Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolar qancha soliq to‘laydi?

Fuqarolar qancha soliq to‘laydi?

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Ma’lumki, shu kunlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi qizg‘in muhokama bo‘lmoqda.

Taqdim etilayotgan yangi konsepsiyada yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub’yektlariga yengillik yaratish bilan birga oddiy fuqarolarni soliqqa tortish yo‘nalishida ham o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda, amaldagi soliq qonunchiligi talablariga ko‘ra jismoniy shaxslarning ish haqi fondidan olinadigan soliq va majburiy to‘lovlar ikki qismga bo‘linadi.

Birinchisi to‘lanishi bevosita jismoniy shaxslarning zimmasiga yuklatilgan soliq va majburiy to‘lovlar bo‘lib, bular to‘rtta shkaladan iborat daromad solig‘i (0 foizda 22,5 foizgacha) ya’ni:

Soliq solinadigan daromad

Soliq stavkasi

eng kam ish haqining bir baravarigacha

0 foiz

eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha

7,5 foiz

eng kam ish haqining besh baravaridan  o‘n baravarigacha

16,5 foiz

eng kam ish haqining o‘n baravaridan yuqori miqdorda

22,5 foiz

Bundan tashqari, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali (8 foiz) to‘lanadi.

Ikkinchisi mikrofirma yoki kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari tomonidan har bir xodim uchun 15 foiz, boshqa turdagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan esa 25 foiz miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lovdir.

Bundan ko‘rinadiki, bugungi kunda ish beruvchilar tomonidan jismoniy shaxslarga hisoblangan ish haqi fondidan jami 45-55 foiz miqdorida soliq va boshqa majburiy to‘lovlar hisoblanib, budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘tkazib kelinmoqda.

Ish haqi fondidan hisoblanadigan yagona ijtimoiy to‘lov stavkalarining yuqoriligi ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan xodimlarni noqonuniy ravishda ishga yollash va “konvert” usulida haq to‘lashga sabab bo‘lmoqda.

Yangi Konsepsiyada esa, jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov hamda Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini 25 foiz miqdorida bo‘lgan yagona soliqqa birlashtirish taklif etilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, taklif etilayotgan tartib, fuqarolarning soliq yukining kamayishini ta’minlashi bilan bir qatorda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqishning soddalashtirilgan mexanizmini yaratadi.

Davlat soliq qo‘mitasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot bo‘limi

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring