Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

eMaktab’da ekofaol yoshlar haqida ma’lumot joylash taklif qilindi

eMaktab’da ekofaol yoshlar haqida ma’lumot joylash taklif qilindi

Samarqandda Markaziy Osiyoning 5 davlatidan tashrif buyurgan 60 nafar ekofaollar ishtirokida ekoforum o‘tkazilmoqda. Uch kundan buyon davom etayotgan forumda ishtirokchilar o‘z takliflarini saralab bormoqda.

3-oktyabrdagi muhokama va taqdimotlarda ishtirokchilar o‘z g‘oyalarini saralashdi. Ekspertlar esa ularni baholab borishdi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda g‘oyalar tayyorlashdi. Keyin barcha guruhlar boshqa guruhlarning g‘oyalariga ovoz berish orqali ularni saralashda yordam berishdi.

Ekofaollar avvalgi kunlarda bo‘lgani kabi mintaqa ekologik hayotiga oid yangiliklarni muntazam berib borish, yoshlarning ekoxabardorligi muammolarni yechish uchun muhim omil ekanini ta’kidlashdi. Bu borada bir qator takliflar ham ilgari surildi. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ekologik hayoti haqida ma’lumot berib boruvchi sayt yaratish, barcha davlat ekofaollarini birlashtiradigan muhokama platformasi tashkil qilish kabi.

Shuningdek, ishtirokchilar bir ovozdan yoshlar ekologik masalalarga e’tibor qaratishida ota-onalarning roli katta ekanini ta’kidlashdi. Muhokamalarda ekologik loyihalar moliyaviy ko‘maksiz amalga oshmasligi qayd etilib, Markaziy Osiyodagi ekoloyihalarni moliyalashtiradigan fond tashkil qilish taklif etildi.

Chiqindini nazorat qilish va ekofaollarni e’tirof etish

O‘z loyihalarini taqdim etgan guruhlardan biri mintaqada chiqindilar nazorat qilinishi kerakligi, faqat shu orqali chiqindi tarkibi va miqdorini aniqlash mumkinligini bildirdi. Shuningdek, bu guruh mintaqadagi biznesni imkon qadar «yashil biznes»ga aylantirish kerakligini ilgari surdi.

Qirg‘izistonlik ekofaol esa ekologiya masalasida muvaffaqiyat qozongan yoshlarni e’tirof etish kerakligini aytib, masalan ular haqida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari onlayn platformasi eMaktab’da ma’lumot joylashni taklif qildi. Uning fikricha, bu boshqa yoshlarni ham ekologiya masalasida faol bo‘lishga undaydi.

Ishtirokchilar ekologik muammolarni bartaraf etishda yoshlarning o‘rni kattaligi, chunki mintaqa aholisining aksar qismini aynan yoshlar tashkil qilishini ta’kidlab, bunday muammolar yoshlarsiz hal qilinishi xato ekanini yana bir bor ta’kidlashdi. Ekofaollardan biri bunday mazmundagi qonunchilikdagi o‘zgarishlarda albatta yoshlarning ovozi inobatga olinishi shartligini aytdi. Shuningdek, ekologiyaga oid davlat tashkilotlarida yoshlarning tajriba orttirishi uchun sharoit yaratilishi kerak ekani ta’kidlandi.

Chiqindi bo‘yicha bahs

Ekofaollar o‘z dasturida chiqindilar masalasiga ko‘p e’tibor qaratdi. Xususan, chiqindilarni yig‘ish aksiyalari o‘tkazish, plastik chiqindilarni belgilangan joyga tashlash haqida so‘z bordi.

Ammo ekspertlar bu takliflari eshitgach, masalaga boshqacha yondashish kerakligini aytishdi: «Biz bolalarimizga plastik trubochkalarni maxsus joyga tashlashni uqtirgandan ko‘ra o‘sha trubochkadan foydalanmaslikni o‘rgatganimiz yaxshiroq. Chunki chiqindiga uloqtirilgan bunday trubochkalar baribir qayergadir tashlanadi. Masalan, dunyo okeanlaridagi himoyasiz toshbaqalar aynan mana shunday trubochkalar nafas yo‘liga tiqilishi oqibatida nobud bo‘lmoqda», dedi ekspertlardan biri.

Ekoforumda mintaqa o‘qituvchilari ham qatnashmoqda va ular ham o‘z takliflarini ilgari surishdi. Ularning fikricha, o‘quvchilar maktab hovlisidagi yashillikni yaratishda bevosita o‘zi qatnashsa, uni ko‘proq qadrlaydi. Shu sabab maktabdagi daraxtlarni, yashilliklarni parvarishlashda o‘quvchilar qatnashishi ham zarurligi aytildi.

Eng ta’sirli chiqish

3-oktyabrdagi muhokamalarda so‘zga chiqqan toshkentlik Maftuna Mamatova barchaning e’tiborini o‘ziga qarata oldi. Bu ishtirokchining chiqishini zaldagilar tik turib olqishlashdi: «Biz ekologik muammolarni tushunishimiz uchun ko‘proq ma’lumot bilishni istaymiz. Bu borada inklyuzivlik kerak. Shundagina biz ham ekologiyaga yordam bera olamiz», dedi Maftuna.

Samarqand shahrida 1-oktyabr kuni boshlangan ekoforum 4-oktyabr kuni yakunlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring