Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda (3-maqola)

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda (3-maqola)

Foto: «uznews.uz»

15 milliard ekani taxmin qilinmoqla

Avvaliga Gulnoraga qo‘yilayotgan ayblar Islom Karimov tomonidan ataylab o‘ylab topilgan, bu kelgusida o‘zining o‘rniga keluvchi qizini sun’iy ravishda muxolifga aylantirishning yangicha usuli, deb qaralayotgan edi. Shu orqali qizini avvalgi siyosiy rejimdan qattiq aziyat chekkan jabrdiyda qilib ko‘rsatish, unga istiqbolda yaxshi siyosiy platforma tayyorlashga harakat qilinayotgandek taassurot paydo bo‘ldi.

Ammo bunday emasligi Islom Karimov 2015-yildagi prezidentlik saylovlarida yana o‘z nomzodini ilgari surgach, ochiq-oshkor bo‘lib qoldi. Bu hol, Karimov toki tirik ekan, hokimiyatni hech qachon va hech kim bilan, hatto o‘z qizi bilan ham bo‘lisha olmasligini yana bir karra isbotlab turardi. Qolaversa, bu paytga kelib, unga ko‘plab muammolarni tug‘dirgan uquvsiz qizining siyosat osmonidagi yulduzi so‘na boshlagan edi. Zimdan hokimiyatni suiiste’mol qilishi, talon-torojliklar yoshi ulug‘ Islom Karimovni haddan tashqari zo‘riqtirayotgan, jiddiy asabiylashtirayotgan edi. Chunki kaltakning ikkinchi uchi, shubhasiz, o‘ziga ham tegar edi.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)


Bu ham kamlik qilganidek, ijtimoiy tarmoqlarda qizi oila a’zolariga nisbatan ketma-ket tanqidiy fikrlarni yuzsizlarcha bildira boshladi. Bu esa hukmron oilaning boshqaruvdagi siyosiy qobilligini shubha ostiga qo‘yardi.

Nazoratsiz Gulnora hatto bir gal o‘z otasini qattol Stalinga tenglashtirib yubordi. Bu esa uning tarix ilmidan zarracha bexabarligini yoki juda bilimdonu, ataylab siyosiy «ochko» yig‘ishga intilayotganini ko‘rsatdi-qo‘ydi.

Karimov nima uchun erka qizining kirdikorlaridan xalqaro hamjamiyat bong urmagunicha bexabar bo‘lgan? Nega oilasi atrofida bo‘layotgan, birinchi navbatda o‘zi bilishi kerak bo‘lgan voqealar haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan g‘aflatda qoldi? Nihoyat, o‘z oilasi a’zosiga nisbatan shuncha ko‘p jinoyatlar fosh qilinganidan keyin iste’foga ketishi mumkin emasmidi? Bu og‘ir savollarga kim javob beradi, axir?

Nima bo‘lganda ham mamlakat iqtisodiyotining deyarli barcha sohalaridan o‘z «dolya»sini qoldirmay olib kelgan Gulnoraning noqonuniy «tadbirkorlik» faoliyatiga chek qo‘yildi.

Otasi g‘azabidan so‘ng Gulnoraning uyushgan guruhiga tegishli 45 ta turli firma, 16 ta offshor kompaniya yopildi, uning atrofidagi ko‘plab muttahamlar qo‘lga olinib, uzoq muddatlarga qamaldi. Jumladan, uni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan va nazoratidagi 4 ta telekanal («Forum TV», «TV-Markaz», «NTT» va «SOFTS»), 3 ta radiostansiya («Terra», «Zamin», «A’lo FM») o‘z ishini to‘xtatdi.

Foto: «ca-portal.ru»

Gulnoraning otasi davrida xaspo‘shlangan va ko‘z yumilgan avvalgi qilmishlari qayta ko‘rib chiqilib, 2017 yil 18 dekabrda jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Yetkazilgan umumiy zarar miqdori 1,27 trillion so‘m, 1,6 milliard dollar va 26,1 million yevroga teng, deb baholangan. Hozirgacha unga qarshi 12 ta davlatda tergov ishlari amalga oshirildi, surishtiruv ishlari hamon davom ettirilmoqda.

Ochig‘i, bu miqdor tergovlar chog‘ida yuzaga chiqqan aniq faktlardir. Ekspertlar esa aniqlashning hech qanday imkoni bo‘lmagan katta boyliklar qayerlardadir saqlanayotganini taxmin qilishadi. Uning guruhi tomonidan 15 milliard dollar o‘zlashtirilgani aytiladi.

Agarda Gulnora hokimiyatga kelib qolganida bormi, uning atrofidagi och qashqirlar to‘dasi O‘zbekistonni burda go‘shtday yamlamay yutib yuborar edi.

Eng nafratlanarlisi, o‘zlashtirilgan boyliklar orasida qadimiy va bebaho madaniy merosimizning nodir namunalari ham borligidir.

Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda

2017-yil 20-dekabrda AQSh prezidenti Donald Tramp imzolagan farmonga muvofiq, xorijdagi qator shaxslar va kompaniyalarga nisbatan «inson huquqlari va korrupsiya uchun javobgar» sifatida sanksiyalar joriy qilingan edi.

Bu ro‘yxatda Gulnora Karimovaning ham nomi bor.

AQSh tomoni Gulnora Karimovani biznesni zo‘rlik bilan tortib olish, bozorlarni monopollashtirish, pora olish, reket uchun davlat resurslaridan foydalangan holda qudratli uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilish kabi ayblarni qo‘ymoqda.

Ushbu sanksiyalar tufayli xonimning AQSh hududidagi barcha aktivlari xatlanib, keyinchalik sud qarori bilan davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin. U bilan hamkorlik qilgan har qanday kompaniya va muassasa jazoga tortiladi. Bu esa Gulnora Karimovaning O‘zbekiston tashqarisiga chiqishi hamono hibsga olishini va sodir etgan barcha jinoyatlari uchun uzoq muddatlarga qamalishini anglatadi.

Foto: «BBC.com»

Shu ma’noda Gulnora Karimovaning o‘g‘li onasi katta siyosatga qaytish uchun kerakli salohiyatga ega ekanligi, bunga O‘zbekistonning yangi rahbarlari o‘zlaridan qo‘rqib, to‘siq bo‘layotgani haqidagi da’vo-yu iddaolari puchdir.

Aslida Gulnoraning siyosiy istiqboli nolga teng. Mavjud salohiyat haqida gapirmasa ham bo‘ladi. O‘zbek tilida so‘zlashishni o‘ziga or biladigan, yarim-yalang‘och yurishni zamonaviylik va liberallik belgisi deb faxrlanadigan, ma’naviyati sayoz, birovning fikriga toqat qila olmaydigan Gulnora kabi «siyosatchi»larga xalqning ko‘zi uchib turgani yo‘q.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)


Gulnorani hibsga olish qarorini hukumat yoki siyosatchilar emas, aynan jinoyat sudi chiqarganini ham unutmang. Adolatni ta’minlovchi ushbu hokimiyatning ishiga qonundan tashqari holatda hech kimning aralashishga haqqi yo‘q. Yoshligidan aytgani aytgan, degani degan bo‘lib kelgan Islomboy balki buni tushunmas, tushuna olmas. Ammo demokratik jamiyat qurayotgan O‘zbekistonda buni yaxshi anglashadi. Sud faoliyatiga u hatto vallomat bo‘lsa ham aralashuviga qonun izn bermaydi.

Ammo hozir boshqa masala muhim. Gulnora haqiqatda qilgan noto‘g‘ri ishlariga chin dildan iqrormi? O‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarib olganmi? Kelgusidagi hayotini qanday tasavvur etadi? O‘zgalarni ham ozgina tinglashga qodirmi? Qilmishlari uchun xalqdan kechirim so‘rashga va ularning talangan boyliklarini yurtiga qaytarishga rozimi?

Bu kabi savollar uning nomunosib harakatlaridan keyin ochiq qolmoqda.

G‘ofur Rahimov, «qora ro‘yxat» va Gulnora

Uning shubhali va maqtanchoqlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan g‘oyalari, yashirin xatti-harakatlari, andishasiz-u va axloqsizligi, o‘ta asabiy shaxsiyati, sirkasi suv ko‘tarmasligi ma’lum va mashhur edi.

Barcha yirik tadbirlarni hokimlar, tadbirkorlar va fuqarolarning mablag‘i evaziga majburiy amalga oshirishga o‘rganib qolgani juda ko‘pchilikda haqli norozilik uyg‘otardi. Aholining qonunlarga hurmatini ham so‘ndira boshladi, prezident siyosatiga ikkilanish va mavhum shubhalanish bilan qaray boshladi.

Quyushqondan chiqib ketgan o‘g‘ri va zo‘ravonlar Gulnora atrofida to‘dalashib, o‘z korrupsion rejalarini va moliyaviy manfaatlarini qanday amalga oshirish haqida unga maslahatchilik qilishdi, uning qo‘li bilan O‘zbekistonda xususiy biznes rivojlanishiga tushov-dushman bo‘lishdi.

O‘tgan yili AIBA prezidenti etib saylangan G‘ofur Rahimov o‘z intervyusida hech qachon transmilliy jinoiy uyushmalarda ishtirok etmaganini, unga qarshi kechgan xalqaro kampaniyalarga aynan Gulnora Karimova bosh-qosh bo‘lganini, oxir-oqibat bu jonbozlik unga qoplab bo‘lmas zarar keltirganini ochiq tan olgan edi.

Foto: «Repost.uz»

Gulnora unga o‘z biznesini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash talabini qo‘yganini, ammo bunga prinsipial tarzda qarshilik bildirgach, kuchli bosim tufayli oilasi bilan O‘zbekistondan batamom chiqib ketishga majbur bo‘lganini yashirmadi. «Shundan keyin «opa»ning jirkanch guruhi kuchli kampaniya boshlab, mening qolgan biznesimni ham yo‘q qilish uchun AQSh g‘aznachiligiga O‘zbekiston hukumatining qo‘li bilan yolg‘on axborot berib yubordi», deydi u.

Oqibatda Rahimov xalqaro «qora ro‘yxat»ga tushib qolganini qistirib o‘tdi. Eng qizig‘i, Rahimov bu ro‘yxatda turgan vaqtida, ya’ni 2017-yilning dekabrida Gulnora Karimovaning nomi ham ushbu bazaga kelib tushgan.

Gulnora ba’zan kim bilan o‘ynashayotganini bilmas, o‘zi tomonida bo‘lmagan barcha gigantlarni o‘ziga dushman qilish yo‘lidan bordi. Albatta, Rossiya va xalqaro maydonda o‘z ta’siri va qudratiga ega G‘ofur Rahimov ham Gulnoraning hokimiyatga kelishidan manfaatdor emas edi. Buning uchun qo‘l qovushtirib, chetdan tomoshabin bo‘lib o‘tirdi, deyish uchun kamida omi bo‘lish kerak. Lekin hozir gap bunda emas.

Albatta, unga nisbatan bo‘htonlarga hukumatimiz tomonidan nuqta qo‘yildi, ammo nufuzli xalqaro sport tashkilotiga bir o‘zbekning rahbar bo‘lishi atrofida kechgan keskin mojaroyu to‘polonlar ortida aynan o‘zimizning odamlar ham turgani o‘yga tortadigan holatdir. Shu tariqa Rahimov baribir iste’fo berishga majbur bo‘ldi.

Davomi bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring