Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki o‘qituvchi yoki o‘n dona tuxum

Ikki o‘qituvchi yoki o‘n dona tuxum

foto: Intererium

Boshlang‘ich sinfda o‘qirdim. Uyda telefon jiringladi. Yugurib borib go‘shakni oldim: otamning yaqin o‘rtog‘i Karim amaki ekan. U ham otamga o‘xshab o‘qituvchi. Haqiqiy o‘qituvchi.

Ikki daqiqalik suhbatda bir dunyo savol berib tashlaydi:

— Davlat madhiyamizni kim bastalagan?

— Konyaning raqami nechchi?

— Usmoniylarning ilk poytaxti qayer?

Tabiiyki, men hamma savollariga burro-burro javob beraman.

Bir kuni Karim amaki telefonda odatdagidek, meni sinovdan o‘tkazarkan, g‘alati savol berib qoldi:

— Zufar, ayt-chi, o‘nta tuxum nechta o‘qituvchiga teng?

Hayron bo‘lib:

— Bu qanaqa savol bo‘ldi, Karim amaki? Tuxumning o‘qituvchiga nima daxli bor?— dedim.

Karim amaki telefonda uzoq-uzoq kuldi.

— Ana, — dedi u. — Maktabning eng aqllisi Zufar. Men sen javobini bilmaydigan savolni topdim. Endi telefonni otangga ber. Keyin undan so‘ra. Bu savolning javobini u yaxshi biladi.

Otam Karim amaki bilan telefonda gaplashib bo‘lgach, darrov so‘roqqa tutdim:

— Ota, Karim amaki «O‘nta tuxum nechta o‘qituvchiga teng?» deb so‘radi. Buning javobini siz bilarkansiz...

Otam ham kula boshladi.

Keyin meni qattiq ta’sirlantirgan va bir umr xotiramda qolgan ushbu hikoyani aytib berdi:

Kastamonuning Toshko‘prik tumanidan taxminan yigirma kilometr janubdagi o‘rmon yaqinida yonma-yon joylashgan ikkita qishloq bor. Bosniak va Armutli.

Turmush og‘ir, odamlar zo‘rg‘a kun kechirgan davrlar...

1950-yilning quyoshli iyul tongida bu ikki qishloqning eng tirishqoq o‘quvchilari Ali va Karim Kastomonu Qishloq institutiga kirish uchun imtihon topshirish maqsadida tuman markaziga yo‘l olishadi. Albatta, yayov.

U paytlar yengil mashinalar, hatto avtobuslar ham deyarli yo‘q.

Alining qo‘lida kichkina savatcha va savatchada o‘nta tuxum bor.

Uyda pul bo‘lmaganiga onasi tumanda sotib, imtihonga kerak bo‘ladigan qalam va o‘chirg‘ich kabi zarur ehtiyojlarni olish uchun bu o‘nta tuxumning bir nechtasini uydan, qolganini qo‘shnilardan yig‘ib, bergan edi.

Karimda shu ham yo‘q...

Bolalar o‘sha kuni yigirma kilometrlik yo‘lni piyoda yurib, nihoyat, tuman markaziga yetib borishadi va to‘g‘ri baqqolxonaga kirib, qo‘llaridagi tuxumlarni sotishadi.

Keyin uning puliga qalam va o‘chirg‘ich sotib olishadi.

(U paytlar bunday narsalar hozirgidan ancha qimmat bo‘lgan ekan-da.)

So‘ng o‘sha qalamni ham, o‘chirg‘ichni ham teng bo‘lib, imtihonga kirishadi.

Imtihonni ko‘ngildagiday topshirib, yaxshi kayfiyatda chiqishadi-yu lekin bitta muammo ularni o‘ylantirib qo‘yadi: ertaga yana imtihon bor. Qishloqqa qaytadigan bo‘lishsa, yana shuncha yo‘l bosib kelishlari kerak. Borish-kelish, qaytish jami 60 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri keladi. Shularni o‘ylab boshlari qotib, nima qilishlarini bilmay, yig‘lagudan beri bo‘lib turgan bir paytda, yaqin atrofdagi uylardan birida bu ikki qishloqlik bolaga qiziqsinib qarab turgan keksaroq kishiga ko‘zlari tushadi.

Haligi odam bolalarni yoniga chaqiradi. Hol so‘rab, vaziyatdan xabardor bo‘lgach, ularni uyiga taklif qiladi. Bir kechaga uyidan joy beradi.

Kampiri ham darrov dasturxon tuzab mehmonlarni ovqat, choy-non bilan siylaydi.

Uxlashdan oldin toza to‘shaklar solib beradi...

Ertasiga Ali va Karim ikkinchi imtihonni ham muvaffaqiyatli topshirib qishloqlariga qaytishadi.

Oradan bir necha oy o‘tgach bu ikki yigitcha Kastamonu Qishloq institutiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Shunday qilib, dadamning hikoyasidan 10 ta tuxum 2 ta o‘qituvchiga teng bo‘lishini bilib olganman...

Ha, aytgancha otam hikoyasini tugatib bo‘lib, menga shu savolni bergan edi:

— Xo‘sh, o‘nta tuxum ikkita o‘qituvchiga teng keladigan boshqaruv tizimiga nima deyiladi?

Uzoq o‘ylab, javobini bilmaganimdan yelka qisdim.

— Bilmasang, bilib ol, o‘g‘lim, o‘nta tuxumga ikkita o‘qituvchi, ofitser, muhandis, shifokor va hatto prezident teng keladigan boshqaruv tizimiga demokratiya deyiladi.

Buni yodingdan chiqarma!

Muazzaz Soylu

Turk tilidan Sitora Alixonzoda tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring