Chaqmoq urib, tirik qolganlar
Bu mavzu juda qiziq. Tarixda bir necha marta chaqmoq urganiga qaramay tirik qolgan va hatto mashhur bo‘lib ketgan odamlar bor...
Roy Sallivan
Chaqmoq yetti marta urgan inson. U Ginness rekordlar kitobiga kirgan. Sallivan Shenandoa milliy bog‘ida o‘rmon qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan va xizmat paytida chaqmoqqa qayta-qayta duch kelgan.
Birinchi marta uni 1942 yili chaqmoq urgan. Keyin esa turli yillarda yana olti marta bu xavfoi hodisa takrorlangan.
Har safar Sallivan tanasining turli qismlari kuygan, sochlari yongan, qulog‘i shikastlangan, ammo tirik qolgan. Qizig‘i, oxirgi hodisadan keyin hatto baliq tutayotganda ayiq unga hujum qilgan. Shuning uchun do‘stlari hazillashib, uni «tabiatning eng omadsiz odami» deb atashgan.
Melvin Roberts
Uning hayotida ikki marta chaqmoq urish hodisasi bo‘lgan.
Birinchi marta mashinasida ketayotganida chaqmoq avtomobilga tushgan. Oradan bir necha yil o‘tib, ikkinchi marta uyi oldida turganida yana chaqmoq urgan. Ikkala holatda ham Roberts tirik qolgan.
Moro Sanches
Kubada yashagan bu fermerga qisqa vaqt ichida bir necha marta chaqmoq urgani haqida mahalliy matbuotda xabarlar chiqqan. Shundan keyin u uyiga maxsus chaqmoq qaytargich o‘rnatgan va noxush ob-havoda umuman tashqariga chiqmay qo‘ygan.
Bill Devidson
Uni Avstraliyada qayiqda baliq ovlayotganida chaqmoq urgan edi. Yuragi bir muddatga to‘xtab qolgan, ammo hamrohlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, hayotini saqlab qolishgan.
Ha, ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, chaqmoq urgan ayrim odamlar tirik qoladi. Zamonaviy tibbiy yordam tufayli tirik qolish ehtimoli ancha yuqori, ammo ko‘pchilikda turli asoratlar qoladi. Ularda xotiraning susayishi; doimiy bosh og‘rig‘i, eshitish yoki ko‘rishning yomonlashishi; asab tizimi shikastlanishi, kuyish izlari, yurak ritmining buzilishi yuz beradi...
Nega ba’zi odamlarni bir necha marta chaqmoq uradi?
Bu «qarg‘ish» emas. Mutaxassislar mazkur jarayonning bir nechta sababini ko‘rsatishadi Ya’ni, bu hodisa insonning ko‘p vaqt ochiq maydonda ishlashi, tog‘li yoki o‘rmonli hududlarda bo‘lishi, baland joylarda tez-tez yurishi, tasodiflar yig‘indisi bilan bog‘liq. Shu sababli o‘rmon qo‘riqchilari, fermerlar, tog‘ qutqaruvchilari va elektr tarmoqlari xodimlari boshqalarga qaraganda ko‘proq chaqmoq xavfiga duch kelishadi.
Roy Sallivanning yetti marta chaqmoq urishidan omon qolishi esa haligacha insoniyat tarixidagi eng g‘aroyib va eng mashhur holat hisoblanadi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter