Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

London fond birjasiga ilk bor milliy valyutada obligatsiyalar joylashtirildi

London fond birjasiga ilk bor milliy valyutada obligatsiyalar joylashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi London fond birjasiga 555 mln. dollar va 2 trln. so‘m miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 750 mln. AQSh dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar ikki transhda – 10 yillik muddat bilan AQSh dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida chiqarildi va London fond birjasiga joylashtirildi.

Joriy yilning 19 noyabr kuni moliyaviy konsultantlarning investorlarning takliflariga asoslangan tavsiyasiga ko‘ra, xalqaro obligatsiyalarning boshlang‘ich foiz stavkalari mos ravishda, dollarda 4,25% atrofida va so‘mda 15.25% atrofida belgilanib, London vaqti bilan soat 09:00da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilingan edi.

Buyurtmalar hajmi ikki soat ichida dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun mos ravishda, 1,6 mlrd. dollar va 1,9 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 3,875% va 14,75% ga tushirildi.

AQSh bozorlari ochilgach, buyurtmalar hajmi oshishda davom etib, mos ravishda, 3,8 mlrd. dollar va 5 trln. so‘m maksimal qiymatga yetib bordi hamda foiz stavkalarini yana tushirish uchun imkoniyat yaratdi.

Savdo yakunlari bo‘yicha, xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari quyidagicha belgilandi:

- 10 yillik AQSh dollari transhi: 555 mln. dollar 3,70% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,55% past);

- 3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2 trln. so‘m 14,50% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,75% past).

Moliya vaziri Timur Ishmetov O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutamiz so‘mda 2 trillion so‘m hajmida suveren obligatsiyalar London fond birjasida joylashtirilganini katta yutuq deb baholadi va bu o‘zbek so‘mining moliya bozorlarida o‘z o‘rnini topishida dadil qadam bo‘lishiga umid bildirdi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalarning joylashtirilishidan kelib tushadigan mablag‘lar budjet defitsitini qoplash hamda O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshiriladigan ayrim loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring