Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dunyo xaloskori» soxta ekan

«Dunyo xaloskori» soxta ekan

Tarixda eng qimmat sotilgan rasm «Dunyo xaloskori» — soxta ekan, bu haqda 450 million dollarlik asar haqida olingan hujjatli filmda ta’kidlanadi.

Fransiya televideniyesida rejissyor Antuan Vitkinning «Xaloskor sotuvda» hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda nima uchun Leonardo da Vinchining ushbu asari 2019-yili Luvrdagi blokbaster-ko‘rgazmada namoyish etilmagani sabablari ochilgan.

Film mualliflariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni talablariga qaramay, Luvr «Dunyo xaloskori»ni Da Vinchining asl asarlari ko‘rgazmasiga qo‘ymagan. Muzey ekspertlari o‘z ilmiy tekshiruvlaridan so‘ng Da Vinchi shunchaki mualliflardan biri bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan va Saudiya voris shahzodasiga shuni ma’lum qilishgan. Ammo shahzoda «Dunyo xaloskori» xuddi «Mona Liza» singari Leonardo da Vinchining yuz foizlik ishi sifatida namoyish etilishi kerakligini talab qilgan.

Muhammad bin Salmon ushbu asarni sotib olishga juda katta pul sarflagan — $450 mln. U 2019-yili buyuk rassom vafotining 500 yilligi munosabati bilan Luvrda tashkil etilayotgan ko‘rgazmaga o‘z ixtiyoridagi asarni berib turish xohishini bildiradi. Film mualliflariga ko‘ra, muzey ekspertlarining tekshiruv natijalaridan qoniqmagan shahzoda chuv tushgani oshkor bo‘lmasligi uchun Luvr mutasaddilarini yolg‘on ishlatishga uringan.

Dunyodagi eng qimmat rasm bir necha yillar shahzodaning Qizil dengizda suzib yurgan yaxtasida qo‘nim topdi, keyin esa ko‘zdan yo‘qoldi.

«Dunyo xaloskori» hajman uchun katta bo‘lmagan asar — balandligi 65 santimetr. Tarixi qiziq. Uni san’at asarlari bilan savdo qiluvchi amerikalik topib olgan.

Karl I kolleksiyasiga mansub asar 18-asr o‘rtalarida yo‘qolib qolgandi. Keyin, 20-asr boshlarida angliyalik sanoatchi qo‘liga borib tushdi. 1958-yili egasi yana o‘zgarib, Yangi Orlean (AQSh)dagi xususiy uy zinasi yoniga osib qo‘yildi. Asarni ming dollardan sal ziyodroqqa sotib olib, ta’mirlab, Leonardo da Vinchining noma’lum shoh asari sifatida qayta pullashga urinib ko‘rishgan. London Milliy galereyasi ekspertlari baholashga rozilik bermagunicha, hech kim ishonmagandi. Besh kishidan faqat bittasi bu asarni shaxsan Da Vinchining o‘zi chizgan, deb xulosa bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring