Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat xizmatlari: qulayliklar ko‘payadi... agar to‘siqlar bo‘lmasa

Davlat xizmatlari: qulayliklar ko‘payadi... agar to‘siqlar bo‘lmasa

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligida bugun, 21-iyul kuni kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Agentlikning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, tashkilot o‘tgan 6 oylik faoliyatini sarhisob qilib, amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olgan.

Qo‘shimcha xizmatlar uchun sinov

Respublikamizning har bir hududida joylashgan bittadan jami 14 ta Davlat xizmatlari markazida sinov tariqasida xalqimiz talabi yuqori bo‘lgan qo‘shimcha xizmatlar joriy etildi. Bu esa, odamlar bir masalada bir necha idoraga bormasdan, bir joyning o‘zida kerakli xizmatlardan foydalanishini ta’minlayapti.

Bu xizmatlar sinov tariqasida joriy etilishidan asosiy maqsad — ulardan talab eng yuqori bo‘lganlarini aniqlash, kerak bo‘lsa ulardan foydalanish tartibini soddalashtirish, kelgusida bu xizmatlarni respublikamizning barcha tuman (shahar) markazlarida joriy etish edi.

Davlat xizmatlari markazlari 2017-yilda 32 turdagi 120 mingta xizmat ko‘rsatgan, 2018-yilning aprel—iyun oylarida, ya’ni uch oyda 1 mln. 35 mingta yoki 100 turdagi xizmat aholiga taqdim etildi.

To‘siqlar ham yo‘q emas

Afsuski yaratilayotgan ana shu qulayliklarning aholiga taqdim etilishiga to‘siq bo‘layotgan idoralar ham yo‘q emas. Aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonini tahlil qilishda agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2018-yilning 6 oyi davomida 9 829 ta qonun buzilishi aniqlandi. Bularning 5 705 tasi hokimlik organlari, 776 tasi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, 538 tasi qurilish va 47 tasi kadastr idoralariga to‘g‘ri keldi.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 4 mingga yaqin ta’sir choralari qo‘llanilib, 183 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortidi, 30 nafar shaxs vazifasidan ozod etilgan, 155 nafar shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Xizmat ko‘pmi, demak, odamlar ham ko‘payadi

Davlat xizmatlari markazlarida xizmat turlarining ortishi bu yerga odamlar oqimi ko‘payishiga olib kelmoqda. Agar qiyoslanadigan bo‘lsa, 2017-yilda markazlarga bir kunda o‘rtacha 20—40 kishi ish bilan kelgan bo‘lsa, 2018-yilda kunlik ko‘rsatkich 350—600 kishini tashkil etmoqda.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, yangi, zamonaviy, innovatsion, keluvchilar uchun barcha qulayliklari bor binolarni tezroq qurish kerak. Agentlik mutasaddilari ayni shu borada ish olib borishyapti. Avvaliga Namangan shahrida, keyinchalik Qo‘qonda barpo etilib, xalqqa xizmat ko‘rsatayotgan binolarning mantiqiy davomi sifatida Andijon, Samarqand, Nukus, Mirzacho‘l, Termiz va Toshkent shaharlarida ham Davlat xizmatlari markazlarining innovatsion binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishga kirishildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, har bir xodim faoliyatni yanada jonlantirish uchun mas’uliyatni oshirishi va tashabbuskor bo‘lishi, eng muhimi, xalqimizga tezkor, qulay va shaffof xizmatlarni taqdim etishda sidqidildan xizmat qilishi zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring