Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaro murojaatlari bo‘yicha qonunchilik bazasi qay ahvolda?

Fuqaro murojaatlari bo‘yicha qonunchilik bazasi qay ahvolda?

Foto: «astrobl.ru»

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasida «Respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib» degan ezgu fikr aks ettirilgan. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolik kodeksi» hamda bu boradagi qonunlarimizning tegishli moddalarida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida muhrlangan fikrlarning amalga oshirilishi mexanizmlari mukammal yoritib berilgan. Bosh qomusimizdagi ushbu ezgu fikrni ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Binobarin, ommaviy axborot vositalarida, internet tarmog‘ida tez-tez fuqarolarning murojaatlari statistikasi bilan bog‘liq raqamlar ko‘zga tashlanadi, misol uchun «...shuncha murojaat kelib tushdi, undan shunchasi qanoatlantirildi, mana shuncha mansabdor shaxslar fuqarolar murojaatlariga bepisandligi uchun jazolandi» va h.k.

Xo‘sh, bu kabi raqamlarni taqdim etishning asl mohiyati nimada? Nima uchun fuqaro u yoki bu masalada tegishli idora yoki tashkilotga murojaat qiladi? Murojaatlarning aksariyati qayerda (qishloq, tuman, viloyat yoki respublika) yoki qay darajada hal bo‘ladi?

Ushbu qo‘yilgan savollarimiz atrofida mushohada qilishdan oldin fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni (masalasi) qonunchilik hujjatlari bilan yaxshi tartibga solinganligini ta’kidlash o‘rinli.

Avvalo, ushbu yo‘nalishda so‘nggi yillarda Prezident imzolagan farmonlar va qarorlardan tashqari «Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasida «Fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish» tartibi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unda «Prokuratura organlari fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadilar, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar...Fuqarolarning ariza va shikoyatlari hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha prokuror qaror qabul qiladi, bu qaror ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilinishi mumkin...»ligi aniq-lo‘nda o‘z yechimini topgan.

Bundan tashqari, respublikamizning har bir tuman va shaharida Xalq qabulxonalari faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda, biron-bir viloyatning olis tumanidan qaysidir fuqaro tuman darajasida yechimi topiladigan masala bo‘yicha «bir ming bir yuz kilometr» yo‘l bosib, Toshkentga tegishli vazirlik yoki idoraga keladi va 1-5 daqiqalik qabul, suhbat yoki maslahatdan so‘ng, «rahmat aka, rayonda falonchiga uchray, o‘sha yerdan sizga telefon qilaman», deb yana shuncha yo‘l bosib ortga qaytadi.

Fuqarolar murojaatlarini o‘rganib chiqish va unda ko‘tarilgan muammolarni yechimini topish borasida qonunchiligimiz yetarli darajada ishlab chiqilganligiga qaramasdan, yildan yilga murojaatlar, eng yomoni takroriy murojaatlar ortib borishiga sabab nimada, degan savol tug‘iladi. Bizningcha bunday holatning sabablari quyidagilar:

Birinchidan, qator idora va tashkilotlar, shuningdek, aksariyat tuman-shaharlarda amalga oshirilayotgan ishlarning ochiq-oydinligi, shaffofligi to‘liq ta’minlanmagan. Ular tomonidan joriy etilgan veb-saytlarda bevosita (onlayn) maslahatchi darchasi tugul, ma’lumotlarni tezkor va sifatli yangilab turish masalasida ham oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, Uchqo‘rg‘on tumanining http://uchkurgan.uz/index.php/uz/ saytiga oxirgi marta 19.01.2017 yilda «budjet qarori» nomli hujjat yuklatilgan, ammo unda «budjet qarori» jumlasidan boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q.

Bunday holatni deyarli barcha mahalliy hokimiyat veb-saytlarida ko‘rish mumkin. Masalan, http://md.buxoro.uz/barcha-ochiq-malumotlar-toplamlari/ sahifasi oxirgi marta 06.12.2017 yilda yangilanganligini qanday izohlash mumkin?

Axir shu hududga o‘z sarmoyasini kiritishni rejalashtirgan salohiyatli investor batafsil axborot va ma’lumotlarni qayerdan oladi, u investitsiya kiritishda o‘z qarorini qaysi ma’lumotlarga asoslanib qabul qiladi? Bu hududni rivojlantirish ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hammamiz bilamiz-ku !?

O‘z masalasini hal qilmoqchi bo‘lgan fuqaro-chi, u yangi ma’lumotni qayerdan olishi kerak? Yana «bir ming bir yuz kilometr» yo‘l bosishi kerakmi?

Ikkinchidan, fuqarolarning huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllanmaganligi masalani aniq-ravshan ifodalashni cheklaydi. Axir, masalani aniq qo‘yish ham san’at emasmi? Masalan, ko‘p hollarda fuqaro u yoki bu masala yuzasidan vakolatli organ oldiga aniq va asosli, «izi» qoladigan murojaat yubormaydi. Yubora olmaydi ham. Chunki u o‘zi ko‘taradigan masalaning qonuniy jihatlarini shakllantira olmaydi.

Yana bir muammo bu – muayyan fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan masalaning yechimini topishda quyi, o‘rta bo‘g‘inda faoliyat olib borayotgan davlat va nodavlat tashkilot va idoralar xizmatchilarining o‘z vakolatlari doirasida, tegishli qonunchilik hujjatlari talablarini bajarishda to‘liq va sidqidildan, jonbozlik ko‘rsatmasligi – mas’uliyatsizligidir. Bu illatni bartaraf etish uchun shu xodimlarning o‘zini ham «qayta tayyorlash» kerak.

Yuqoridagi sabablar har fuqarodan qonunchilik hujjatlarini bilishni talab etsa, yana bir muammo – zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiya (AKT) laridan samarali foydalanishning tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligidir. Fikrimizcha, boshqaruv va xo‘jalik organlari o‘rtasida yagona axborot tizimini yaratish hamda barcha murojaatlarni shu tizim orqali hal qilish vaqti keldi.

Ayni vaqtda, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish va ularni o‘z vaqtida joyida hal etish borasida «Respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib» yashash va ishlash har bir rahbarning va mas’ul xodimning bosh maqsadi bo‘lmog‘i kerak. Muhimi, eng quyi bo‘g‘indan yuqori bo‘g‘ingacha idora va tashkilotlar faoliyati ochiq va shaffof bo‘lishi ularning veb-sahifalarini shakllantirish, (misol uchun, https://www.localenterprise.ie/ kabi ko‘rinish va mazmunda sifatli to‘ldirish) aniq maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat yuritishga bevosita bog‘liqdir. Shu bilan birgalikda farzandlarimizga, ularning kichiklik paytidanoq, qonunlarga nafaqat itoat etish ruhida tarbiyalash, balki qonun va qonun osti me’yoriy xujjatlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga o‘rgatish masalalariga yetarli e’tibor qaratishimiz lozim.

Bu borada me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokama portalida (https://regulation.gov.uz/uz/document/528) «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasi va konsepsiya matnining keng xalq muhokamasiga havola etilganligini e’tirof etish o‘rinli.

Ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, 19.09.2018 yildan 04.10.2018 yilgacha qayd etilgan veb-manzilda muhokama, fikr yoki taklif berish uchun joylashtirilgan bo‘lsa-da, biroq, fuqarolik jamiyati sub’yektlarining, avvalo yoshlar va faollarning ushbu muhokama jarayonidagi faolligi yetarli darajada bo‘lmaganligi sezilib turdi. Vaholanki, ushbu konsepsiya fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qilishiga katta umid bog‘lanmoqda. Axir fuqaro bu domen to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmasa, bu haqda hech kim ularga yetkazgan bo‘lmasa, u qanday qilib, o‘z fikrini bildiradi?

Demak, qonun loyihalarini muhokamaga taqdim etishda ham alohida yondashuvlarni qo‘llash, ya’ni aholi orasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini jonlantirish, ushbu muhokamalarda bildirilgan fikr va takliflar nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekani xususida OAV orqali maxsus ko‘rsatuvlar, eshittirishlar berib borish, davriy matbuot sahifalarida tegishli mutaxassislarning chiqishlarini chop etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Veb-saytlarni yaratish va ularni yuritish masalasi yechimiga «shaklan» emas, balki «mohiyatan», «mazmunan» yondashish davri keldi. Shu qatorda «... keling, qorong‘ilik bo‘lmagan joyda gaplashaylik» degan jumlaning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashimiz lozim.

AKT rivojlanayotgan, mazmun jihatidan ma’lum qismlarga ajratilgan ma’lumotlar (blokcheyeyn) zanjiri texnologiyasi hayotimizga kirib kelayotgan, hayotda shiddat bilan o‘zgarishlar bo‘layotgan bir davrda yashayotganligimizni hisobga olib, zamonaviy axborot vositalardan keng foydalangan holda, yuzaga kelgan masala-muammolarni tez va qonuniy, avvalo va aksariyat hollarda tuman (shahar) darajasida, yechimini topishga o‘rganishimiz kerak va zarur.

Ayni paytda, Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 18-noyabrda qabul qilinganva 34 ta moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni imzolanganiga ham 3 yil to‘layotgani hamda ushbu jabha mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida juda katta ahamiyat kasb etishini hisobga olib, qayd etilgan Qonun, tegishli qonun hujjatlari «vertikal-gorizontal» kesimda ijro etilishi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha o‘rganilishi, kerakli tavsiyalar ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Samidillo Maxmudov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring