Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kuba yangi konstitutsiya qabul qiladi

Kuba yangi konstitutsiya qabul qiladi

Foto: «Msk.kprf.ru»

Kuba xalq hokimiyati milliy assambleyasi (bir palatali parlament) kecha, 22-iyul kuni mamlakat yangi konstitutsiyasi loyihasini tasdiqladi. «TASS» xabar qilishicha, hujjat bir ovozdan qabul qilingan.

Shu yilning 13-avgustidan 15-noyabrigacha konstitutsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, unda millionlab kubaliklar ishtirok etadi. Keyin yana parlament tahriridan o‘tib, yil oxirida umumxalq referendumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yangi konstitutsiyadan maqsad shuki, amaldagi konstitutsiya qabul qilingan 1976-yildan beri Kubada jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar yuz berdi. Loyiha ustida shu yil aprelida iste’foga chiqqan mamlakatning 87 yoshli rahbari Raul Kastro boshchiligidagi komissiya ish olib bordi.

Konstitutsiyaga kiritiladigan jiddiy o‘zgarishlar sifatida xususiy mulkchilikning paydo bo‘lishi, prezident va bosh vazir lavozimlarining ta’sis etilishi, davlat rahbari lavozimida ikki muddat (har biri besh yildan)dan ortiq qolishning cheklanishi kabilarni sanab o‘tish mumkin.

Biroq bir jihat yangi konstitutsiyada o‘zgarishsiz qoladi — davlat sotsialistik xususiyatini, kommunistik partiya jamiyat hayotida yetakchi maqomini saqlab qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring