Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalari soliq organlarida bepul hisobga qo‘yiladi

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalari soliq organlarida bepul hisobga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi PQ-3741-son «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilindi.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda tuziladi va davlat soliq xizmati organlarida bepul tarzda majburiy hisobga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 612-moddasiga muvofiq uy-joyni ijaraga berish shartnomasi ixtiyoriy shaklda besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.

Shunga asosan, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida»gi nizom qabul qilindi va Adliya vazirligida 2018 yil 11 oktyabrda 3077-son bilan ro‘yxatga olindi.

Endilikda ko‘chmas mulkni ijaraga bermoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli bo‘lgan turar yoki noturar mulkini ijaraga berishda ikki tomonlama ijara shartnoma tuzishi va shartnomani 10 kun ichida soliq organlarida hisobga qo‘yishi shart.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasi shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin bekor bo‘ladi.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasi sud tartibida bekor bo‘lganda, ijaraga beruvchi sud qarorini davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi lozim.

Taraflarning kelishuviga binoan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor bo‘lganda ko‘chmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqida kelishuv davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish uchun taqdim etiladi.

Shunga asosan, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Ijara shartnomalarini hisobga olish» interaktiv xizmati va dasturiy mahsuli ishlab chiqildi.

Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish ikkita usulda:

1. Davlat soliq qo‘mitasining MY.SOLIQ.UZ saytidagi «Ijara shartnomalarini hisobga olish» xizmati orqali; Buning uchun ERI kerak bo‘ladi.

2. Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi DSIga borgan holda belgilangan shakldagi so‘rovnoma taqdim etish orqali qog‘oz shaklida amalga oshiriladi.

So‘rovnomada ijaraga beruvchi va oluvchi to‘g‘risidagi (pasport cyeriyasi va raqami, yuridik shaxsning nomi) ma’lumotlar, identifikatsiya raqami (STIR), yashash joyi (yuridik manzili) yoziladi.

Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish uchun so‘rovnomaga faqat:

1. Ijara shartnomasi;

2. Jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat zarur.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasining oylik ijara to‘lovi summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas.

Jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi soliq organida hisobga qo‘yilgandan so‘ng, joriy yil uchun hisoblangan daromad solig‘ini to‘lash haqidagi to‘lov xabarnomasi ijaraga beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Natijada ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan davlat soliq xizmati organiga ko‘chmas mulkni ijraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani taqdim etish talab etilmaydi.

Bu bo‘yicha Soliq kodeksining 192 va 193-moddalariga 2018 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-508-sonli Qonun bilan o‘zgartirish kiritildi.

Mazkur xabarnoma asosida har oyning 5 sanasigacha mazkur daromaddan 12% miqdorda daromad solig‘i to‘lanadi.

Agar soliq to‘lanmasa to‘lov muddatidan keyingi kundan boshlab har bir kun uchun 0,045 foiz miqdorida penya hisoblanadi.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibiga rioya etmaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1591-moddasiga asosan eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring