Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayti ishlamayotgan, logotipi «Boeing»dan o‘g‘irlangan tashkilotni bilasizmi? U O‘zbekistonda!

Sayti ishlamayotgan, logotipi «Boeing»dan o‘g‘irlangan tashkilotni bilasizmi? U O‘zbekistonda!

«Boeing» kompaniyasining rasmiy ramzi (logotipi)

Foto: «Aviationcv.com»

Internet asrida yashayapmiz. Hozir ko‘pchiligimiz o‘zini qiziqtirgan axborot va ma’lumotlarni mazkur xalqaro tarmoqdan izlaymiz, topamiz. Topmaganimizda esa xunob bo‘lishimiz tayin. Shu bois o‘zini hurmat qilgan tashkilot va idora borki, internetda rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlarda esa rasmiy sahifalariga ega. Bu iste’molchilarni hurmat qilish, tashkilot imijini yaratish demakdir. Prezident Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishining belgisidir.

O‘zbekistonda aholining 15 milliondan ortig‘i internetdan faol foydalanmoqda. Shunga yarasha mamlakatimizda onlayn xizmat turlari ortib borayapti. Ammo haligacha rasmiy saytini risoladagidek yo‘lga qo‘ya olmagan, ustiga-ustak, ijtimoiy tarmoqlardagi audtoriya bilan ishlamayotgan idoralar talaygina. O‘zbekiston rahbari respublikadagi barcha vazirlik, tashkilot va muassasalarning rahbar-xodimlariga xalq ichiga kirib borish, odamlarga yaqinroq bo‘lishga undab turgan bir paytda bu mutlaqo tushunib bo‘lmaydigan holat.

Shu bois bugundan e’tiboran idoraviy sayti faoliyatini to‘g‘ri tashkil etolmayotgan, onlayn auditoriyadan ancha uzoq tashkilotlar haqida ma’lumot berib borishga, bu bilan ularga oyna tutishga qaror qildik. Maqsadimiz buning ahamiyatini mutasaddilarga bildirish va ish sifati oshishiga sababchi bo‘lish xolos. O‘ylaymizki, bizning kuzatuvlarimiz doirasiga tushadigan tashkilotlar tanqidlarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi.

Ushbu turkumdagi izlanishni O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy saytidan boshlamoqchi bo‘ldik. Sayt yaqin uch-to‘rt yilda o‘zgartirilmagani, mutlaqo eskicha shablonda faoliyat yuritayotgan edi. Ushbu maqolani yozish arafasida sayt manzilini tersak, ekranda quyidagi surat paydo bo‘ldi:

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy saytidan skrinshot
Foto: «Xabar.uz»

Sayt yangilanayotgani bizni quvontirdi, biroq uning aynan qachon ishga tushishi haqida xabar berilmagani taajjubli. Hech bo‘lmasa «saytimiz tez orada ishga tushadi, yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘raymiz», qabilida e’lon berilganda ham boshqa gap edi.

Oxirgi kirganimizda saytning holati juda achinarli holatda edi. Ammo endi bu haqda gapirish mantiqsizlik. Yangilangan sayt ishga tushgach, bu haqdagi taassurotlarimizni bayon etarmiz.

Mavzuni o‘rganish jarayonida va maqolaga surat  izlayotib, ittifoqo qiziq bir narsaning ustidan chiqib qoldik. Biz O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy belgisi deb biladigan logotip aslida dunyoga mashhur «Boeing» kompaniyasining logotipi bo‘lib chiqdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bilishimizcha, tashkilot ramzi 2006-yilda tanlangan. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, hech kim bu masalaning tagiga yetmagan. Yoki kimlardir bu haqda aytgan bo‘lsa ham mutasaddilar bunga e’tibor qilmagan yoxud yopiqlik qozon yopiqligicha qolishini afzal bilgan.

Afsuski, bu fondning imijiga, nafaqat bu tashkilot, balki butun O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga soya soluvchi ishdir. Ertaga «Boeing» mualliflik huquqi buzilgani uchun fondni sudga bersa, ana ko‘ring tomoshani. O‘zi keyingi paytda ko‘chirmachilik haqidagi xabarlar bolalab qoldi. U ilgarigi vaqtlar edi qayerdandir nimanidir o‘g‘irlashsa, birov bilib, biroq bilmay qoladigan. Bugungi tezkor zamonda bu kabi ishlarning qiyig‘i ko‘pga bormay aniqlanayapti. O‘ylaymizki, mutasaddilar bu so‘zlarimizdan to‘g‘ri xulosa qilishadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish maqsadida uzoq tumanlarda 2 ming kilometr optik tolali aloqa tizimlari qurish, Internet o‘tkazuvchanligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ortiq tayanch mobil aloqa stansiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar natijasida 600 dan ziyod aholi punkti Internet va mobil aloqa bilan ta’minlanadi. Mana shu raqamlarning o‘zi ham davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, xo‘jaliy yurituvidagi sub’yektlar, umuman, xalqqa xizmat qilayotgan barcha idoralarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lmog‘i, ularni elektron xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga, rasmiy sayt faoliyatini zamonaviy talablar darajasida shakllantirishga, buning uchun malakali mutaxassislarni ishga olishga undashi zarur deb hisoblaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring