Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kirill yozuviga qaytish uchun yetti sabab

Kirill yozuviga qaytish uchun yetti sabab

Lotin yozuviga asoslangan alifbo

Foto: «xushnudbek.uz»

Biz uchun qaysi alifbo ma’qulligi to‘g‘risidagi bahslar uzoq vaqtdan buyon davom etmoqda. Lekin bahslashayotgan taraflar hali bir fikrga kelishi qiyinga o‘xshaydi. E’tirof etish kerak, hozirda lotin alifbosi tarafdorlarining qo‘li sal baland kelyapti. Chunki ularning bu alifboni qo‘llashga arzirli dastaklari bor – bu borada maxsus qonun qabul qilingan! Albatta, u qonun – qonunni esa hurmat qilish kerak. Ammo... Do‘ppini yechib bir o‘ylab ko‘raylik – ishlamayotgan qonunga hadeb suyanaverishimiz qanchalik asosli? Qolaversa, mutlaq hammaga taalluqli bu qonun umumxalq referendumi orqali emas, bir guruh mutaxassislarning tashabbusiga ko‘ra qabul qilingan bo‘lsa. Xato yoki kamchilik unutishga harakat qilinmaydi, tuzatiladi. Oddiy misol – 11 yillik majburiy ta’limga qaytish imkoniyatini xalqimiz qanchalik xursandchilik bilan kutib oldi.

Kirill alifbosiga qaytish taklifini qanday mulohazalarga ko‘ra taklif etayotganimizni birma-bir sanab o‘tsak:

1. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elatlar totuvlikda yashab kelmoqda hamda ularning har biri O‘zbekistonni o‘z vatani deb biladi. Ularning aksariyati kirill alifbosidan foydalanadi.

2. Dunyo adabiyotining eng nodir asarlari rus tiliga mukammal tarjima qilingan. Bu asarlarning barchasini internetdan olib o‘qish imkoniyati bor. Buning uchun kirill alifbosi tosh bosishini tan olishimiz kerak. Qolaversa, bu alifbodagi juda katta ilmiy-adabiy merosimiz ham borki, ularni keraksiz matohga yoki oddiy eksponatga aylantirib qo‘yish kaltabinlik bo‘lardi.

3. Kirill alifbosini va rus tilini yaxshi o‘zlashtirsak kamida 15 ta davlatda bemalol kezishimiz, ishimizni bitirishimiz mumkin. Yaqin yillarda biz atrofimizdagi davlatlar bilan savdo-sotiq va borib kelishni yengillashtirayotganimizni hisobga olsak, ular bilan muomalada kirill alifbosi qulayligi aniq. Shu o‘rinda bir jihatga to‘xtalib o‘tsak: lotin alifbosini qo‘llayotganlar bu alifbo orqali chet tillarni – xususan ingliz tilini o‘rganish osonlashadi, ingliz tili esa dunyo tili, degan fikrni ilgari suradilar. Jo‘yali gap. Ammo judayam kuchli argument emas. Avvalo lotinning ingliz alifbosidan farqli jihatlari bisyor, qolaversa, til o‘rganuvchi uchun eng muhim masala so‘z boyligini oshirish va tilning grammatikasini o‘rganish hisoblanadi – harflarning shakli emas.

4. Yashirishning hojati yo‘q, yurtimizdagi demografik portlash natijasida ortiqcha ishchi kuchi paydo bo‘ldi (ittifoq parchalanganidan keyin aholisi eng yuqori sur’atlarda o‘sgan davlat O‘zbekiston hisoblanadi). Hududimiz qo‘shnilarimiz orasida aholimizga nisbatan kichik. Hozirda millionlab hamyurtlarimiz Rossiya va boshqa yurtlarda ishlab kelmoqdalar hamda ular jo‘natayotgan mablag‘larning iqtisodiyotimizdagi o‘rni salmoqli. O‘zaro savdoda va boshqa ko‘plab sohalarda eng katta hamkorimiz Rossiya ekanligini hisobga olsak, kirill alifbosidan voz kechmaslik zarurligi yana bir bor oydinlashadi.

5. Zamon shiddat bilan odimlamoqda. Atrofimizdagi barcha jihoz, robotlar va yuksak texnologiyalarga e’tibor qarating. Ularning barchasi kompyuterlashtirilgan. Bu texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar esa o‘z uskunlari uchun dasturlar va yo‘riqnomalarni eng keng tarqalgan olti tilda yozadilar. Bu tillardan bizning xalqimiz uchun eng tushunarlisi rus tilidir. Shu o‘rinda yana bir mulohaza – rus tilini mustamlakachilar tili deya baholashdan voz kechishimiz kerak. O‘tgan ishlar o‘tdi, tarixni endi o‘zgartira olmaymiz, ammo xatolarni qaytarmaslik bilan birga, yutuqlarni ham yo‘qqa chiqarmasligimiz lozim. Bu borada endi mustaqil bo‘lgan kezlarimiz juda ilg‘or edik. Respublikani jumhuriyatga, fakultetni kulliyotga, samolyotni tayyoraga aylantirgandik. Keyinchalik sekin o‘ylab ko‘rdik va kamchiliklarimizni tuzatib oldik. Lotin alifbosiga o‘tish ham o‘sha davrdagi tashabbuslardan biri deyishga asoslar bor.

6. Barcha korxona, idora, muassasalarning ish yuritishi kirill alifbosida ekanligi, alifboning asosiy tashuvchisi bo‘lgan markaziy nashrlar, umuman OAV asosan kirill alifbosidan foydalanyotgani, qonun hujjatlari kirill alifbosida o‘zbek va rus tillarida baravar yuritilayotgani tanlovimiz qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib turibdi.

7. Biz kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tganimizda aholimizning katta yoshli qismi yangi alifbo bo‘yicha deyarli savodsiz bo‘lib qolgani, o‘rganishga intilganlari ham juda qiynalayotganlarini tan olishimiz kerak. Hozirda kirill alifbosiga qaytsak, yoshlarning shunday qiyinchilikka duch kelishi xavfi deyarli yo‘q. Sababi yoshlarimizning har birining qo‘lida zamonaviy qurilmalar bor. Telefon, planshet va noutbuklardan foydalanyotgan yoshlarimiz kirill alifbosidan hech bir muammosiz foydalanib ketaveradilar.

Maqola yakunida yana bir mulohazani o‘rtaga tashlasak: “Qaysi alifbo ma’qul?” – degan munozara ketganda albatta har ikki alifboning ustalari bo‘lgan til bo‘yicha mutaxassislar, sohaning qaysidir amaldori chiqib fikr bildiradi va ularning aksariyati lotin alifbosini qo‘llaydi. Agar tadbirkor yoki xalqaro biznesmen, bankir, hozirda katta zarurat sezilayotgan yuksak texnologiyalar mutaxassisi, mehnat migranti yoki tibbiy adabiyotdan muntazam foydalanib borishi shart bo‘lgan shifokor kabi kasb egalaridan bu boradagi fikrlarini so‘rasak, mutlaqo boshqacha manzaraga duch kelamiz. Ana shunda qaysi alifbo ma’qulligi bo‘yicha uzil-kesil qarorga kelish mumkin.

Olimjon Zohidov

* Muallif nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi. Bu mavzuda asosli fikr mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring