Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuchlar muvozanati: 3+1 hokimiyat

Kuchlar muvozanati: 3+1 hokimiyat

Foto: «XS.uz»

Ma’lumki, hokimiyat mamlakatimizda rasman 3 turga ajratilgan: qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyatlari. Norasmiy tarzda OAVni «to‘rtinchi hokimiyat» deb ataymiz. Bundan bir necha yillar avval mamlakatimizda bir-birini tiyib turuvchi kuchlarning muvozanati haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Hozirga kelib Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslari bilan bu haqda fikrlashlarga turtki berildi. Shavkat Miromonovich ko‘p nutqlarida qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillarini faollikka chorlayapti, ijro hokimiyatini xalq bilan yaqin bo‘lib ishlashga da’vat qilsa, sud hokimiyatidan adolatli qarorlar kutyapti. Norasmiy hokimiyat sanalmish OAVdan jamiyatdagi muammolarni qolgan 3 hokimiyatga xolis yetkazish borasidagi muhim qadamlar tashlashlaridan umidvor.

Xo‘sh, bu vaziyatda qaysi hokimiyat vakillarida haqiqiy o‘zgarishlarni kuzatyapmiz? Menimcha, hech qaysi birida. Ijro hokimiyatidagi o‘zgarishlar ijobiy kayfiyat qoldirayotgandek, lekin bu o‘zgarishlar Prezidentning qat’iyat bilan talab qilayotgani natijasida majburlikdan qilinayotganligi bilinib qolyapti. Qonun chiqaruvchilarda nega hamon jimlik? Sud hokimiyatida ham o‘zgarishlarni sezmayapmiz.

Yaqinda «Xabar.uz»da chop etilgan maqolada ijro hokimiyatida ishlashdagi muammolar tahlil qilingandi. Xuddi shunday vaziyat qonunchilik hokimiyati uchun ham o‘rinlidir. Haqiqatan ham, Oliy Majlis deputatining oylik maoshi 1,5 mln. so‘m atrofida bo‘lsa, xizmat uyi bilan ta’minlangan bo‘lsa ham, kommunal to‘lovlarini o‘zi to‘laydi. Oilasini Toshkentga ko‘chirib keladigan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ini ishga joylash ham o‘z gardanida. Buning ustiga Toshkent shahrida 1,5 millionga yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Deputat boshqalarga o‘hshab qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatidan mahrum. Deputatlar huquq, burch va imtiyozlari haqida quyidagi maqoladan ma’lumot olishingiz mumkin. Mayli, tirikchilik muammolari kimda yo‘q ham deylik. Endi u xizmatchilik yuzasidan ijro hokimiyati vakillari ustidan nazorat o‘rnatishi kerak. Prinsipiallik qilib, ish rivoji uchun turli darajada bosim o‘tkazishi kerak bo‘lgan vaziyatda unga qanday qo‘llov bor deb o‘ylaysiz? Ertadan keyin muddati tugab, eski ish joyiga, viloyatiga qaytsa yana o‘sha ijro hokimiyati qo‘liga tushadimi? Bir paytlar (deputatlik vakolatiga ega bo‘lgan davrlar)dagi «jonbozligi» uchun «javob» berdirmasliklariga kafolat bormi? Mayli, bir jonkuyar deputatimiz shularni ham o‘ylamaydi deylik.

Prezidentning da’vatlaridan ruhlanib o‘z vakolatlaridan unumli foydalangan holda jo‘shqin faoliyatini boshladi ham deylik. U qayergacha bora oladi? Biror qonunni ishlab chiqib, uni oldin fraksiya, keyin yalpi yig‘ilishdan eson-omon o‘tkazib olishiga qanchalik kafolat bor. Ishning ixtiyoriy bosqichida o‘zidan qo‘rquvchi hamkasblari, yuqoriroq kursini egallagan vakillari xalaqit berib, ishni chappasiga aylantirib qo‘yishi ham ehtimoldan yiroq emas. Chet elda ham deputatlarning bunday kurashlari bor-ku dersiz? Haqsiz, o‘zi shunday ham bo‘lishi kerak (manfaatlar to‘qnashuvi), agar barcha deputatlar o‘z saylovchilari auditoriyasi huquqlarining himoyasiga otlangan bo‘lsa. Lekin bizdagi deputatlarning aksariyati taqdir taqozosi bilan (yurak mayli, aniq maqsad bilan emas) bu kursiga o‘tirib qolganga o‘hshaydi. Bir amallab muddatni tugatsa-yu, biror yog‘li joyga o‘rnashib olsa. Agar qonunchilik palatasi deputatidan haqqoniy, jon kuydirib ishlashini talab qilsak, unga Toshkent shahrida tirikchilikni o‘ylamaydigan darajada ish haqi, maosh bilan ta’minlangan yordamchilar hamda deputatlik faoliyatini yakunlagach, ish bilan kafolatli ta’minlash kabi imtiyozlarni beraylik.

Sud hokimiyati vakillarining ham daxlsizligi (moddiy, ma’naviy tomondan) qanchalik ta’minlangan? Beriladigan maosh ularning vakolatiga qanchalik mutanosib? Korrupsiyaga yetaklovchi omillardan o‘zini uzoq tutishga qanchalik motivatsiyalangan? Muqarrar jazo bilangina korrupsiyadan tutib bo‘lmaydi. Vijdonsizi bo‘lsa yo‘lini topadi, vijdonlisi esa jimgina bu vazifadan voz kechib qo‘yaqoladi.

To‘rtinchi hokimiyat vakillariga ham oson emas. Davlatga qarashli OAVlar bosh muharrirlar bilan jilovlangan bo‘lsa, nodavlat OAVlar ijro hokimiyati, kuch ishlatar tizimlarning ehtimoliy bosimi ostida faoliyat ko‘rsatadi. Hozirgi vaqtdagi ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanganligi, mamlakatdagi birinchi shaxsning bu sohalarga qattiq e’tibori biz birgalikda kuzatib turgan erkinlik, oshkoralik shabbodasini estirib turibdi. Lekin bu shabbodaning to‘xtab qolmasligi, aksincha shamolga aylanib jamiyatdagi sassiq illatlardan tozalab turishi uchun nima qilishimiz kerak?

Umuman olganda, kuchlar muvozanati jamiyatimiz, yurtimiz ravnaqi uchun ishlashiga qanday erishamiz? Hurmatli Prezidentimizning oliy maqsadi ham shunday bo‘lsa kerak, menimcha. Birdaniga barcha sohada keng qamrovli o‘zgarishlar qilish oson emas. Lekin, shu yildan boshlab shu to‘rt hokimiyat vakillari bir-birini tiyib turish yo‘lida harakatlarini boshlashi kerak. Biz esa bunday o‘zgarishlar bo‘lishi uchun o‘zimizni o‘zgartiraylik, shunday zamonda yashashga munosib bo‘lishga intilaylik. O‘z sohamizning mutaxassisi bo‘lib, atrofimizdagi salbiy illatlarga befarq bo‘lmaylik.

Erkinjon Karimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring