sud JIB sudlov hay’ati «bunday holatda, sud qarorlarining E. va A.larga nisbatan jazo tayinlash qismini adolatli deb bo‘lmaydi» degan xulosaga keladi. Shular va boshqa asoslarga ko‘ra Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, hukmni o‘zgartiradi va E.ga 6 yilu 8 oy, A.ga 6 yilu 9 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlaydi.

Jinoiy guruh boshlig‘iga ozodlikni cheklash jazosi ravo ko‘rilgan bir paytda uning a’zolari 6-7 yilga ozodlikdan mahrum qilinar ekan, demak, shunga asos bordir. Zero, har holda, 18 yil qayerdayu 6-7 yil qayerda?

Biroq advokat e’tirozi esa sal boshqacharoq yo‘nalishda: «Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ikki nafar shaxsning advokatlari tomonidan kiritilgan nazorat tartibidagi shikoyatlar asosida jinoyat ishini o‘rganar ekan, birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudlanganlarga «qilmishlariga nomuvofiq me’yorda jazo tayinlagan» deb topgan bo‘lsa-da, faqat shikoyat qilgan ikki nafar mahkumga tayinlangan jazolarnigina kamaytirish bilan cheklanib, «sud qarorining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilsin», deya ajrim chiqargan. Oqibatda xuddi shu jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan jinoiy guruhning yoppasiga ayblangan boshqa a’zolariga tayinlangan o‘sha «qilmishlariga nomuvofiq me’yorda»gi ko‘p yillik jazolar qolib ketavergan. Ularga tegishli qism nega o‘zgarishsiz qoldirilmaganligi esa asoslanmagan. Endi aytingchi, shu adolatga to‘g‘ri keladimi? Qolaversa, yuqori instansiya sudi quyi instansiya sudlarining xatolariga nafaqat o‘zi ko‘rgan jinoiy ishda duch kelganida, balki boshqa qaysidir yo‘l bilan o‘ziga yetgan dalillar asosida aniqlaganida ham ularni bartaraf qilishi shart emasmi? Oliy suddek idora o‘zining quyi tizimlarida nohaqlikka yo‘l qo‘yilganini ko‘ra-bila turib unga ko‘z yumishi mumkinmi? Vaholanki, mavjud qonunchilikka ko‘ra Oliy sud jinoyat ishi hujjatlarini o‘z tashabbusi bilan ham nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega.

Ushbu ajrim bilan jazosi yengillashtirilganlarning sherigi sifatida qayd etilganlardan biri, ya’ni K.ga tayinlangan jazo ham (birinchi instansiya sudi 16 yil, kassatsiya instansiyasi sudi 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilagan) xuddi E. va A.ga berilgani kabi asossiz ravishda juda ortiqcha bo‘lganligi bois uni ham qayta ko‘rib chiqishni so‘rab advokat R.Dalimov tomonidan Oliy sudga murojaat yozilgan. Ammo Oliy sud sudyasi Z.Fayziyev tomonidan berilgan «qisqa va lo‘nda» javobda mazkur shaxsga nisbatan chiqazilgan hukmning to‘g‘ri ekanligi aytiladi, xolos.

Bunday qup-quruq javob e’tirozdan boshqa narsani keltirib chiqarmaydi. Ayniqsa, mazkur jinoyat ishida mahkumlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavfiga huquqiy baho berilmasdan, yoppasiga deyarli bir xil jazo tayinlangan. Hech bo‘lmasa ayblanuvchilarning lavozimi va vazifasiga, qaysi biri jinoiy guruh yetakchisiyu, qaysi biri oddiy ijrochi ekanligiga ham e’tibor qaratmagan. Hatto jazoning jarima qismi ham hammasi uchun tiyin-tiyinigacha bir xil. Shu bois ham kassatsiya instansiyasi E. va A.ga berilgan 18 yillik jazolarni 12 yilga, K.ga tayinlangan 16 yillik jazoni 11 yilga kamaytirgan (boshqa mahkumlar bo‘yicha ham jazolar shu kabi deyarli proporsional qisqartirilgan). Shunday bir holatda yuqori instansiya sanaladigan Oliy sud hay’ati ayrim mahkumlarga berilgan jazo muddatlarini keskin qisqartirib, boshqalarini o‘zgarishsiz qoldirar ekan, buni albatta asoslab berishi kerak emasmi? Agar shunday tushuntirish berilmasa, advokatni qo‘ya turaylik, boshqa mahkumlar, oddiy xalq bunday turlicha munosabatni qanday baholaydi?

Buning ustiga, yana aniq misolimizga qaytadigan bo‘lsak, E. va A.lar uchun jazo muddatini yengillashtirishga asos qilib olingan «qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yoshi, oilaviy sharoiti, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani, muqaddam sudlanmagani, jinoyatlarni sodir etishdagi ishtirok darajasi», yetkazilgan zararni to‘laganligi kabi jihatlar jazosi o‘zgarishsiz qolgan mahkum K.da ham mavjud. Qolaversa, K.ning sog‘lig‘i ham ayni paytda ancha yomon bo‘lib, bir qancha og‘ir xastaliklarga chalingan, hatto qamoqdalik paytida og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgani bois yurish va tik turish imkonidan ham mahrum bo‘lib qolgan.

Xullas, men advokat sifatida, o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda K. bo‘yicha yozilgan shikoyat mazmuni Oliy sud sudyasi tomonidan o‘rganib ko‘rilmasdan, unga nomigagina javob berilgan deb hisoblayman. Chunki aksariyat shikoyatlarga Oliy suddan mana shunaqa asoslantirilmagan javob kelishiga o‘rganib qolganmiz.

Shularni o‘ylasang, mamlakatimiz sud-huquq tizimida hali yechimini kutayotgan muammolar juda ko‘pligini tan olmaslikning iloji qolmaydi. Ammo, eng muhimi, ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday aniq choralar ko‘rilmoqda degan savolga, shaxsan menda, jo‘yali javob yo‘q...»

...Tahririyat mazkur jinoyat ishi hujjatlari bilan to‘liq tanish emas. Shu bois advokatning bu masaladagi mulohazalarini himoya qilish fikridan ham yiroq. Umuman, bu o‘rinda keltirilgan misol kimnidir himoya qilishni nazarda tutmaydi. Balki, asosiy gap, bitta jinoyat ishi bo‘yicha «alohida maqom»ga ega guruh rahbariga yengilroq, boshqa — qilmishi deyarli bir xil bo‘lgan mahkumlarga  bir-biridan keskin farq qiluvchi jazolar tayinlangani, darhaqiqat, jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala. Zero, qonun barchaga barobar, illo adolatning mazhabi bo‘lmaydi.

P.S.: Yuqorida misol keltirilgan masala bo‘yicha advokat tomonidan joriy yilning 18-yanvar kuni Oliy sudga nazorat tartibida takroriy murojaat qilingan bo‘lib, haligacha javob kelmagan. Vaholanki, Jinoyat-protsessual kodeksining 514-moddasida eng uzoq muddat 2 oy ekanligi ko‘rsatilgan: «Nazorat tartibidagi shikoyat bir oygacha bo‘lgan muddatda, ish talab qilib olinadigan va tekshiriladigan hollarda esa ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring